DIPLOMATIYA – DO‘STLIK VA HAMKORLIKDA YASHASHNING AZALIY MEZONI

(“O‘zbekiston diplomatiyasi tarixi”[2] kitobini o‘qiganda tug‘ilgan mulohazalar)

 

“Qadimdan mamlakatimiz hududida diplomatiya an’analari shakllangan, ajdodlarimiz yaqin va uzoq xorij bilan do‘stlik va hamkorlikda yashashga intilganlar”[1].

 

Shavkat MIRZIYOEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 Xalqimiz, yurtimiz, milliy davlatchiligimiz uch ming yildan ortiq qadimiy va boy tarixga ega. Afsuski, chor mustabid tuzumi va sho‘rolar mustamlakachiligi zamonlarida biz uchun tariximizni “boshqalar” yozdi. Oqibatda Vatanimiz tarixi bir tomonlama va sinfiy yondashuv asosida nohaqu noxolis yoritilgani yetmagandek, o‘tmishimiz sahifalarida uzoq yillar davomida o‘rganilmagan “oq dog‘lar” paydo bo‘ldi.

Shukrki, 1991-yil 31-avgustda O‘zbekiston mustaqilligi parlament yo‘li bilan e’lon qilingach, hayotimizning boshqa sohalari qatori milliy tariximizga munosabat borasidagi qarashlarda ham obyektiv va asl haqiqatlar o‘zaniga qaytildi. Keyingi yillarda ishonchli birlamchi manbalar asosida “O‘zbekiston tarixi” ko‘pjildligini nashr etish yo‘lga qo‘yilgani ayni yo‘nalishdagi  izchil ilmiy-ma’rifiy izlanishlar Yangi O‘zbekiston voqeligiga mos tarzda yanada yuqori bosqichga chiqayotganidan dalolat beradi.

Xususan, 2022-yilda chop etilgan “O‘zbekiston diplomatiyasi tarixi” kitobi “O‘zbekiston tarixi” ko‘pjildligining VII jildi hisoblanadi. Kitob O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018-yil yanvarda O‘zbekiston diplomatlari bilan uchrashuvda aytilgan takliflariga amaliy javobdir.

O‘zbekiston diplomatiyasi tarixi haqida kitob chop etilgani – katta siyosiy voqea. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “bizning milliy davlatchiligimiz necha ming yillik qadimiy tarix va boy madaniyatga ega. Binobarin, diplomatik munosabatlar ham tariximizning eng chuqur qatlamlariga borib taqaladi. Bu haqiqat nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo olimlari tomonidan keng e’tirof etilgan[3].

Shu nuqtayi nazardan, bir kitobda qadimgi O‘zbekiston hududidagi diplomatiya tarixidan to hozirgi kungacha bo‘lgan 3 ming yildan ortiq davr qamrab olingani e’tiborga loyiq. Kitob mualliflarning katta bir jamoasi tomonidan yozilgan. Asosiy mualliflar soni 10 nafardan iborat bo‘lib, ularning barchasi o‘z sohasining yirik mutaxassislari, ko‘zga ko‘ringan olimlardir. Bundan tashqari kitobda yana 10 nafardan ortiq olim taqdim etgan materiallardan foydalanilgan. Shu ma’noda, mazkur kitob – olimlar va amaliyotchi diplomatlarning o‘zaro hamkorligi mahsuli hisoblanadi.

Janr nuqtayi nazaridan, ushbu kitobni monografik darslik-xrestomatiya, deb ta’riflash mumkin. Kitobning qanday o‘ziga xos xususiyatlari bor?

Birinchi xususiyati. Kitobni yozishda mualliflar sivilizatsiyaviy metodologiyaga asoslangan. Bunda yaqin yillargacha hukmron bo‘lgan sinfiy-formatsiyaviy yondashuv – o‘ta siyosiylashgan uslubdan asosli ravishda voz kechilgani juda muhim.

Ikkinchi xususiyati. Kitob metodologik jihatdan puxta va asosli yozilgani bilangina emas, balki o‘quv-uslubiy nuqtayi nazardan ham yangicha yondashuvi bilan ajralib turadi. Har bir bob yakunida tegishli tarixiy davr bo‘yicha yozilgan birlamchi qo‘lyozma va tarixiy manbalar hamda eng muhim adabiyotlar ro‘yxati keltirilgan. Har qaysi mavzu bo‘yicha glossariy, ya’ni asosiy tushunchalar ham berilgan. Shu tariqa kitobda foydalanilgan jami tarixiy manba va adabiyotlar soni – 752 ta, maxsus adabiyotlar – 73 ta hamda izoh berilgan asosiy tushunchalar soni 272 tani tashkil etadi. Albatta, bunday ilmiy-tarixiy va amaliy yondashuv mavzuni o‘zlashtirishda muhim rol o‘ynaydi.

