15-aprel – Xalqaro ekologik bilimlar kuni
Sayyoramizda kun sayin keskinlashib borayotgan ekologik muammolarni bartaraf etish uchun insonlarning ekologik bilimi yuqori bo‘lishi lozim. Shu bois har yili 15-aprelda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Xalqaro ekologik bilimlar kuni nishonlanadi.
Rio-de-Janeyro shahrida 1992-yili o‘tkazilgan BMT konferensiyasining atrof-muhit muammolari muhokamasi chog‘ida ushbu xalqaro sanani insoniyatning hayoti va barqarorligi uchun butun dunyoda ekologik bilimlarni targ‘ib etish kuni sifatida nishonlash taklif etilgan. Bundan asosiy maqsad sayyoramiz ahlining ekologik bilimini boyitish g‘oyasini ilgari surish, aholida tabiatga bo‘lgan mehr va e’tiborni kuchaytirish, jamiyatning ekologik xavfsizligi haqida jamoatchilik xabardorligini oshirishdir.
Ekologik bilimlar — inson va tabiat o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni tushunishga yordam beradigan nazariy va amaliy bilimlar majmuasi. Bu bilimlar insonning tabiatga bo‘lgan ijobiy munosabati, ya’ni tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ifloslanishni kamaytirish, bioxilma-xillikni saqlash va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Aslida, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari nafaqat ekologlar, balki har bir fuqaroning kun tartibida bo‘lishi darkor. Nega deganda, ekologik savodxon inson o‘z hayot tarzi orqali atrof-muhitga kamroq zarar yetkazadi, qayta ishlash, energiyani tejash, toza muhitni saqlash kabi faoliyat jarayonlariga oqilona ishtirok etadi.
Shu ma’noda, Yangi O‘zbekistonda ekologiya sohasining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilgani alohida tahsinga sazovor. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablar mustahkamlandi.
Asosiy qonunimiz Muqaddimasida e’tirof etilganidek, biz «mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib», ushbu Konstitutsiyani qabul qilganmiz.
Bosh qomusimizning 49-moddasi to‘laligicha ekologiya va atrof-muhit himoyasiga oid normalardan iborat. Xususan, ushbu moddaning birinchi bandida: «Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega», deb qayd etilgan.
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonning uchta strategik dasturi – 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi ishlab chiqildi. Birinchisi to‘la bajarilgan va qolgan ikkitasi hayotga teran tatbiq etilayotgan ushbu dasturilamal strategiyalarda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasiga har doimgidan ko‘ra yuz karra ko‘proq e’tibor berilgan.
Qolaversa, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida Ekologiya kodeksi loyihasi ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan faollar safi 2021-yilda “Ekologiya huquqi himoyachisi” nominatsiyasi g‘oliblari hisobiga kengaydi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, davlatimiz rahbari tomonidan 2025-yil yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingani bu borada g‘oyat muhim qadam bo‘ldi.
Prezidentimizning 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida yurtimizda ekologik barqarorlikka erishish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish hamda iqtisodiy o‘sishning yangi, “yashil rivojlanish” modelini tatbiq etish bo‘yicha qator muhim vazifalarni amalga oshirish belgilab olindi.
Bu vazifalar orasida, albatta, ekologik bilimlarni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar alohida o‘rin tutadi. Davlat dasturi doirasida, jumladan:
-
ta’lim muassasalarida “Ekologik burchaklar” ochish;
-
maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Ekologik yo‘lakchalar” tashkil etish;
-
mamlakat miqyosida ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan turli ommaviy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish;
-
“Yoshlar oyligi” doirasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga bag‘ishlangan turkum tadbirlarni amalga oshirish;
-
“Ekologiya bilimdonlari” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish;
-
Ekologik muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlangan “Ekooromgoh-2025”ni tashkil etish kabi ko‘plab amaliy chora-tadbirlar izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgani diqqatga loyiqdir.
Bu haqda so‘z borganda, shuningdek, mamlakatimiz Bosh vazirining 2019-yil 27-maydagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Ekologik ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanganini ta’kidlash lozim. Mazkur Konsepsiya yurtimiz hududlaridagi ekologik muammolar yechimiga ta’lim tizimini joriy qilish bilan hissa qo‘shish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning ekologik savodxonligini oshirish, ekologik ongi va ekologik madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish, ekologik ta’lim va tarbiya jarayonini samarali tashkil etish maqsadida ishlab chiqilgan va qabul qilingan.
Muxtasar aytganda, atrof tabiiy muhitga zarar yetkazish insoniyatni ayanchli oqibatlarga giriftor qiladi. Ayni paytda buning jabrini tortyapmiz ham. Shunday ekan, kelajak avlodlar oldida javobgarligimizni chuqur anglagan holda – hechdan ko‘ra kech bo‘lsa-da – ona tabiatga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirishimiz, ya’ni uni sevishimiz va asrab-avaylashimiz shart. Buning uchun esa, shubhasiz, ekologik bilimlarimizni muntazam oshirib borishga qat’iy bel bog‘lashimiz farzu qarzdir.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 15.04.2025
- Ko'rishlar: 284
- Chop etish