8-aprel kuni Toshkent shahrida “Yosh xotin-qizlar uchun tinchlik tashabbusi: Markaziy Osiyo yosh xotin-qizlarining imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. U Yevropa Ittifoqi qo‘llab-quvvatlashi bilan YEXHTning Gender masalalari dasturi doirasida amalga oshirilayotgan "Ayollar va erkaklar uchun g‘alaba – innovatsiyalar va hamkorlik aloqalari orqali gender tenglikni ta’minlash yo‘li bilan keng qamrovli xavfsizlikni mustahkamlash" loyihasi doirasida tashkil etildi.
Tadbirda asosiy e’tibor boshlang‘ich tayyorgarlik dasturi davomida olingan ko‘nikma va bilimlarni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash, qizlarning salohiyatini oshirish va o‘z vazifalarida muvaffaqiyat qozonishini ta’minlash masalalariga qaratildi.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “Yosh xotin-qizlar uchun tinchlik tashabbusi” Markaziy Osiyoda tinchlik o‘rnatuvchi va o‘zgarishlarni amalga oshiruvchi yosh xotin-qizlar uchun keng qamrovli ikki yillik dastur hisoblanadi. U YEXHTning sobiq Bosh kotibi Xelga Mariya Shmid tomonidan tashkil etilgan.
Tadbirning kirish qismida YEXHTning gender masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi Lara Skarpitta, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Antti Karttunen, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toivo Klaar, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova va YEXHT amaldagi raisining gender masalalari bo‘yicha maxsus vakili Saara-Sofiya Sirin so‘zga chiqdi.
YEXHTning Gender masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi Lara Skarpitta mazkur tashabbusning amalga oshirilishi — tinchlik, xavfsizlik va gender tenglikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri ekanini ta’kidladi. Markaziy Osiyodagi yosh xotin-qizlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va ularni tinchlik jarayonlariga faol jalb etish bugungi kunda nafaqat dolzarb, balki hayotiy zarurat ekanini qayd etdi.
L. Skarpitta, shuningdek, “yosh xotin-qizlar – tinchlikning kelajagidir” degan qarashni ilgari surdi. Bu borada yo‘naltirilgan investitsiyalar bevosita tinchlik va barqaror taraqqiyotga qo‘yilgan investitsiya ekaniga urg‘u berdi.
O‘z navbatida, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova “Young Women 4 Peace” kabi mintaqaviy tashabbusning ochilish marosimiga mezbonlik qilish mamlakatimiz uchun katta sharaf ekanini ta’kidladi. Ushbu muhim voqea nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun ham ahamiyatli ekanini qayd etdi. Zero, bu tashabbus tinchlik va adolat g‘oyalariga sodiq, faol va yuksak maqsadli yosh xotin-qizlarni birlashtiradi.
D. Muratovaning fikricha, “Young Women 4 Peace” tashabbusi tinchlik g‘oyalari yangi avlod qalbida aks etishining yorqin namunasidir. U, shuningdek, inklyuziv va barqaror tinchlikka ayollarning faol ishtirokisiz erishib bo‘lmasligini ta’kidladi. Bu talab nafaqat milliy, balki xalqaro darajadagi forumlar uchun ham dolzarbdir. Shu ma’noda, qabul qilinayotgan qonunlar, dasturlar va strategiyalar ayollar yetakchiligi hamda yoshlar tashabbuslari uchun qulay muhit yaratishga qaratilayotgani juda muhim.
Milliy markaz vakili BMT Xavfsizlik Kengashi 1325-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonda 2022-yilda qabul qilingan ilk Milliy harakatlar rejasiga ham to‘xtaldi. Ushbu hujjat davlat organlari, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar va eng muhimi, har kuni nizolarning oldini olish, vositachilik va tinchlikni qo‘llab-quvvatlash sohalarida faoliyat yuritayotgan ayollar ishtirokidagi keng muloqot mevasidir.
D.Muratova pirovardida qayd etganidek, “Young Women 4 Peace” kabi tashabbuslar orqali mintaqamizning yangi avlod yetakchilari jamoasi shakllanmoqda. Binobarin, bugun muloqot qilish, tinglash, tushunish va kelisha olish qobiliyatiga ega yetakchilarga ehtiyoj katta.
YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Antti Karttunen o‘z nutqida yosh xotin-qizlarning tinchlik jarayonlaridagi roliga alohida urg‘u berdi. Yosh xotin-qizlar tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutishini va ularga qaratilgan investitsiyalar barqaror taraqqiyot va tinchlikka olib kelishini ta’kidladi. Muhimi, bu boradagi tashabbuslar inklyuziv tinchlik jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash va yosh xotin-qizlarning yetakchilik salohiyatini ro‘yobga chiqarishda katta ahamiyat kasb etadi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toivo Klaar yosh xotin-qizlarning tinchlik o‘rnatishdagi rolini qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilayotganini e’tirof etdi. Aslida ham, bu tashabbuslar orqali inklyuziv va barqaror tinchlikka erishish mumkinligini alohida ta’kidladi.
YEXHT amaldagi raisining gender masalalari bo‘yicha maxsus vakili Saara-Sofiya Sirin yosh xotin-qizlarning tinchlik jarayonlaridagi faol ishtiroki global xavfsizlik uchun hal qiluvchi omil ekaniga e’tiborni qaratdi. Xotin-qizlar va yoshlarning tinchlikni ta’minlashdagi roli har kuni kundalik nizolarning oldini olishda va barqaror taraqqiyotga erishishda tobora katta o‘rin tutib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan, Saara-Sofiya Sirinning fikricha, tinchlik jarayonlarida yosh xotin-qizlarga keng imkoniyatlar yaratish kelajak sari qo‘yilgan ilg‘or qadamdir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 09.04.2025
- Ko'rishlar: 401
- Chop etish