Teatr hamisha ibrat va tarbiya maskani bo‘lib kelgan. U nafaqat ko‘ngilochar, balki inson qalbi va tafakkuriga ta’sir etuvchi, ma’naviy yuksalish sari yetaklovchi buyuk san’at turidir.
Sahna asari tomoshabinni ezgulikka, yaxshilikka undaydi, uni hayot haqida o‘ylashga, amallarini baholab chiqishga chorlaydi. Shu bois ham teatr ijodkorlari tomonidan yaratilgan har bir asar katta mas’uliyat, g‘amxo‘rlik va hayotiy haqiqatlarga tayangan holda sahnalashtiriladi.
Ayni kunlarda Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatrida sahnalashtirilgan “Kuyovning omonati” nomli yangi spektakl premerasi tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lmoqda. Komediya janridagi mazkur sahna asari taniqli dramaturg Hayitmat Rasul qalamiga mansub bo‘lib, unda hayotimizda keng tarqalayotgan kredit olish, insonlarning hoyu-havasga berilishi tufayli yuzaga kelayotgan murakkab holatlar ishonarli aks ettirilgan.
Spektakl teatr bosh rejissyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Doston Haqberdiyev tomonidan sahnalashtirilgan. Asarda teatrning mashhur, mahoratli ustoz aktyorlari bilan bir qatorda yosh va umidli san’atkorlar ham ishtirok etib, o‘z rollarini yurakdan ijro etdilar.
— Asarda o‘zbek oilasidagi sodda, samimiy insonning kuyovi omonat qilib qoldirgan pulni asrash jarayonidagi turli vaziyatlar, kutilmagan sarguzashtlar tasvirlangan, — deydi bosh rejissyor Doston Haqberdiyev. — Kuyov bu pulni xotinining orzu-havaslarini amalga oshirish, tug‘ilgan kunini nishonlash maqsadida bankdan kredit sifatida oladi. Ammo ayrim shoshma-shoshar qarorlar va hayotdagi real to‘siqlar natijasida u va yaqinlari og‘ir sinovlarga duch keladi. Bu orqali biz tomoshabinlarga shuni yetkazmoqchimizki, har bir moliyaviy qaror mas’uliyat talab qiladi, hayotdagi ezgulik esa samimiylik va teran fikrlashda namoyon bo‘ladi.
Komediya janrida bo‘lsa-da, spektakl ko‘targan mavzular hayotbaxsh va jiddiy. U tomoshabinni kuldiribgina qolmay, o‘yga toldiradi, hayotga tanqidiy nazar bilan qarashga undaydi. Shu jihatdan, “Kuyovning omonati” spektakli nafaqat ko‘ngilochar sahna asari, balki axloqiy tarbiya vositasi sifatida ham ahamiyatlidir.
Quvonarlisi, ushbu spektakl nafaqat oddiy tomoshabinlar, balki jamoatchilik va turli tashkilotlar vakillari tomonidan ham qiziqish bilan qabul qilinmoqda. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi jamoasi ushbu teatr sahnasida aks etgan “Kuyovning omonati” spektaklini jonli tomosha qildi. Hamkasblarimiz teatr ijodkorlarining ijodi va mehnatini olqishladilar.
Shubhasiz, “Kuyovning omonati” spektakli zamonaviy o‘zbek teatrining muhim yutuqlaridan biri sifatida nafaqat teatr ahli, balki tomoshabinlarning ham qalbida chuqur iz qoldirdi. U o‘z axloqiy mazmuni, hayotiy realligi va teran falsafasi bilan har bir insonni o‘zi va yaqinlari haqida o‘ylashga undaydi. Bularning barchasi, o‘z navbatida, teatr yangi davrda ruhiy uyg‘onish va ma’naviy tozalanishning eng samarali vositasi bo‘lib qolayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Hamidullo Mo‘minov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi
- Qo'shildi: 15.04.2025
- Ko'rishlar: 297
- Chop etish