Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Farzandlarimizga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan holda bilim berish birlamchi vazifaga aylangan. O‘z navbatida inklyuziv ta’limni rivojlantirish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini takomillashtirish hamda ularga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilashga ham e’tibor qaratilmoqda.
Inklyuziv ta’limning maqsadi – alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar uchun maktabda maxsus vosita va metodlarni qo‘llash orqali to‘siqsiz moslashtirilgan ta’lim muhitini yaratish, ularning jamiyatga samarali moslashuvi hamda to‘laqonli uyg‘unlashuviga xizmat qiladigan sifatli umumiy o‘rta ta’lim berishni ta’minlashdir.

– O‘g‘lim Nurmuhammadga eshitish darajasining pastligi tashxisi qo‘yilgan, – deydi Mohichehra Eshpo‘latova. – Farzandimning o‘z tengdoshlari bilan birgalikda ta’lim olishini xohlardim. Ammo buning imkoniyati yo‘q edi. Inklyuziv ta’lim joriy etilgandan keyin hammasi izga tushdi. O‘g‘lim tengdoshlari bilan bir sinfda ta’lim-tarbiya olmoqda. Xursand bo‘lganim shundaki, o‘g‘limda nutq tomondan orqada qolish bor edi. Maktabga chiqqandan keyin o‘z fikrini bemalol tushuntirib bera olmoqda. Baho olganini aytadi. Ayrim paytlar to‘rt yoki uch baho olib qolsa, xafa ham bo‘lib qoladi. Farzandimni inklyuziv ta’limga berishdan oldin ko‘p o‘ylaganman, xavotir olardim. Moslashib ketarmikan, deb o‘ylardim. Buni menga o‘xshagan ota-onalar yaxshi biladi. Endi barcha ota-onalarga aytaman. Hech ham xavotir olishmasin. O‘g‘limning eshitish qobiliyati yaxshilanyapti. Nutqida ijobiy o‘zgarishlar bor. Tengdoshlari bilan o‘zi bemalol muloqot qila oladi. To‘garaklarga qatnashadi.

Ayni paytda Navoiy viloyatida 30 ta maktabda 80 nafar nogironligi bo‘lgan bolalar inklyuziv sinflarda ta’lim olmoqda. Maxsus pedagoglar va tyutorlar har bir o‘quvchining individual ehtiyojlarini hisobga olgan holda yordam ko‘rsatmoqda.

– Yurtimizda ta’lim bolaning imkoniyatlariga qarab moslashtiriladi, degan tamoyilga asosan olib borilmoqda, – deydi Uchquduq tumanidagi 10-umumta’lim maktabi direktori Shahlo Bafoyeva. – Hattoki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 50-moddasida ham inklyuziv ta’lim haqida aytib o‘tilgan. O‘quv yili boshida maktabimizda inklyuziv sinflari tashkil etildi. 2 nafar nogironligi bor bolalar ta’limga jalb qilindi. Mutaxassislarni olib kelib, o‘quv jarayonlarini boshladik. Natijalar yomon emas. Buni biz bolaning psixologiyasidan bilib olishimiz mumkin. Ota-onaning xursandchiligidan ham bilsak bo‘ladi. Nogironligi bor ota-ona farzandining kelajagi haqida bosh qotirar ekan, inklyuziv ta’lim ayni muddao bo‘ldi. Bu tizim bolaning kelajakda ham o‘zining o‘rnini topa olish imkoniyatini ochib berdi, desak yanglishmaymiz. Bu ta’lim tizimini tashkil qilishda biz ota-ona murojaati bilan birga ijtimoiy xizmatlar tizimi bilan birgalikda ish olib bormoqdamiz.

Ta’kidlash kerakki, 2025-2026 o‘quv yilida viloyat bo‘yicha qo‘shimcha 45 ta maktabda inklyuziv sinf tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, o‘quvchilarning qamrovi 150 nafarga yetkaziladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 16.04.2025
- Ko'rishlar: 275
- Chop etish