Islom dini – tinchlik va do‘stlik, ahillik va birdamlik, bilim va ma’rifat dini

 

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi davriy nashri – “Iste’mol madaniyati” gazetasining 2025-yil 27-mart sonida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh yuriskonsulti Rustam Atovulloyevning maqolasi chop etildi. Ushbu maqola “Islomofobiya – irqchilik kabi illat” deb nomlangan.

Muallif ta’riflaganidek, islomofobiya – islom dini va musulmonlarga nisbatan asossiz qo‘rquv, nafrat, kamsitishni anglatadigan illat bo‘lib, ba’zida  qo‘rqitish yoki ta’qib qilish shaklida ham namoyon bo‘ladi. So‘nggi yillarda uning tobora keng tarqalayotgani ayanchlidir.

Maqolada, shuningdek, turli din va madaniyat vakillari o‘rtasida hamkorlik va o‘zaro muloqotni rivojlantirish zarurligi alohida ta’kidlangan. Bunda G‘arb davlatlari va musulmon mamlakatlari o‘rtasida madaniy muloqotni kuchaytirish, jamiyatda turli din va fikrlarga hurmat bilan yondashish ruhini singdirish, dindor odamlarni radikallar bilan adashtirmaslikni targ‘ib qilish muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda, 2024-yil 15-mart kuni BMT Bosh Assambleyasining islomofobiyaga qarshi kurashish choralarni o‘z ichiga olgan rezolyutsiyasi qabul qilingani ushbu yo‘nalishda katta qadam bo‘ldi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda vijdon erkinligini va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratilgan bir qator islohotlar hamda chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021-yilda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Mazkur qonun bilan diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish tartibi soddalashtirildi, dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish belgilandi.

Ushbu sohadagi islohotlarning davomi sifatida “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonunni keltirish mumkin. Konsepsiyaning 8-bandida qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratishdan, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashishdan, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlashdan, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat.

Maqola muallifining fikricha, bugungi kunda islomofobiya jahon hamjamiyati oldida turgan eng yirik muammolardan biridir. Uning tahdidi faqat musulmonlar bilan cheklanib qolmay, balki butun jamiyatlar, hattoki davlatlarga ham zarar yetkazadi. U sababli turli millat va dinga mansub odamlar bir-biridan uzoqlashadi, jamiyatda nafrat kuchayadi, tinchlik buziladi.

O‘z navbatida, islom dini va musulmonlar haqida noto‘g‘ri tasavvurlardan xalos bo‘lish uchun ta’lim tizimini yanada rivojlantirish kerak. Maktab va universitetlarda islom madaniyati va sivilizatsiyasi, islom dinining haqiqiy mohiyati haqida xolis ma’lumot berishni yo‘lga qo‘yish zarur. Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Islom dini – avvalo, tinchlik va do‘stlik, ahillik va birdamlik, bilim va ma’rifat dinidir. Mana shu oliy haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz lozim”.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech