Joriy yil 4-aprel kuni Samarqand shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Yevropa investitsiya banki rahbarlari ishtirok etdi.
Sammitda Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar va amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Yangi O‘zbekistondan – Yangi Markaziy Osiyo sari
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu Sammit oldidan «Euronews»ga bergan intervyusida ta’kidlaganidek, «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» formati – noyob hamkorlik platformasi bo‘lib, o‘lcham va institutsional qamrov jihatidan unga o‘xshashi mavjud emas. Ushbu format 27 davlatni, jumladan «Katta yettilik»ka a’zo uchta mamlakat – Germaniya, Fransiya va Italiyani birlashtirgan Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan mintaqalararo darajada tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan eng yirik integratsiyaviy tuzilma hisoblanadi.
Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik iqtisodiyot va investitsiyadan tortib barqaror rivojlanish, xavfsizlik va raqamli transformatsiyagacha bo‘lgan sohalarning keng majmuasini qamrab oladi. Yanada e’tiborlisi, mazkur format uzoq muddatli strategik ustuvor yo‘nalishlarga asoslangandir.
Bu haqda so‘z borganda. dastavval, davlatimiz yetakchisi intervyu bergan manba – «Euronews» telekanali haqida muxtasar to‘xtalish lozim, deb o‘ylaymiz. Yevropaning kecha-kunduz uzluksiz axborot uzatadigan ushbu mashhur telekanaliga 1993-yil yanvarida asos solingan.
Bugungi kunda «Euronews» dunyoda yuz berayotgan muhim voqealar haqida 13 tilda tezkor xabarlar, videolavhalar va audiosharhlar taqdim etib kelmoqda. Uning axborot tarqatish doirasi jahonning Yevropa, Afrika, Osiyo, Avstraliya, Shimoliy va Janubiy Amerika, shuningdek, Yaqin Sharq mintaqalaridagi 150 mamlakatni qamrab olgan.
Endi «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti mavzusiga qaytadigan bo‘lsak, Samarqandda bo‘lib o‘tgan mazkur Sammit Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mintaqalarining o‘zaro hamkorlik munosabatlari rivojida burilish nuqtasi bo‘ldi, deya e’tirof etilayotgani bejiz emas. Bu yuksak bahoning mohiyatini, fikrimizcha, quyidagi ikkita muhim omil bilan izohlash mumkin.
Birinchi omil. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi aloqalar chuqur tarixiy ildizlarga ega. Sohibqiron Amir Temur hazratlari bilan Yevropa qirollari o‘rtasidagi necha yuz yillik tarixga ega qimmatli diplomatik yozishmalar shundan dalolat beradi. Ajdodlarimiz o‘sha olis asrlardayoq mintaqalarimiz o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik munosabatlarini shakllantirishga intilganlar.
Shu jihatdan, «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti xalqlarimiz va davlatlarimizning ana shu tarixiy orzu-istaklari tom ma’noda ro‘yobga chiqayotganining o‘ziga xos ifodasi bo‘ldi. Bu o‘rinda Sammit aynan Samarqandda – Amir Temur saltanatining yuragi bo‘lgan fusunkor shahri azimda o‘tkazilganida ham yorqin ramziy ma’no mujassam.
Zero, ushbu mangu navqiron va qadimiy shahrimiz azaldan “Yer yuzining sayqali”, “Musulmon dunyosining gavhari”, “Sharqning jannati” kabi turfa nomlar bilan ulug‘lab kelinadi. Qolaversa, yaqin tarixda sobiq AQSH Davlat kotibi “Samarqand – jahon poytaxti”, deya ta’riflagani bejiz emas.
O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, “Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va bo‘linmas bo‘lib ko‘rinadi. “Samarqand ruhi” degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam bo‘lib, u xalqaro hamkorlikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda”.
Ikkinchi omil. Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar ikki tomonlama hamkorlikdan – mintaqaviy strategik hamkorlikka tomon kengaymoqda. Gap shundaki, ayni vaqtga qadar mintaqalarimiz va shu mintaqalardagi davlatlar o‘rtasida ikki tomonlama aloqalar rivojlantirib kelinayotgan edi. Mana, endi Markaziy Osiyo mintaqasi bilan Yevropa Ittifoqi mintaqasi o‘rtasida hamkorlik robitasi, ko‘prigi tiklandi.
Bu ulkan tarixiy voqelik, aslida ham, Markaziy Osiyo mintaqasi xalqaro munosabatlarning mustaqil subyekti maqomida o‘zini namoyon etishga dadil kirishganligini isbotlaydi. Binobarin, I asrning uchinchi o‘n yilligida Markaziy Osiyo xalqaro hayotning mustaqil subyekti sifatida qayta tiklanishi o‘zida muhim jarayonlarni ham ifodalovchi, ham aks ettiruvchi olamshumul voqeadir.
Yanada muhimi, ushbu nufuzli sammit O‘zbekiston Prezidenti mintaqamizning bugungi mavqeiga bergan ta’rif nechog‘lik asosliligini yana bir bor amalda tasdiqladi. Ya’ni, Markaziy Osiyo endi tarixning chetida emas, balki o‘z strategik kun tartibini shakllantirayotgan, jadal rivojlanayotgan mintaqaga aylanmoqda. Siyosiy iroda, yuqori darajadagi o‘zaro ishonch va qo‘shma iqtisodiy tashabbuslar mintaqada barqaror rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.
Bu haqda BMT Bosh kotibi bildirgan fikrlar ham tahsinga loyiq. Antoniu Guterrishning fikricha, bir paytlar Markaziy Osiyoda tarqoqlik keng ildiz otgan edi. Bugungi kunda esa mintaqada yangicha muhit yaratildi. Bu, albatta, do‘stlik, hurmat va masalalarni hamjihatlikda ko‘rib chiqish, mavjud qiyinchiliklarni birgalikda yengib o‘tishga asoslangan muhit bo‘ldi.
BMT Bosh kotibi e’tirof etganidek, “Shu o‘rinda Prezident Shavkat Mirziyoyevni faoliyati davomida mintaqadagi ko‘prik o‘rnatuvchi tashabbuskor, tinchlik elchisi, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni vaqtda adolatga asoslangan farovonlikni tashkil qilish va uni o‘rnatish bo‘yicha juda faol ish olib bormoqda. Bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘la uyg‘un”.
Sammit arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu nufuzli anjumanning yuqori martabali mehmonlari bilan yuzma-yuz suhbatlashdi. Xususan, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen davlatimiz rahbari bilan uchrashuv chog‘ida Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar dasturini, shuningdek, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklikni mustahkamlash borasidagi siyosatni yuksak baholadilar va qat’iy qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.
Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi:
ikki tomonlama hamkorlikdan – mintaqaviy hamkorlikka
Mintaqa markazida joylashgan mamlakatimiz Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan umumiy chegaraga ega. Hozirgi O‘zbekiston hududining asosiy qismi Amir Temur saltanati tasarrufida bo‘lgan. O‘rta asrlardagi Movarounnahr sarhadlari bilan bugungi Markaziy Osiyo mintaqasi qamraydigan chegaralar deyarli bir xil.
Sohibqiron saltanati kuch-qudratga to‘lgan davrlarda O‘rta Yer dengizi va Qora dengizdan – Qashg‘argacha, Kavkaz va Volgabo‘yi dashtlaridan – Hindistonning shimoliy hududlarigacha bo‘lgan keng makonni qamragan. Amir Temur saltanati, Temuriylar davlati tanazzulga yuz tutganidan toki Markaziy Osiyoda mustaqil davlatchilikning qayta shakllanish davri boshlanishiga qadar bo‘lgan oraliq davr qariyb 400-yilni tashkil etadi.
Yanada sodda qilib aytganda, ulug‘ Sohibqiron o‘z saltanati bilan Osiyo va Yevropa o‘rtasida yagona geosiyosiy makon yaratishga musharraf bo‘lgan. Movarounnahrning oliy hukmdoridan vorislariga davlatni qat’iy tartib-qoida va tuzuklar asosida jipslashtirish, saltanat atrofidagi ulkan geostrategik makonda mustahkam intizom va manfaatdorlik negizida ichki siyosiy beqarorliklarning oldini olish borasida beqiyos boy nazariy-amaliy tajriba meros bo‘lib qoldi.
Bugungi yangi geosiyosiy sharoitda Markaziy Osiyo Buyuk ipak yo‘li davrida egallagan o‘rnini – Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi ko‘prik rolini, turli iqtisodiy manfaatlar chorrahasi maqomini yana o‘ziga qaytarmoqda. Shunday ekan, O‘zbekiston Prezidenti bugungi kunda Amir Temur orzularini tom ma’noda ro‘yobga chiqarayotgani haq gap.
Binobarin, XX asrning oxirgi o‘n yilligida o‘z mustaqilligini e’lon qilgan O‘zbekistonda izchillik bilan joriy etilayotgan ichki va tashqi siyosat mazmun-mohiyatida mintaqamiz, xalqimiz va millatimiz tarixini bilish hamda chuqur anglash masalasi joriy demokratik islohotlar, yangilanish va rivojlanish strategiyasining muhim tamoyili hamda intellektual mexanizmi sifatida o‘z mujassamini topgan. Xalqimizning “Og‘a-ini inoq bo‘lsa, har qanday ish yurishadi”, degan dono naqli nechog‘lik hayotiy ekanini keyingi davrda ulkan mintaqamizda ro‘y bergan “jarayonlarni qayta ishga tushirish” mexanizmi barcha uchun birdek manfaatli bo‘lgani baralla ko‘rsatib berdi.