Uchinchi xususiyati. Kitobda o‘zbek diplomatiyasining o‘ziga xos jihatlarini yaqqol namoyon etuvchi diplomatik yozishmalar, shartnomalar, ishonch yorliqlari, farmonlar, noyob tarixiy faksimiliyelar, devoriy suratlar va tarixiy mozaikalar (foliantlar va freskalar), miniatyuralar, xaritalar, qo‘lyozma asarlar namunalari keltirilgan. Bunday yondashuv O‘zbekiston diplomatiyasi tarixini ishonchli va jonli yoritishga asos bo‘lgan.

To‘rtinchi xususiyati. Mustaqil O‘zbekiston diplomatiyasini aks ettiruvchi konstitutsiyaviy hujjatlar, qonunlar hamda Tashqi ishlar vazirligi depozitariysida saqlanadigan muhim xalqaro-huquqiy hujjatlarning mazmuni va parchalari ushbu kitobdagi xrestomatik materiallarni tashkil etadi. Bu hujjatlar O‘zbekiston diplomatiyasi ma’no-mohiyatini aniq tarixiy va amaliy – hayotiy jihatdan qabul qilishda, teran tushunib olishda muhim vosita vazifasini bajaradi.

Beshinchi xususiyati. Mualliflar O‘zbekiston diplomatiyasi tarixi bo‘yicha, ayniqsa, turli tarixiy davrlarga xos xorijiy hujjatlar va taniqli chet ellik tarixshunos olimlarning asarlaridan keng foydalangan. Shu bilan birga, YUNESKO shafeligida tayyorlangan va chop etilgan “Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi tarixi” nomli 6 jildlik fundamental tadqiqot mualliflar e’tiboridan chetda qolgan.

Oltinchi xususiyati. O‘zbek diplomatiyasining eng qadimgi davrdan boshlab to hozirgi kungacha bo‘lgan ulkan tarixini muayyan davrlarga bo‘lib yoritishda izchil tarixiy-tizimli, qiyosiy va mantiqiy metodlar asosida, har tomonlama (kompleks) yondashilgan. Shu nuqtayi nazardan, ushbu kitob O‘zbekiston tarixi fanining va diplomatiyasining hozirgi holatini o‘zida aks ettiradi. 

Yettinchi xususiyati. Kitobning mohiyatan yuksak g‘oyaviy mazmuni barkamol yosh avlodni, ayniqsa, talaba va navqiron diplomatlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida fundamental ahamiyatga molikdir.

Sakkizinchi xususiyati. Monografiyada diplomatiya tarixi, tashqi siyosat tarixi, xalqaro munosabatlar tarixi, umumiy tarixning o‘zaro uzviy bog‘liqligi hamda ulardan har birining o‘ziga xos xususiyatlari ishonarli ochib berilgan. Bunda mualliflar tarixiy davomiylik va vorisiylik prinsipiga qat’iy amal qilganlari tahsinga sazovor.

To‘qqizinchi xususiyati. Kitobni o‘qishda va uqishda uning ravon hamda tushunarli tili o‘quvchida ijobiy taassurot qoldiradi.

O‘ninchi xususiyati. Mualliflar Buyuk ipak yo‘li diplomatiyasining xususiyatlari, tarixiy va amaliy ahamiyatini ishonarli tarzda,  dalillarga asoslangan holda yoritgan. Shuni ham ta’kidlash joizki, bunday yondashuv jahon tarixshunosligida uchramaydi. Vaholanki, Buyuk ipak yo‘li mavzusi bo‘yicha juda ko‘p asarlar yozilgan va chop etilgan.

Kitobni mamnuniyat hissi bilan sinchiklab mutolaa qilish asnosida uning o‘ziga xos fazilatlari kaminani rom etdi. Bu omil, o‘z navbatida, ayrim takliflarni ilgari surishga ham turtki bo‘ldi.

Birinchi taklif – ushbu kitob O‘zbekiston diplomatiyasi tarixiga bag‘ishlangan ilk fundamental asar yaratish yo‘lidagi samarali ilmiy urinish ekani tushunarli. Bu borada erishilgan yutuqlar e’tiborga loyiq va sohada yechimini kutib turgan muammolar ham talaygina. Shuning uchun kitobning qayta ishlangan va to‘ldirilgan yangi nashrini tayyorlash maqsadga muvofiqdir.

