Bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida inson qadri va xalq manfaatlari ustuvor bo‘lgan Yangi O‘zbekiston barpo etilmoqda. Davlatimiz va xalqimiz oldidagi bunday ulug‘ maqsadga erishish uchun avvalo jamiyatimizda inson huquqlari ta’minlanishini yanada mustahkamlash, aholining bu boradagi huquqiy bilimini oshirish g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali ayni shu dolzarb maqsadga erishish, inson huquqlarini himoya qilish va qonuniy kafolatlash borasidagi milliy amaliyot hamda xorijiy tajribani yoritishga ixtisoslashgan. Jurnal o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi dolzarb ilmiy hamda ma’rifiy maqolalarni yurtimizda va xalqaro miqyosda yoritib kelmoqda.
Shuningdek, u Oliy attestatsiya komissiyasining siyosiy fanlar, huquqshunoslik, falsafa, tarix, islomshunoslik va sotsiologiya fanlari bo‘yicha dissertatsiya asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan. Xalqaro identifikatsiya raqami (doi®): 10.34920/p1696-2206-6326-y.
Jurnal tahririyatining ijodiy jamoasi 2024-yilda “Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning “Inson huquqlari va ijtimoiy hayotimiz bilan bog‘liq dolzarb mavzulardagi materiallari uchun” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan.
Joriy yilning 16-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining 2025-yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yiliga bag‘ishlangan navbatdagi soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda jurnalning mazkur sonida maqolasi nashr etilgan tadqiqotchilar, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Toshkent davlat yuridik universitetining doktorantlari va mustaqil tadqiqotchilari ishtirok etdi. Taqdimot tadbirida “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining Tahrir kengashi a’zolari va mamlakatimizdagi huquqiy mavzularni yoritishga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari vakillari ham qatnashdi.
Anjumanni “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali Tahrir kengashining raisi, akademik Akmal Saidov tabrik so‘zi bilan ochdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan ilmiy-huquqiy jurnallarning o‘rni va ahamiyati haqida to‘xtalib, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalini yurtimizdagi yetakchi ilmiy-ma’rifiy jurnallardan biri sifatida e’tirof etdi.
Shundan so‘ng, jurnal bosh muharriri Erkin Ernazarov jurnalning chorak asrlik tarixi, tahririyatning bugungi faoliyati haqida yig‘ilganlarga atroflicha ma’lumot berdi. Shuningdek, jurnalning 2025-yildagi birinchi sonida maqolalari nashr etilgan mualliflar o‘z maqolalari mavzusidan kelib chiqib ma’ruza qildilar.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist, yuridik fanlar doktori, professor Omon Oqyulov, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi katta prokurori Bobir Turdiyev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi doktoranti, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Shahlo Safarova, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetining doktorantura maktabi katta mutaxassisi Begimxon Abdurahimova, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti dotsenti, yuridik fanlar nomzodi Xojabay Kabulov, Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti Lola Rahimqulova, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi tayanch doktoranti Sevara Begmatovaning dolzarb mavzulardagi ilmiy ma’ruzalari tinglandi.
Har bir ilmiy ma’ruzadan so‘ng muhokama va savol-javoblar o‘tkazildi.
Taqdimot tadbirini jurnal Tahrir hay’ati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Halim Boboyev o‘z nutqi bilan yakunladi. U jurnalda nashr etilgan ilmiy maqolalarga xolis va tanqidiy munosabat bildirib, tadqiqotchilarga ilmiy tadqiqot olib borish va ilmiy maqola yozish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Jurnal faoliyatiga esa omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir doirasida “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining 2025-yildagi birinchi sonida maqola nashr etgan har bir muallifga maxsus sertifikat topshirildi.
Ilmiy tadqiqotchilarni ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ushbu ma’rifiy tadbir mamlakatimizning turli hududlaridagi oliy ta’lim muassasalarida yuridik sohada tadqiqot olib borayotgan izlanuvchilarning o‘zaro fikr va tajriba almashishlari uchun o‘ziga xos muloqot maydoni vazifasini bajardi.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali
bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 16.04.2025
- Ko'rishlar: 295
- Chop etish