Kun tarixi: siyosiy mahbuslarni chetlab o‘tgan “Beriya amnistiyasi”

Bundan roppa-rosa 72-yil avval, ya’ni 1953-yil 27-mart kuni sobiq SSSRda keng miqyosli amnistiya e’lon qilingan. Lekin uning siyosiy mahkumlarga daxli bo‘lmagan.

Dastavval sobiq SSSR Oliy soveti Prezidiumining bu haqdagi tegishli farmonini imzolagan rasmiy shaxs bilan bog‘lab – “Voroshilov amnistiyasi”, keyinchalik uning tashabbuskori nomi bilan – “Beriya amnistiyasi” sifatida xalq orasida dong qozongan bu hujjat sobiq Ittifoq tarixida eng ko‘p mahkumlarga ozodlik berilgan o‘ta yirik amnistiya akti hisoblanadi. Unga ko‘ra, 1 million 201 ming 738 nafar, boshqa manbalarga qaraganda, 1 million 349 ming 263 nafar shaxs ozodlikka chiqarilgan.

Aksariyat tarixchilar tomonidan mazkur amnistiya bevosita Stalinning o‘limidan keyingi “iliq epkin”lar natijasi sifatida talqin etilgan. Agar Iosif Stalin 1953-yil 5-martda jon berganidan keyin 22 kun o‘tib – 27-martda ushbu amnistiya e’lon qilingani nazarda tutilsa, bunday taxmin asoslidek tuyuladi.

Qolaversa, Stalin o‘lgan kuniyoq sobiq SSSRning “kattakon”lari o‘tkazgan qo‘shma majlisda Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi vazirligi birlashtirilib, yangi Ichki ishlar vazirligiga asos solingan hamda unga vazir etib Lavrentiy Beriya tayinlangan. Beriya amnistiya to‘g‘risidagi farmon loyihasini tushuntirishnoma bilan birga 1953-yil 26-mart kuni sobiq KPSS Markaziy qo‘mitasi Prezidiumiga taqdim etgan, ya’ni o‘sha mashhur amnistiya aktining asosiy tashabbuskori bo‘lgan.

Yangi vazir sifatida Beriya bunga qadar, 1953-yil 13-martda “vrachlar ishi”, “aviasozlar ishi”, “sobiq xavfsizlik xizmati xodimlari ishi” kabi yirik ayblov kampaniyalari doirasida turli jazolarga duchor etilgan shaxslarning ishlarini qaytadan ko‘rib chiqish uchun tergov guruhi tuzgan. Mash’um GULAG deb ataluvchi qamoqxonalar boshqarmasi Ichki ishlar vazirligi bo‘ysunuvidan chiqarilib, Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishiga erishgan.

Boshqa bir taxminga ko‘ra esa, 1953-yili sobiq Ittifoqning qamoqxonalar tizimida yuzaga kelgan qaqshatqich inqiroz ana shunday qamrovdor amnistiya e’lon qilinishiga turtki bo‘lgan. Nega deganda, bir tomondan, mahkumlarning majburiy mehnatidan keladigan foyda hajmi nihoyatda oz – bunday mehnat deyarli samarasiz bo‘lsa, boshqa tomondan, juda ko‘p sonli jazoni o‘tash muassasalaridagi millionlab mahkumlarni boqish, kiyintirish, qo‘riqlash va hokazo yumushlarning barchasi katta miqdordagi sarf-xarajatlarni talab qilgan.

Boz ustiga, 1950-yillar boshiga kelib qamoqxonalar miqdori va ulardagi mahkumlar soni yomg‘irdan keyin chiqqan qo‘ziqorinlardek nihoyatda ko‘payib ketgan. Oqibatda ularning ustidan tegishli qat’iy nazoratni amalga oshirish anchayin muammoga aylangan.

Shu ma’noda, 1953-yil 27-martdagi qamrovdor amnistiya qamoqxonalar yukini yengillatish yo‘lidagi bir martalik tadbir  emasdi. Lekin, 1953-1960-yillar mobaynida davom etgan GULAG ishini qayta tashkil etish jarayonlari kam samarali bo‘lgan. Amnistiyalar nasib etmagan necha yuz minglab mahkumlarning g‘alayonlari kuchayavergach, GULAG qamoqxonalar boshqarmasi yana Ichki ishlar vazirligi tasarrufiga qaytarilgani, hatto amnistiya akti ijrosi ham cheklab qo‘yilgani shundan dalolat beradi.

O‘z navbatida, ayni mavzuda salmoqli kitoblar yozgan mashhur adib Aleksandr Soljenitsinning fikricha, bunday keng miqyosli amnistiya e’lon qilinishi zamirida sovet hukumati rahbarlarining “xalq e’tirofini qozonish” istagi yashirin bo‘lgan. Agar Stalindan keyin sobiq SSSR rahbariga aylangan Nikita Xrushchyov 1953-yil iyulida o‘tkazgan majlisida L.Beriyani ana shu amnistiya tashabbusini ko‘tarib chiqish orqali “xalqni sotib olish”, ya’ni odamlarni o‘zi tomonga og‘dirishga qasd qilganlikda ayblaganini inobatga olsak, ushbu taxminda ham jon borga o‘xshaydi.

