jamiyat obodligi, davlat barqarorligi va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi
2023-yil 11-aprel – oiladagi zo‘ravonlikka
qarshi qonun qabul qilinganiga 2-yil to‘ldi
«Xotin-qizlar huquqlarini qat’iy qaror toptirish ijtimoiy taraqqiyotning asosiy shartlaridan biridir». Bu adolatli talab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasidagi nutqida yangradi.
Davlatimiz rahbari taqdim etgan tahlil natijalariga ko‘ra, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ayollarning erkaklar bilan teng ishtiroki ta’minlansa, jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 26 foiz o‘sadi. Dunyo miqyosida ayol deputatlarning ulushi 1995-yildagi 11,3 foizdan joriy yilda 27,2 foizga ko‘tarilgani ham quvonarli holdir.
Bu haqda fikr yuritganda, mamlakatimizda 2023-yil 11-aprelda qabul qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni alohida qayd etish lozim.
Ayni qonun keyingi ikki yil davomida yurtimiz xotin-qizlarining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Zero, ushbu qonundan ko‘zlangan asosiy maqsad, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “oilalar mustahkamligini, ayollarimizning baxti va himoyasini ta’minlashdir”[1].
Ma’lumki, 2023-yilda xalqimiz tarixida birinchi marta umumxalq referendumida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Unda inson huquqlariga oid konstitutsiyaviy normalar uch baravardan ortiqqa ko‘paydi.
Shuning barobarida, kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan “O‘zbekiston–2030” strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Ushbu dasturilamal hujjat BMTning 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohangdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturidagi 25-maqsad xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash masalalarini o‘zida qamraydi. Ayni vaqtda ushbu maqsadga erishish uchun Davlat dasturining qariyb 10 ta bandida belgilangan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Yangi O‘zbekistonda 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi hayotimizga faol tatbiq etilmoqda. Bunda o‘tgan yili ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi muhim qonun qabul qilingani alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki shu asosda oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilib, bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik yanada kuchaytirildi.
O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon dasturida faol ishtirok etmoqda. Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi tadbirlarini ijro etish doirasida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” o‘quv va maxsus kurslari joriy qilinmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan davrda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmning qonuniy asoslarini shakllantirish, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarildi.
Milliy markaz Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya ijrosini ta’minlashni nafaqat monitoring qilmoqda, balki ayni jarayonlarda bevosita ishtirok ham etmoqda. Masalan, manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda davlat organlari xodimlarining inson huquqlari, gender tenglik va qiynoqqa qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari muntazam tashkil etilmoqda.
Keyingi yillarda yurtimizda xotin-qizlar va bolalarning fundamental huquqlarini ta’minlash masalasiga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilmoqda. Ayni chog‘da xotin-qizlar va bolalarni tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatini ta’minlash davlatimiz va jamiyatimizning doimiy diqqat markazida bo‘lib kelayotgani e’tiborga molik.
Bu o‘rinda 2023-yil 11-aprelda qabul qilingan qonun alohida ahamiyat kasb etganini yana bir bor qayd etish ayni muddaodir. Binobarin, huquqni qo‘llash amaliyotida xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda bir qator muammolar mavjudligi mazkur qonunga zaruratni keltirib chiqardi. Xususan, shu vaqtga qadar:
-
xotin-qizlar va bolalarning huquqlariga daxl qiluvchi jinoiy qilmishlar uchun mutanosib sanksiyalar belgilanmagandi;
-
xotin-qizlarni shilqimlik va zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy kafolatlari mavjud emasdi;
-
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsga davlat himoyasini taqdim etuvchi orderning amal qilish muddati (o‘ttiz kun) xotin-qizlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari yetarli darajada himoya qilinishini ta’minlash imkonini bermasdi;
-
alimentlarni to‘lamaganlik uchun jazo sifatida jarima solinishi yanada ko‘proq moliyaviy qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgan edi.
Qonun asosida shu kabi tizimli muammolarga huquqiy yechim topildi. Qolaversa, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) idoralararo komissiyalarining faoliyati isloh etilib, ular tegishincha Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamda Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) komissiyalari etib qayta tashkil etildi.
Yangi qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy sohada o‘z huquqlari va manfaatlarini amalga oshirishida qo‘llab-quvvatlash masalalarini tartibga soluvchi qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirishni nazarda tutuvchi, shuningdek, Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlab qo‘yuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.
Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan nomaqbul harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik yanada kuchaytirildi. Oilaviy zo‘ravonlik, shilqimlik qilganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berishi, bolalar bilan bevosita ishlashini nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlandi. Bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ro‘yxatini yuritish ko‘zda tutildi.
Qonunda oilaviy va maishiy zo‘ravonlik uchun, ta’qib qilish, shahvoniy shilqimlik, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlik ko‘z tutilgan. Ayni chog‘da, ayollarni jinsiy aloqa qilishga majbur etish, turmush qurishga majburlash yoki to‘sqinlik qilish uchun yarashish institutini qo‘llamaslik ham belgilangan.
Bularning barchasi pirovardida zo‘ravonlikning oldini olish va uning mudhish oqibatlariga barham berishga xizmat qiladi. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 592-moddasi, ya’ni oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun javobgarlik belgilandi, xuddi shu harakatlar bir yil ichida qayta sodir etilgan taqdirda Jinoyat kodeksining 1261-moddasida jinoiy javobgarlik ko‘zda tutildi.
Jinoyat kodeksi 1413-modda, ya’ni shaxs sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi, inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi modda bilan to‘ldirildi.
Unga ko‘ra, tovlamachilik alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, shaxsiy roziligisiz yalang‘och holdagi foto, videotasvirni o‘z ichiga olgan axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish yoki bunday axborotni tarqatish bilan qo‘rqitish – bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks shahvoniy shilqimlik qilganlik uchun javobgarlikni belgilovchi 411-modda bilan to‘ldirildi. O‘tgan qisqa davrdp yangi qonun o‘z amaliy natijalarini bermoqda.
O‘z navbatida, 2024-yil 19-20-yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 248-moddasiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ma’qullanganiga muxtasar to‘xtalish o‘rinlidir.
Qonun muhokamasi asnosida ta’kidlanganidek, keyingi yillarda ichki ishlar organlarida xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ma’naviy hamda jismoniy rivojlanishiga ko‘maklashish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda hukumatining tegishli qarorlari bilan ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalarida voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarida zarur vakolatlar mavjud emasligi voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning davlat tomonidan himoya qilinishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida himoya orderi talablarining bajarilishini nazorat qilish yuzasidan ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarining mas’uliyatini kuchaytirish talab etiladi.
Shuning uchun “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 248-moddasiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun bilan ayni Kodeksning tegishli moddasiga:
-
bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlikda;
-
jamoat joylarida tamaki yoki alkogol mahsulotini iste’mol qilganlikda;
-
shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlikda aybdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlariga zarur vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritildi.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlariga tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik kabi ma’muriy huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish vakolatlari berildi.
Shu tariqa keyingi davrda O‘zbekistonda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning yangi bosqichiga asos solindi. Bu borada qator muhim natijalarga erishilmoqda.
Avvalambor, Yangi O‘zbekistonda qilmish va jinoyat uchun jazo muqarrarligi qat’iy ta’minlanmoqda. Jamiyatimizda, oilalarda maishiy muhit izchil yaxshilanib, ayollarimizning qadr-qimmati va qizlarimizning izzat-hurmati yanada oshmoqda.
Yana bir muhim yutug‘imiz shundaki, oilaviy va maishiy zo‘ravonlikka barham berishga qaratilgan yangi qonunning amal qilishi xalqimiz tomonidan ma’qullanmoqda. Bu qonun hujjati jahon jamoatchiligi e’tirofiga ham sazovor bo‘lmoqda.
Bunga bitta amaliy misol: 2024-yili – O‘zbekistonda ushbu qonun kuchga kirganiga bir yil to‘lgan vaqtda –Qozog‘istonda ham oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikka tortuvchi qonun qabul qilindi. Bunday qonun qabul qilinishi qardosh va qo‘shni mamlakat jamoatchiligining talab-istaklari samarasidir.
E’tibor bering: Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Tokayev imzolagan qonunda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishlari uchun javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, oila institutini mustahkamlash va voyaga yetmaganlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan, xususan, pedofiliya va bolalar qotilligi uchun umrbod qamoq jazosini nazarda tutadigan yangi qoidalar joriy etildi.
Shu misolning o‘zi ham O‘zbekistonning oilaviy va maishiy zo‘ravonlik uchun qonuniy asosda qat’iy chora ko‘rishga qaratilgan huquqiy siyosati nechog‘lik to‘g‘riligini yaqqol tasdiqlab turibdi. Binobarin, qadrlangan va e’zozlangan ayol nafaqat ro‘zg‘orini, oilasini, balki jamiyatni ham obod etishga, davlatimiz barqarorligi hamda mamlakatimiz taraqqiyotini ta’minlashga munosib hissa qo‘shadi.
Xulosa qilib aytganda, jamiyat boshqaruvida ayollar faolligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ta’sirchan choralar yordamida, hech shubhasiz, yangi natijalarga erishishimiz tayin. Shu nuqtayi nazardan, so‘nggi yillarda yurtimizda BMT institutlari va Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda Osiyo xotin-qizlar forumi va Jahon parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti samarali o‘tkazilganini alohida diqqatga sazovor.
Kuni kecha mamlakatimiz poytaxtida Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi. Prezidentimiz “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusiga bag‘ishlangan ushbu nufuzli anjuman ahlini O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilayotgan BMT Bosh Assambleyasining “Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlashga chorlagani bejiz emas.
Bu muhim voqelik ham, mohiyatan olib qaraganda, Yangi O‘zbekistonning xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi izchil siyosatining yana bir amaliy ifodasidir.
G‘ulom MIRZO
[1] O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi//31.08.2023/https://president.uz/uz/lists/view/6637
- Qo'shildi: 10.04.2025
- Ko'rishlar: 339
- Chop etish