Ikkinchi taklif – kitobning ikkinchi nashrini ham lotin, ham kiril imlolaridagi o‘zbek alifbosida chop etish lozim. Shu bilan birga, kitob nafaqat o‘zbek tilida, balki ingliz, rus tillarida nashr qilinishi hamda keng tarqatilishi ayni muddaodir.

Uchinchi taklif –  kitobning ikkinchi nashrini tayyorlashda yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish talab etiladi. Jumladan, kitob matnining “kompakt-disk” ilovasini ham yaratish davr taqozosidir.

To‘rtinchi taklif – kitobning tuzilishi, ya’ni mundarijasini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq. Xususan, birinchi bob sifatida “Diplomatiya tushunchasi, taraqqiyoti va ahamiyati” degan yangi nazariy bobni qo‘shish taqozo etiladi. Bunday bobni tayyorlashda professor Goga Hidoyatovning “Diplomatiya” nomli fundamental kitobidan foydalanish o‘rinlidir.

Beshinchi taklif – Prezident Sh.M.Mirziyoyev metodologiyasi asosida ikkinchi bobni nomlashda “Birinchi musulmon Renessansi” (nemis olimi Adam Mes ta’rifi) va uchinchi bobni nomlashda “Temuriylar Renessansi” (fransuz olimi Vensent Furniyo ta’rifi)  tushunchalari negizida fikr yuritish darkor.

Oltinchi taklif – kitobga yana bir yangi bob qo‘shilsa, to‘g‘ri bo‘lardi. Shu yangi bobni “Yangi O‘zbekiston diplomatiyasi va Uchinchi Renessans”, deb nomlagan ma’qul.

O‘zbekiston diplomatiyasi tarixiga bag‘ishlangan kitob mazmun-mundarijasi bo‘yicha bildirgan ayni takliflarimizning ayrimlari yuzasidan ba’zi fikr-mulohazalarga batafsilroq to‘xtalishga jazm etdik. Negaki, O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, “davlatimiz manfaatlarini himoya qilayotgan, tashqi siyosatimizni amalga oshirishda muhim o‘rin egallaydigan, mamlakatimizning xalqaro maydondagi yuzi bo‘lgan[4] diplomatlarga oid ushbu asarda nozik kasb egalarining faoliyati teran va qamrovdor, ochiq va tushunarli tahlil hamda talqin etilishi har tomonlama foydali, degan fikrdamiz.

Shunday qilib, avvalo, kitobning yangi, o‘zgartirilgan va to‘ldirilgan ikkinchi nashrini imkon qadar qisqa fursatlarda nashrga tayyorlash va chop etish talabi qayerdan kelib chiqmoqda?

Gap shundaki, O‘zbekiston Prezidenti Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faoliyatiga bag‘ishlab 2018-yil 12-yanvarda o‘tkazgan tarixiy uchrashuvdagi nutqida O‘zbekiston diplomatik korpusining mamlakatimiz manfaatlarini xalqaro miqyosda qat’iy himoya qilish borasidagi asosiy vazifalarini belgilab berdi. Shulardan ayrimlariga to‘xtalamiz.

Birinchidan. Davlatimiz rahbari uqtirganidek, “Elchining xalq, Vatan oldidagi burchi va vazifasi, uning kasb malakasi, ma’naviy dunyosi haqida gapirganda, avvalo, bugungi o‘zbek diplomati, elchisi qanday xususiyat va fazilatlarga ega bo‘lishi kerak, degan savol tug‘iladi[5]. Shunday ekan, kitobning yangi nashriga kiritilajak Yangi O‘zbekiston diplomatiyasi va Uchinchi Renessans” nomli bobda, jumladan, Yangi O‘zbekiston o‘zbek diplomati va elchisiga xos xususiyat va fazilatlar ochib berilishi kerak, deb o‘ylaymiz.

Ikkinchidan. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Bizning ajdodlarimiz orasidan mashhur va mohir diplomatlar, elchilar yetishib chiqqani haqida ko‘plab tarixiy ma’lumotlar mavjud. Dunyodagi diplomatiyaga oid eng zo‘r kitoblar ham aslida Sharqda, jumladan, bizning zaminimizda yaratilgan, desak, adashmagan bo‘lamiz[6]. Binobarin, kitobning “Diplomatiya tushunchasi, taraqqiyoti va ahamiyati” degan yangi bobida shu ma’lumotlar keng, teran va aniq tarzda berilishi, shuningdek, mashhur diplomatlar haqida ma’lumotlar aks ettirilishi lozim, nazarimizda.