Ayniqsa, dunyodagi hech bir mamlakatda so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari asosida Yangi O‘zbekistonda izchil va keng ko‘lamlarda tatbiq etilayotgani kabi g‘oyat qamrovdor islohotlar amalga oshirilmagan. O‘zbekiston liderining yaxshi qo‘shnichilik siyosati, ta’bir joiz bo‘lsa, mintaqaviy siyosatga doir oqilona doktrinasi tufayli Markaziy Osiyo davlatlari ilk bor bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mintaqaviy masalalarni bu qadar ochiq va samimiy muhokama qila boshladi.
Jumladan, birinchi navbatda, mintaqamizda davlatlararo muloqot tiklandi. Suv, chegara muammolariga umumiy qarashlar asosida ijobiy yechimlar topildi. Amerikalik ekspert Jennifer Brik Murtazashvili qayd etganidek, “Markaziy Osiyoni boricha ko‘rish vaqti keldi. Bu endi postsovet hududi emas. U – Yevroosiyo”. Aslida ham, mintaqamizdagi mushtaraklik siyosati tufayli xalqaro lug‘atda “Markaziy Osiyo ruhi”, degan ibora paydo bo‘lgani bunday e’tiroflar naqadar asosli ekanini yaqqol tasdiqlab turibdi.
Bu o‘rinda, avvalo, Markaziy Osiyoda konstruktiv, yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan va o‘zaro manfaatli munosabatlarni bosqichma-bosqich barpo etish haqida so‘z bormoqda. Xuddi shu yondashuv tufayli so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo tubdan o‘zgargani, yangi qiyofa kasb etgani — o‘zaro ishonch va har tomonlama hamkorlik maydoniga aylangani bugun hech kimga sir emas.
Prezidentimiz so‘zlari bilan aytganda, “Mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ishonch va yaxshi qo‘shnichilik mustahkamlanmoqda, keng ko‘lamli hamkorlik va kooperatsiya aloqalari kengaymoqda. Bundan yetti-sakkiz yil avval buning uchun hatto sharoit ham yo‘q edi. Ba’zi mamlakatlar o‘rtasidagi chegaralar yopiq edi. Na savdo, na tranzit, na biznes, hech qanday gumanitar almashuvlar yo‘q edi. Munosabatlar shunchaki muzlatib qo‘yilgandi. O‘shanda hech kim yaqin kelajakda biz Yevropa yetakchilari bilan muzokaralarda mintaqamizni birgalikda namoyon etishimizni tasavvur ham qila olmas edi”.
Bunga qadar mintaqamiz mamlakatlari “Markaziy Osiyo+” formatlari doirasida davlatlar va ikkita mintaqaviy tashkilot bilan faol hamkorlik qilib kelayotganini ta’kidlash lozim. Natijada oxirgi yetti yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Yevropa Ittifoqi bilan savdo aylanmasi to‘rt barobar oshib, 54 milliard yevroni tashkil etdi.
O‘z navbatida, Samarqand sammitida Yevropa Ittifoqi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida strategik sheriklikning yo‘lga qo‘yilishi mintaqalararo hamkorlik va o‘zaro bog‘liqlik rivojida yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.
Endilikda Yangi O‘zbekistondan – Yangi Markaziy Osiyo sari, degan tendensiya amalda namoyon bo‘lmoqda. Ya’ni, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasidagi 30-yillik ikki tomonlama munosabatlarning mantiqiy natijalari endi mintaqalararo strategik hamkorlik maqomini olmoqda. Bu maqom – jahon siyosatidagi mutlaqo yangi diplomatik formatdir.
Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi:
mintaqalararo strategik hamkorlik istiqbollari
Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyev «Euronews»ga bergan intervyusida Markaziy Osiyo beshligida O‘zbekiston raisligi davrida uchta ustuvor yo‘nalish:
-
mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash;
-
iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish;
-
ekologik barqarorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidlagani juda muhim.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, “Oldimizda mintaqamizni nafaqat barqaror, balki farovon qilish uchun tarixiy imkoniyat turibdi. Ishonch bilan ayta olamanki, biz bu salohiyatni birgalikda ro‘yobga chiqarishga qodirmiz”.
O‘zbekiston Prezidenti “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitidagi nutqida bu boradagi fikrlarini izchil rivojlantirgan holda, o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi hamkorlikning quyidagi ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Birinchi ustuvor yo‘nalish – siyosiy muloqotlarni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar va investitsiyalar, ko‘p tomonlama hamkorlikning huquqiy va institutsional asoslari.
Ikkinchi ustuvor yo‘nalish – iqtisodiyot va texnologik modernizatsiyaga investitsiyalar kiritish o‘zaro hamkorligimizning ustuvor mezoni bo‘lishi lozim.
Uchinchi ustuvor yo‘nalish – Sammit davomida strategik mineral resurslar sohasida hamkorlik va investitsiyalarni chuqurlashtirish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
To‘rtinchi ustuvor yo‘nalish – “Yashil” energetika va ekologik barqarorlikka yo‘naltirilgan investitsiyalar strategik ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda.
Beshinchi ustuvor yo‘nalish – inson kapitaliga investitsiyalar ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashuvlarni kengaytirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" formatidagi birinchi oliy darajadagi rasmiy uchrashuv yakunlangach, yetakchilar birgalikda Orol madaniyat sammiti ekspozitsiyasiga tashrif buyurdilar. Ko‘rgazmada Orol ekotizimini tiklash, hududning madaniy merosini asrab-avaylash va barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan noyob tashabbuslar namoyish etildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Sammitning yuqori martabali mehmonlari shu kuni Markaziy Osiyo duch kelayotgan zamonaviy ekologik tahdidlarga bag‘ishlangan Samarqand iqlim forumi yalpi sessiyasida ham ishtirok etdilar. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti nomidan qatnashgan ishonchli hamkorlarimiz, xalqaro moliya institutlari, global va milliy ekologik tashkilotlar vakillarining ushbu tadbirdagi ishtiroki barqaror rivojlanishning eng dolzarb masalalari bo‘yicha samarali yechimlar izlashda birgalikda sa’y-harakatlar olib borishga sodiqlikning hayotiy namunasi bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari Samarqand xalqaro iqlim forumidagi nutqida bu muhim omilga alohida e’tibor qaratdi. O‘zbekiston Prezidenti nutqini mana bu so‘zlar bilan yakunladi: “Bugungi kunda bizning vazifamiz – kelajak avlodlar barqaror, xavfsiz va farovon dunyoda yashashi uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rishdan iborat. Buning uchun muloqotlarni mustahkamlash, umumiy ezgu maqsadlar yo‘lida birlashgan barcha davlatlarning sa’y-harakatlarini uyg‘unlashtirish zarur”.
Xulosa qilib aytganda, «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammitining asosiy yutug‘i, shubhasiz, tadbir yakunida ikki mintaqa o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatishni nazarda tutuvchi Qo‘shma deklaratsiya qabul qilingani hisoblanadi.
Qo‘shma deklaratsiyada, jumladan, tinchlik, xavfsizlik va demokratiya, taraqqiyot va farovonlik, ekologik barqarorlik, "yashil" iqtisodiy rivojlanish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, oziq-ovqat va energiya xavfsizligini ta’minlash yo‘lida mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘zda tutilgan. Markaziy Osiyo mintaqasidagi har qaysi mamlakat o‘zaro hamkorlikning muayyan sohalarida shu vaqtgacha erishgan natijalar va kelgusidagi rejalari alohida qayd etilgan.
Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo yetakchilari tomonidan qonun ustuvorligi, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish hamda himoya qilish barcha uchun birdek muhim fundamental qadriyat hisoblanishi ta’kidlangan. Bu o‘rinda, albatta, fikrni ifoda etish erkinligi va jamoat birlashmalariga uyushish huquqini ta’minlash, fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalari uchun sog‘lom muhit yaratish, huquq himoyachilarini muhofaza qilish, ayollar, bolalar va mehnat migrantlari huquqlarini hurmat qilish – har ikki mintaqa munosabatlarining tub negizini tashkil qilishi haqida so‘z bormoqda.
Qo‘shma deklaratsiyada, shuningdek, «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» fuqarolik jamiyati forumini o‘tkazish tashabbusi ma’qullangan. Samarqand shahrida "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammitini muvaffaqiyatli tashkil etgani uchun O‘zbekiston Hukumatiga minnatdorchilik izhor etilgan.
Yana bir muhim natija: O‘zbekiston Prezidenti ishonch bilan ta’kidlaganidek: “Yevropaning yetakchi institutlari va moliya tashkilotlari rahbarlari Markaziy Osiyoning umumiy pozitsiyaga ega ekaniga, ishonchli va mas’uliyatli sherik sifatida keng ko‘lamli hamkorlikka tayyor ekaniga amin bo‘lishdi”.
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2025-yil 8-aprel kungi 71 (1397)-soni
- Qo'shildi: 08.04.2025
- Ko'rishlar: 362
- Chop etish