Rus tarixchi olimi Roy Medvedevning bu boradagi farazi yanada qiziqarli va o‘ziga xos. Uning fikricha, L.Beriya hokimiyatni o‘z tasarrufiga olguniga qadar Ichki ishlar vazirligining jangovar kuchlarini jinoyatchilarga qarshi kurashish bahonasida Moskvada ushlab turish uchun shunday amnistiyani “o‘ylab topgan”. Haqiqatan ham, militsiya ma’lumotlariga qaraganda, 1953 yili mamlakatda oldingi yildagiga nisbatan 16,4 foiz ko‘p jinoyat sodir etilgan.

Darvoqe, sobiq SSSR tarixidagi o‘sha shov-shuvli amnistiya mamlakatda bemisl jinoyatchilik avj olishiga olib kelgani haqidagi mulohazalarni ayrim manbalar tasdiqlasa, boshqalari inkor etadi. Masalan, fransuz tarixchisi Mark Eli bu mavzudagi gap-so‘zlarga shunchaki quruq gap deb qaraydi.

Aksincha, R. Pixoya, A. Suxomlinov, L. Kobba kabi tarixchilarning uqtirishicha, L.Beriyaning amnistiya tashabbusidan ko‘zlagan asl maqsadi mamlakatda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni tang holga keltirish asnosida, o‘z qo‘l ostidagi vazirlikning jangovar salohiyatiga tayanib, sobiq SSSR boshqaruvini egallab olishga intilishdan iborat bo‘lgan.

Nima bo‘lganda ham, o‘sha amnistiya natijasida GULAG lagerlari va koloniyalaridan, 1953-yil 16-noyabr holatiga:

  • 5-yilgacha muddatga qamalgan mahkumlar – 551 ming 551 nafar;

  • mansab vakolati, xo‘jalik faoliyati va harbiy soha bilan bog‘liq jinoyatlari uchun 5-yillan ortiq muddatga qamalgan mahkumlar – 49 ming 745 nafar;

  • 5-yillan ortiq qamoq muddati teng yarmiga qisqartirilgan mahkumlar – 425 ming 811 nafar;

  • qaramog‘ida 10 yoshgacha bolasi bor onalar – 57 ming 132 nafar;

  • homilador ayollar – 6 ming 13 nafar;

  • balog‘atga yetmagan shaxslar – 5 ming 684 nafar;

  • 55 yoshdan katta erkaklar – 44 ming 210 nafar;

  • 50 yoshdan katta ayollar – 18 ming 44 nafar;

  • bedavo og‘ir kasallikka chalingan bemorlar – 43 ming 411 nafar mahkum ozodlikka chiqarilgan. Ularning jami soni 1 million 201 ming 601 nafarni tashkil etgan (QarangАмнистия 1953 года/https://ru.wikipedia.org).

Shuni ham qayd etish joizki, “Beriya amnistiyasi” bilan bog‘liq ushbu raqam va dalillarni turlicha talqin qilish mumkin. Aytaylik, o‘sha amnistiya akti – Stalin o‘limidan keyin sobiq SSSRda zulm va zo‘ravonliklarga chek qo‘yish, siyosiy qatag‘on qurbonlarini oqlash, adolat va haqiqatni qaror toptirish, inson huquqlarini ta’minlash yo‘lida qo‘yilgan ulkan bir qadam bo‘lsa-chi? Ammo...

Hamma gap shunda: “Beriya amnistiyasi” mamlakat qamoqxonalarida nohaq jabr chekib yotgan qanchadan-qancha siyosiy mahkumlarni shunchaki chetlab o‘tgan. Zotan, XX asr 50-yillaridagi “iliqlik davri"da katta qatag‘on qurbonlari orasidan ayrim taniqli ziyolilarnigina qisman oqlash  yo‘lidan borilgan. 

Buning sababi shuki, o‘sha davrda sovet davlati qamoqxonalari, lager va koloniyalarida 2 million 526 ming 400 dan ortiq mahkum jazo muddatini o‘tayotgan bo‘lib, agar nohaq qatag‘on etilgan millionlab oddiy kishilar ham yalpi oqlab yuborilsa, sovetlar tuzumi zulmkor bo‘lgani to‘g‘risidagi haqiqat ochilib qolar, oqibatda xalqning ishonchsizligi va noroziligi kuchayib ketishi mumkin, deb qaralgan. Bunday qattol siyosat hatto 1990-yillarda sobiq SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti M.Gorbachyov ham bu borada oqlov hujjatlarini imzolaganidan qat’i nazar, toki zulm saltanati barham topguniga qadar davom etdi.

Muxtasar aytganda, sho‘rolar qatag‘oniga uchragan yuz mingdan ziyod yurtdoshimizga nisbatan adolatni tom ma’noda qaror toptirishga keyingi yillarda, aynan Yangi O‘zbekistonning insonparvar muhitida astoydil kirishildi. Bu yo‘ldagi savobli ishlarni izchil davom ettirish barchamiz uchun farzu qarzdir.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech