Huquqiy ong va huquqiy savodxonlikni oshirish davr talabi

Odamlarni hayotdan rozi bo'lib yashashini ta'minlash bugungi siyosatning asosiy maqsadiga aylandi. Har bir fuqaroning qonuniy manfaatini ta'minlash, ayniqsa, huquqiy savodxonligini oshirish yo'lida keng ko'lamli islohotlar olib borilayotgani so'zimiz isboti. Huquqiy ong va huquqiy savodxonlikni oshirishda esa ilmiy-ma'rifiy nashrlarning roli katta. “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalini ham ana shu nashrlar qatoriga qo'shish mumkin.

 

16-aprel kuni jurnalning 2025-yildagi birinchi soni taqdimoti bo'lib o'tdi. Unda huquqshunoslik, siyosiy fanlar, falsafa va sotsiologiya sohalarida faoliyat yuritayotgan professorlar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqalar ishtirok etishdi.

 

Tadbir asnosi so'z olganlar jurnalning ushbu sonidan o'rin olgan ilmiy maqolalar xususida fikr-mulohazalar bildirishdi. Ayniqsa, akademik Akmal Saidov va professor Omon Oqyulov hammuallifligidagi “Sun’iy intellektning ijtimoiy maqomi va huquqiy rejimi shakllanishining istiqbollari” nomli maqola bahs-munozaralar asosida tahlil qilindi. Ta'kidlangandiki, sun'iy intellekt kelajakda insoniyat uchun katta xavf tug'diradi. Ko'plab kasblarning yo'qolib ketishi oqibatida millionlab odamlar ishsiz qolishi mumkin.

 

– Aholining huquqiy savodxonligini oshirishda bu kabi maqolalarning o'rni beqiyos, – dedi yuridik fanlari doktori, professor Halim Boboev. – Bu nafaqat shaxs uchun, balki jamiyat, davlat uchun ham foydali. Umuman, jurnalni varaqlab, yangi sonida juda dolzarb muammolar ko'tarilganiga amin bo'ldim. Tadqiqotchi-izlanuvchilar orasida yoshlarning ko'pligi meni juda quvontirdi. Ochig'i, ularga havasim keldi. Bizning paytimizda ilmiy ish qilishning o'zi bo'lmasdi. Diplom himoyasi uchun yozilgan ilmiy ishlar Moskvaga jo'natilib, ruxsat olinardi. Bugun yoshlar o'z ona tilimizda emin-erkin ilmiy ish yozishyapti.

 

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali inson huquqlari sohasidagi milliy va xalqaro amaliyot, xalqaro normalar, qonunchilikdagi yangiliklar hamda dolzarb masalalarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir. U 1999 yil 28 yanvarda ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tgan va shu yili ilk soni nashr etilgan. Ayni vaqtda jurnal o'zbek, rus va ingliz tillarida chop etilmoqda.

 

Jurnal Oliy attestatsiya komissiyasining siyosiy fanlar, huquqshunoslik, falsafa, tarix, islomshunoslik va sotsiologiya sohalari bo'yicha dissertatsiya asosiy natijalarini chop etish uchun tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro'yxatiga kiritilgan.

 

Ijodiy jamoaning mehnatlari munosib e'tirof etilib, 2024 yilda “Oltin qalam” milliy mukofotining “Inson huquqlari va ijtimoiy hayotimiz bilan bog'liq dolzarb mavzulardagi materiallari uchun” nominatsiyasi bo'yicha g'olib deb topildi. Bu jurnal nafaqat ilmiy, balki axborot va ma'rifiy sohada ham munosib o'rin egallab kelayotganidan dalolatdir.

 

Bir so'z bilan aytganda, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bugungi kunda faqatgina bir nashr emas, bilim, fikr, tajriba va huquqiy ong maydonidir. U inson huquqlari sohasidagi ilmiy salohiyatni namoyon etish, keng jamoatchilikni xabardor qilish, yosh tadqiqotchilarni qo'llab-quvvatlash hamda demokratik jarayonlarni mustahkamlashga munosib hissa qo'shmoqda.

 

Feruza Rahimova,
Quvonch To'raev
ishonch. uz

Powered by GSpeech