Uchinchidan. Prezident Sh.M.Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari faoliyatini tanqidiy o‘rganish va tubdan takomillashtirish istiqbollari haqida ham to‘xtaldi. Davlatimiz rahbari alohida qayd etganidek, “Vazirlik va unga qarashli muassasalarda tashkiliy-shtat tuzilmasini takomillashtirish, ularning faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarur[7].

Shu ma’noda, “O‘zbekiston diplomatiyasi tarixi” kitobining qayta ishlangan va to‘ldirilgan ikkinchi nashrini tayyorlashda zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanilishi taqozo etiladi. Chunki:

birinchidan, kitobning hozirgi hajmi 534 betdan iborat bo‘lib, bo‘lajak diplomatlar – zamonaviy yoshlar mutolaa qilishi uchun noqulaylik tug‘diradi;

ikkinchidan, Yangi O‘zbekiston sharoitida Internetning ma’lumotlarni yetkazish borasida yangidan yangi va samarador imkoniyatlari kashf etilmoqdaki, ulardan o‘z o‘rnida foydalanish farzu qarz.

Yana bir omil: O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 8-oktyabr kuni Parij shahridagi YUNESKO bosh qarorgohida ushbu tashkilot Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashuvida “Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi tarixi” nomli 6 jildli monografiyani o‘zbek tiliga tarjima qilish g‘oyasi ma’qullangandi. Ushbu salmoqli asarni yozishda taniqli o‘zbek olimlari ham ishtirok etgan. Shuningdek, asarning to‘rtinchi jildida Amir Temur saltanati va temuriylar davri tarixi, madaniyati, san’atiga katta o‘rin berilgan. Shuning uchun mazkur ko‘p jildli fundamental monografiyaning o‘zbek tiliga tarjima qilinishi va nashr etilishi katta ahamiyatga ega bo‘lib, undagi o‘zbek diplomatiyasiga oid ma’lumotlardan kitobning yangi nashrini tayyorlashda samarali foydalanish muhim, deb hisoblaymiz.

Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekiston diplomatiyasi tarixi” kitobida o‘zbek diplomatiyasining qadimgi zamonlardan boshlab bugungi kungacha – mustaqil O‘zbekiston diplomatiyasi shakllanishi va taraqqiy etishigacha bo‘lgan davri tizimli ravishda ochib berilgani e’tibor va ehtiromga munosibdir.

Ayni chog‘da ushbu kitobda, bir tomondan, o‘zbek diplomatiyasining teran tarixi yanada aniq va chuqur ifoda etilishi uning qiymatini oshiradi. Ikkinchi tomondan, bugungi elchilarimiz Yangi O‘zbekiston ochiq, amaliy va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini xorijiy mamlakatlarning keng jamoatchiligiga yetkazish bo‘yicha muntazam ish olib borayotganligi haqidagi ibratli misollar zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘quvchiga yetkazilishi ushbu kitobning ahamiyatini yanada kuchaytirishi tayin.

 

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi, akademik

 «Xalq so‘zi» gazetasining 2025-yil 14-fevral kungi 32 (8927)-soni

 

 

 

[1] Mirziyoyev Sh.M. Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. 2-nashri. – Toshkent: “O‘zbekiston”, 2020. – B.282.

[2] Qarang: O‘zbekiston diplomatiyasi tarixi. VII jild/ Mas’ul muharrir A.X.Kamilov;  Jamoa. – Toshkent: “Ma’naviyat”, 2022. 536 b.

[3] Mirziyoyev Sh.M. Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishdagi nutq: 2018-yil 12-yanvar// Mirziyoyev Sh.M. Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. 2-nashri. – Toshkent: “O‘zbekiston”, 2020. – B.281.

[4] Mirziyoyev Sh.M. Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishdagi nutq: 2018-yil 12-yanvar// Mirziyoyev Sh.M. Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. 2-nashri. – Toshkent: “O‘zbekiston”, 2020. – B.297.

[5] Mirziyoyev Sh.M. Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishdagi nutq: 2018-yil 12-yanvar// Mirziyoyev Sh.M. Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. 2-nashri. – Toshkent: “O‘zbekiston”, 2020. – B.281.

[6] O‘sha joyda.

[7] O‘sha manba. – B.290.

Powered by GSpeech