O‘zbekiston Parij bitimini imzolaganiga 8 yil bo‘ldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 4-aprel kuni o‘tkazilgan Samarqand xalqaro iqlim forumidagi nutqida O‘zbekiston Parij bitimi doirasida bug‘ gazlari chiqarishni 35 foizga kamaytirish bo‘yicha olgan majburiyatini muddatidan oldin bajarish uchun barcha sa’y-harakatlarini ishga solishini qayd etdi. Davlatimiz rahbari uqtirganidek,atrof-muhitni asrab-avaylashda mas’uliyat barchamizning zimmamizda”.

Bu haqda so‘z borganda, dastavval, Parij bitimi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ortib borayotgan global tahdidlarning oldini olish maqsadida 2015-yil 12-dekabrda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Hadli konvensiyasi tomonlarining 21-konferensiyasi doirasida qabul qilingani va 2016-yil 4-noyabrda kuchga kirganini ta’kidlash lozim.

Hozirgi vaqtda Parij bitimini imzolagan 195 mamlakatning 180 tasi mazkur hujjat ishtirokchisi hisoblanadi. Bitimni ratifikatsiya qilmagan mamlakatlar kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lib, ular uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan iqlimga doir dastur va loyihalarni moliyalashtirishda cheklovlar qo‘llaniladi.  

Parij bitimi – atmosferaga is gazlari chiqindilarini kamaytirish va global o‘rtacha harorat darajasi o‘sishini cheklash orqali iqlim o‘zgarishining oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasidagi jahon hamjamiyati sa’y-harakatlarini birlashtirishga yo‘naltirilgan xalqaro kelishuv.

Mazkur bitimning maqsadi sayyoramizda global isishni industrial rivojlanish-davridagi o‘rtacha haroratga nisbatan Selsiy shkalasi bo‘yicha 2°S da saqlab turish hamda haroratning-1,5°S gacha o‘sishini cheklashga harakat qilishdan iborat. Parij bitimi shartlari issiqxona gazlarining global ajratmalarini 2050-yilga borib 40-70 foizga kamaytirishni, 2100-yilgacha esa uning 0 yoki manfiy ko‘rsatkichga yetkazishni talab etadi.

Bundan 8-yil oldin, 2017-yil 19-aprel kuni –  BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida O‘zbekiston-Parij bitimini imzoladi. Bitimni imzolash uchun BMT Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha konvensiyasi kotibiyatiga issiqxona gazlari tashlanmalaridagi milliy miqyosda belgilanadigan hissani kamaytirish to‘g‘risida hujjat taqdim etildi. Mazkur bitim 2018-yil 3-oktyabrda ratifikatsiya qilindi. 

Yanada aniq qilib aytganda, O‘zbekiston 2017-yil 19-aprelida BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida Parij bitimini imzolagan, biroq 2018-yil 3-oktyabrga qadar ushbu bitimni ratifikatsiya qilmagan edi. Ekspertlarning fikricha, Parij bitimi O‘zbekiston uchun qator imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, energiya samaradorligi va energiya tejash bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirishda iqlimiy moliyalashtirish resurslarini jalb qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, yer-suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, salbiy ekologik oqibatlarga qarshi kurashish shular jumlasidandir.

Parij bitimida qatnashish investitsiya resurslarini jalb qilish hamda xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlarning kreditlarini olish uchun indikator hisoblanadi. Shu jihatlarni, yanada muhimi, xalqimiz manfaatlarini, ekologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadi ustuvor ekanini inobatga olgan holda, Parij bitimini ratifikatsiya qilgani – O‘zbekistonning umuminsoniy qadriyatlar, bitimda aks ettirilgan atrof-muhitni muhofaza qilish g‘oyalariga sodiqligini yana bir bor  amalda namoyon etdi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi bugungi kunda BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi, Kioto protokoli va Parij bitimi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar jarayonining oliy organi hisoblanadi. Tomonlar konferensiyasi har yili o‘tkaziladi va unda raislik BMT tomonidan tan olingan beshta hududdan biriga navbatma-navbat o‘tadi.

Shu ma’noda, 2024-yilda Ozarbayjon 29-Tomonlar konferensiyasi (COP29) raisi etib saylandi. Keng muloqot maydoni sifatida COP29 konferensiyasi 2024-yil 11–22-noyabr kunlari 198 mamlakatdan 50 mingdan ortiq ishtirokchini Boku shahrida to‘plagan mazkur tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Muhokama davomida ishtirokchilar iqlim o‘zgarishlari, ularning yosh avlod salomatligiga ta’siri va ushbu sohadagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash zarurati tufayli jahon hamjamiyati oldida yuzaga kelayotgan asosiy muammolarga e’tibor qaratdilar.

Jumladan, BMTning Iqlim o‘zgarishi konvensiyasi doirasida 2024-yil 17–19-noyabr kunlari tashkil etilgan “Iqlim o‘zgarishi sharoitida bolalarning salomatlikka bo‘lgan huquqlarini ta’minlash” mavzusidagi parallel tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboyev so‘zga chiqdi. O‘zbekiston vakili iqlim o‘zgarishi sharoitida bolalar huquqlarini ta’minlash global kun tartibidagi muhim masala ekanini ta’kidladi.

