15-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan YUNISEFning xalqaro maslahatchisi Tomar Gotsadze o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida Milliy markaz direktori xalqaro ekspertga mamlakatimizda bola huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan ma’lumot berdi. Xususan, aholisining 35 foizini bolalar tashkil etgan O‘zbekiston uchun bola huquqlarini har tomonlama ta’minlash ustuvor ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston o‘zining xalqaro majburiyatlariga, jumladan, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq qabul qilgan majburiyatlariga sodiqdir. Mazkur siyosatni takomillashtirishda BMT shartnomaviy organlari, YUNISEF va xalqaro ekspertlarning tavsiyalariga katta e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan 2024-yil 21-fevralda “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning Beshinchi davriy ma’ruzasi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amaliyotga tatbiq etish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror qabul qilingan. Mazkur qo‘shma qaror ijroga qaratilib, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalari amaliyotga izchil tatbiq etilmoqda.
Muloqot davomida YUNISEFning xalqaro maslahatchisi T.Gotsadze O‘zbekiston hukumati tomonidan bolalarni himoya qilishning milliy mexanizmi yaratilganini alohida ta’kidladi. Bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish jarayonini, xususan, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan izchil islohot samaralarini ijobiy baholadi.
Uchrashuv chog‘ida mamlakatda OIV/OITS bilan kasallangan shaxslar, xususan, bolalar va o‘smirlarning huquqlarini ta’minlash, ularga ko‘mak ko‘rsatish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga doir muhim masalalar ham muhokama qilindi.
Tomonlar OIV/OITS bilan kasallangan bolalar va o‘smirlarga kompleks yordam ko‘rsatishda ikki tomonlama, foydalanuvchiga yo‘naltirilgan, ko‘p tarmoqli yo‘llanma tizimini hujjatlashtirish va rivojlantirishning dolzarb ahamiyatini alohida ta’kidladilar.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, hozirgi kunda O‘zbekistonda bunday xastalik bilan yashovchi bolalarning ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya sohalaridagi huquqlari to‘liq ro‘yobga chiqishi uchun muayyan ijobiy qadamlar qo‘yilgan. Jumladan, bolalarning stigmatizatsiya va kamsitishdan himoya qilinishini ta’minlash, ularga tegishli tibbiy xizmatlarni erkin va sifatli taqdim etishga oid qonunchilik bazasi takomillashtirib borilmoqda.
Uchrashuv samimiy va amaliy ruhda kechdi. Muloqot yakunida mehmonlar Inson huquqlari uyi faoliyati bilan tanishdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.04.2025
- Ko'rishlar: 306
- Chop etish