Iqlim o‘zgarishi butun dunyoda bolalar huquqlari va farovonligiga keng ko‘lamli va ko‘p qirrali ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Ayniqsa, ekstremal ob-havo hodisalarining ko‘payishi, havo va suv sifatining yomonlashishi, shuningdek, ekologik xavflarning ortishi bilan bog‘liq bo‘lgan ekologik inqirozlar oldida bolalarning zaifligiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslarda faol ishtirok etish va ushbu muammolarni hal etish uchun asosiy sheriklar bilan hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari haqida atroflicha so‘z yuritildi. Parallel tadbirda ishtirokchilar tomonidan Yangi O‘zbekistonning ayni yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarining samaralari e’tirof etildi.

Haqiqatan ham, ekologik tahdidlar, bir tomondan, hozirgi davrga xos global xatarlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi jiddiy muammolar qatoriga kiradi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi o‘z tarixida ilk bor 2021-yilda musaffo, sog‘lom va barqaror atrof muhit – bu inson huquqlarining uzviy qismi, deb e’tirof etgani hamda bu sohada Maxsus ma’ruzachi maqomini ta’sis qilgani xuddi shu omillar bilan chambarchas bog‘liq.

Ma’lumki, COVID-19 pandemiyasi dunyo davlatlarining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi ko‘p tomonlama shartnoma va bitimlar, jumladan, BMTning 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari, Parij bitimi kabi o‘zaro kelishuvlarda zimmasiga olgan majburiyatlari bajarilishiga jiddiy xalal berdi. Aksariyat mamlakatlarda ushbu yo‘nalishdagi vazifalarning moliyalashtirilishi va bajarilishi zarur darajada ta’minlanmasdan qoldi.

Ona zaminimizning suv zaxiralarini o‘ylovsizlik va isrofgarchilik bilan sarflash, tabiat va bioxilma-xillikka muntazam ziyon-zahmat yetkazish, Yer va koinotni chiqindixonaga aylantirish,  ana shu salbiy jarayonlar asnosida kutilajak turli ofatlarga qarshi kurash imkoniyatlarining cheklanishiga bevosita sababchi bo‘lish – bularning barchasi insoniyat boshiga yangidan yangi balolar yog‘dirmoqda. Boz ustiga ekologik ofatlar mavjud tahdidu xatarlarning yanada kuchayishiga turtki bo‘lmoqda.

Markaziy Osiyo mintaqasi ham iqlim o‘zgarishlari va ekstremal ob-havo hodisalari oldida zaif ekani sezildi. Hozirgi vaqtda mintaqa mamlakatlarida kuzatilayotgan suv taqchilligi ekinlarni sug‘orish imkoniyatlarini cheklamoqda.

Binobarin, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, atrof muhitni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni asrab-avaylash ishlariga muntazam e’tibor qaratilayotgani juda muhim. Iqlim bo‘yicha ilk global bitim hisoblanuvchi Parij bitimi mamlakatimiz uchun qator imkoniyatlarni taqdim etdi.

Parij bitimi global isishning oldini olish uchun global harakat rejasini belgilab beradi. Bitim tabiiy yoqilg‘ilardan butunlay voz kechishni nazarda tutmaydi, albatta. Biroq barcha mamlakatlardan havoni ifloslantirishni kamaytirishi, texnologik qayta qurollanish va iqlim o‘zgarishiga moslashish kerakligi so‘raladi. Bundan tashqari, energiya quvvatlarini yetkazib berish ham asta-sekin qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tilishi lozim.

Shu nuqtayi nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 7-fevralda imzolagan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonda:

  • “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida va Oliy Majlis palatalarining majlislarida belgilangan vazifalarning ijrosini og‘ishmay tashkil etish;

  • BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risida hadli konvensiyasining Kioto protokoli va Parij bitimi doirasida mamlakatning global hamjamiyat oldida olgan majburiyatlarini bajarishda tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish;

  • ularning raqobatbardoshligi va resurs tejamkorligini ta’minlash;

  • iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish hamda aholining yashash sifatini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishning yangi “yashil rivojlanish” modeliga o‘tish masalalari asosiy maqsad etib belgilangani bejiz emas.

Xulosa qilib aytganda, Davlat dasturidagi ustuvor maqsad va asosiy vazifalarning barchasi “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili talab va mezonlaridan kelib chiqqan holda belgilab berildi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Biz tabiat haqida so‘z yuritganda, ko‘pincha “ona tabiat” degan iborani ishlatamiz. O‘ylaymanki, bu shunchaki chiroyli, shoirona so‘z emas, balki uning zamirida chuqur hayotiy haqiqat bor. Biz mo‘tabar ona zotini qanday yuksak hurmat-ehtirom qilsak, o‘zimizni qurshab turgan tabiatga ham shunday munosabatda bo‘lishimiz zarur. Zero, tabiatni asrash – insonni asrash demakdir”.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech