Vali G‘afurovning "Vafodor" romani – igna bilan yozilgan kitob

9-may – Xotira va qadrlash kuni

 

Bu yil mamlakatimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuniga har galgidan ham o‘zgacha hozirlik ko‘rilgani bejiz emas. Chunki, bir tomondan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 2025-yilni – Xalqaro tinchlik va ishonch yili deb e’lon qilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, joriy yilda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80-yilligi nishonlanmoqda.

Shu munosabat bilan davlatimiz rahbarining bir necha hujjatlari izma-iz e’lon qilindi. Bu o‘rinda, xususan, O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 25-fevralda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80-yilligi” esdalik yubiley medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi va 19-fevralda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmonlari, shuningdek, “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80-yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori haqida so‘z bormoqda.

Bundan ko‘zlangan maqsad – Vatan himoyasi yo‘lida mardonavor kurashgan buyuk ajdodlarimizga alohida e’tibor va chuqur ehtirom ko‘rsatish, g‘alabaga bebaho hissa qo‘shgan O‘zbekiston fuqarolari – 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini munosib ravishda izzat-ikrom bilan sharaflashdir.

Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, "Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm balosiga qarshi kurashda ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi tomonidan amalga oshirilgan buyuk tarixiy ishlarni, uning yengilmas, kuchli irodasi va qahramonligini, o‘sha suronli yillar haqiqatini kelgusi avlodlarga aniq misollar asosida yetkazish, ularni jasorat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash g‘oyat muhim ahamiyatga ega".

Ikkinchi jahon urushi haqida so‘z borganda, ko‘pchilik jangchi adib Vali G‘afurovning ikki kitobdan iborat «Vafodor»    romani, shuningdek «So‘nggi pushaymon»,  «Botirga   o‘lim yo‘q»  kabi  qissalari,   «Shoxlardagi   mezonlar»   kitobidan joy olgan xotiralari va o‘nlab ajoyib hikoyalarini yodga oladi. Kasbi oddiy o‘qituvchi bo‘lishiga qaramay,   muallif o‘zbek adabiy jarayoniga o‘ziga xos hissa qo‘shgani uchun 1985-yilda "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi" unvoni bilan taqdirlangan.

Vali G‘afurov 1922-yilda Toshkent viloyatining Zangiota qishlog‘ida tug‘ilgan. Ota-onasining 9 nafar farzandli (5 o‘g‘il va 4 qiz) bolajon oilasida Valijon aka oltinchi farzand bo‘lgan.

Biz qo‘shni turganmiz, yonma-yon hovlilarda yashaganmiz. Shu bois u kishining nihoyatda   oddiy,   ayni   chog‘da hayajonli,    jasoratga    to‘la, sermazmun tarjimayi  holi haqida batafsilroq to‘xtalishga jazm etdim.

Valijon akaning oddiyligi shunda ediki, hech qachon ayrim  hamkasblari   kabi  mansab lavozimlarida o‘tirmagan. Hamisha o‘qish, mehnat bilan mashg‘ul bo‘lgan. Dastlab yetti yillik maktab ta’limini bitirib, so‘ng Toshkent Davlat universitetidagi o‘qituvchilik kursida tahsil olgan. 1940-yilda Samarqand viloyati maktablarida o‘qituvchilik qilgan.

Vali G‘afurov 19 yoshga yetar-yetmas jangu jadalga otlangan. Aytishlaricha, Vali aka otam Xolmat Saidov bilan bir kunda va birga frontga ketishgan.

Valijon aka 1941-yili Nalchik harbiy piyodalar bilim yurtiga o‘qishga yuborilgan. 1942-yil yoz oylarida fashistlar Shimoliy Kavkaz, Don sohillari va Stalingrad ostonasiga yaqinlashib qolgani, janubiy yo‘nalishga strategik ustuvorlik qaratilgani sababli frontning bu qismida vaziyat birdan qaltislashgan. Natijada Valijon aka va boshqa saboqdoshlarining o‘qish jarayoni jadal yakunlanib, barcha kursantlar janggohga yuborilgan.

Pulemyotchi Vali G‘afurov avval Stalingrad ostonasida mardlik namunasini ko‘rsatgan. Keyin 1942-yil 19-oktyabrda Sevastopolni qahramonona mudofaa qilish asnosida ro‘parasida portlagan snaryad parchalaridan og‘ir jarohatlangan. Oqibatda ikki ko‘zidan ajralgan va bir oyog‘i nogiron bo‘lib qolgan.

Vali G‘afurovning sirdosh do‘sti va "Vafodor" romanining ilk nashriga so‘zboshi yozgan ijodiy hamkori jurnalist O.Sidelnikovning qayd etishicha, Valijon aka gospitalda hushiga kelib, endi bu yorug‘ dunyoni hech qachon ko‘rolmasligidan xabar topgan ilk damlarda nihoyatda tushkunlikka tushgan, hattoki, o‘z joniga qasd qilish xayoliga ham borgan.

Ammo, keyinchalik, uchuvchi Aleksey Maresevning qahramonligi va yozuvchi Nikolay Ostrovskiyning taqdiri haqidagi ibratli qissalar unga yupanch va taskin bergan. Moskva uchun janglarda qahramonlik ko‘rsatish asnosida ko‘zlaridan judo bo‘lgan jurnalist K.Zotov gospitalga Valijon akani yo‘qlab kelgan va hamdardiga astoydil dalda bergan.

Natijada Vali G‘afurov o‘zida yashash uchun kuch topgan. Keyinchalik u kishi «Igna bilan yozilgan roman» kitobini va shu asarni yozishda qo‘l kelgan ish qurollarini N.Ostrovskiy muzeyiga sovg‘a qilgan. Bugungi kunda Valijon akaning kitoblari hamda hayoti va faoliyatiga oid eksponatlar Moskva va Volgograd shaharlaridagi jangovar muzeylarda, shuningdek Toshkentdagi O‘zbekiston tarixi muzeyida ham saqlanmoqda.

Vali G‘afurov urushdan qaytishi bilan tirishqoqligi, mehnatsevarligi va yaxshi odamlar ko‘magi tufayli Brayl tizimida igna bilan o‘qib-yozishni tezda o‘zlashtirib olgan. Yana o‘qituvchilik qilgan, ko‘zi ojiz katta yoshlilarga dars o‘tgan. Keyinchalik O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatiga qarashli ishlab chiqarish kombinatini boshqargan.

Shu jarayonda, ya’ni XX asrning 60-yillari boshida Vali G‘afurov qalamiga mansub «Vafodor» romanining birinchi kitobi nashr etildi. Asarning haqli ravishda "igna bilan yozilgan roman" deya dovruq qozongani bejiz emas. Buning sabablari, birinchidan, roman haqiqatan ham brayl-igna bilan yozilganiga borib taqalsa, ikkinchidan, ko‘zi ojiz, o‘zi nogiron odamning ming bir mashaqqat bilan kitob bitganiga bog‘liqdir.

Masalaning yana bir muhim tomoni bor. Gap shundaki, Valijon aka bolalik yillaridayoq adabiyotga qiziqqan, ba’zan she’rlar yozib, yoshlar nashrlariga yuborib ham turgan. Biroq, urush va urushdan keyingi nogironlik navqiron ijodkorning orzu-havasi eshiklarini taqa-taq bekitgandi. Shu ma’noda, Vali G‘afurov yozuvchilik kasbidan bir qadar uzoq bo‘lishiga qaramay, eng yirik nasriy janrda asar, ya’ni roman yozishga muvaffaq bo‘lgani mislsiz matonat timsoli edi.

Bu kitob bitilgan va tilga tushgan vaqtlarni yaxshi eslayman. Valijon akaning karton qog‘ozlarga brayl-igna bilan o‘yib yozilgan "qo‘lyozma"larini qizi Umidaxon mashinkada terib berardi. Qo‘shnimiz biron joyga boradigan bo‘lsa ham, shu qizi yetaklab yurardi. Valijon aka 8 nafar farzandning otasi bo‘lib, 5 nafar o‘g‘il va 3 nafar qizlardan iborat katta oilasi o‘zaro ahil, bolalari ham otasiga juda mehribon va oqibatli bo‘lgan.

Shu tariqa 1973   yilda  «Vafodor» romanining ikkinchi kitobi dunyo yuzini ko‘rdi. Asar kitobxonlar va adabiy jamoatchilik tomonidan juda iliq kutib olindi, rus va qardosh tillarga tarjima qilindi. Romanda yozuvchining shaxsiy hayoti, taqdiri orqali xalqimizga xos metin-mustahkam iroda, qat’iyat, qahramonlik, birodarlik tuyg‘ulari ulug‘langani juda muhim, ta’bir joiz bo‘lsa, barcha zamonlar uchun ham dolzarbdir.

Vali G‘afurov keyin ham ko‘plab asarlar yozdi. 1970-yilda SSSR Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi. 1973-yili "Mehnat Qizil bayroq" ordeni bilan mukofotlandi. Mahallamizda u kishining obro‘-e’tibori va hurmati nihoyatda baland edi. Bironta to‘y va marosim Valijon akaning oq fotihasi va ezgu tilaklarisiz boshlanmasdi.

Kunlardan bir kuni Valijon akaning hamsoyasi va qadrdoni Abdirahim aka Mirzayev va turmushi o‘rtog‘i bevaqt vafot etdi. Ularning hali uyli-joyli bo‘lib ulgurmagan 3 nafar farzandi yetim qoldi. Marhumlarning yili o‘tganidan so‘ng, Vali G‘afurov o‘sha oilaning to‘ng‘ich farzandini uylantirish uchun otalarcha shahd bilan to‘y tadorigiga kirishdi.

Mahalla ahli Valijon akaga bu savobli ishda har tomondan madadkor bo‘ldilar. Mening zimmamga to‘yga san’atkorlarni olib kelish yumushi yuklandi. U zamonlarda san’at ahlining to‘yda ishtirok etishi bilan bog‘liq aniq tartib-qoida yo me’yorlar mavjud emasligi uchun bu iltimosni ijobiy hal qilishga ancha qiynaldim.

 Bemor tuzalishni istasa, tabib o‘z oyog‘i bilan kelar  va xayrli ish bitmay qolmas, degan maqollarda hikmat ko‘p ekan. O‘shanda O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Rahimova ishxonamga - Respublika yoshlar tashkiloti binosiga o‘zlari kelib qoldilar. Opaga iltimosimni aytdim va ahvolni tushuntirdim. Gavhar opa O‘zbekiston xalq artisti Kommuna Ismoilova bilan birga mahallamizdagi to‘yga tashrif buyurishga va’da berdi.

Valijon aka bilan mahalladoshlar oldida yuzim yorug‘ bo‘lishiga ikki karra ishonchim komil bo‘lgandi. Chunki Gavharxonim Rahimova O‘zbekiston xalq artisti Tamaraxonimning singlisi, xalqimizning sevimli san’atkori, taniqli qo‘shiqchi, raqqosa va baletmeyster, o‘zbek professional raqsi asoschilaridan biri bo‘lsa, o‘z navbatida, Kommuna Ismoilova mashhur xonanda, mumtoz navolar va maqom, o‘zbek xalq qo‘shiqlari va zamonaviy ashulalarning mohir ijrochisi edi.

Qolaversa, Ikkinchi jahon urushi yillari Gavharxonim Rahimova O‘zbek davlat xotin-qizlar front ansambliga badiiy rahbar bo‘lgan. Kommuna Ismoilova esa shu ansambl tarkibida ishtirok etgan. Ular frontning ilg‘or hududlarida jang qilgan askarlarga olti oydan ko‘proq muddat davomida konsertlar namoyish etishgan.

O‘zbekiston xalq artistlari Gavhar Rahimova bilan Kommuna Ismoilova aytilgan vaqtda mahallamizda hozir bo‘ldilar. Hammaning kayfiyati chog‘, anchadan beri bu qadar nomdor san’atkorlar mahallamizga kelmagan edi. Endi, odatdagidek, Vali aka G‘afurov to‘yni ochib bersalar kifoya.

Biroq, kutilmagan tashvishli xabarni eshitdik. O‘sha kuni Valijon akaning sog‘lig‘i birdan yomonlashib qolgan va u kishini kasalxonaga shoshilinch olib ketishgan ekan. Hozirgina shifokorlar  tuzalib ketishlariga umid yo‘qligini aytib, uylariga javob berishibdi.

Oqsoqollar maslahatlashib to‘yni keyinga qoldirmaslikni, musiqa ovozini pastroq qo‘ygan holda, tantanani o‘tkazaverishni maslahat berishdi. To‘y boshlandi. Dastavval san’atkor opalarimiz oq-qora xonatlas liboslarda davraga chiqib, o‘zbekcha xonishlar, lapar va yallalar bilan davrani qizdirishdi.

So‘ng dunyo xalqlarining kuy, qo‘shiq va raqslariga navbat keldi. Birdan to‘yxona uzra "Katyusha" qo‘shig‘i yangradi. Ana shu hammaga tanish ohang harbiy-jangovar konsert dasturini boshlab berdi. Goh Kommuna opa qo‘shiq aytadi va Gavhar opa raqs tushadi. Goh har ikki san’atkor birga kuylab, birga o‘ynaydi.

To‘y ahli san’at sehridan sel, hatto davraga chiqib raqs tushayotganlar ham oz emasdi.      Shunda to‘satdan to‘yxonaga mahalla oqsoqoli bilan yetaklashgan ko‘yi Vali G‘afurov kirib keldi. Kuy-qo‘shiqlar bir muddat to‘xtadi. Valijon aka to‘y sababchilari bo‘lmish yosh kelin-kuyovni muborakbod etib, mahalla ahliga baxtu omad, ezgu tilaklarini tiladi, menga rahmat aytishni ham unutmadilar.

Ayniqsa, yoshlarning shodiyonasida xizmat qilayotganlari va o‘zini sho‘x qo‘shiqlari bilan ruhlantirib, yana hayotga qaytarganlari uchun sevimli san’atkorlarimizga Valijon aka alohida minnatdorchilik bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, Sevastopol jangi arafasida Gavharxonim Rahimova badiiy rahbarligidagi O‘zbek davlat xotin-qizlar front ansambli Vali G‘afurov xizmat qilgan harbiy qism jangchilari uchun konsert namoyish etgan ekan.

Valijon akaning o‘sha paytdagi bir ta’sirchan e’tirofi haligacha quloqlarim ostida jaranglab turibdi. "O‘shanda konsert tugashi bilan jangga kirganmiz. Shu ansambl a’zolari men ko‘zlarim ochiqligida, snaryad parchalari ikki ko‘zimdan judo qilishidan avval ko‘rgan eng oxirgi o‘zbek qizlarining siymolaridir", degandi u kishi.

Vali G‘afurov, shifokorlarning xavotirli tashxislariga qaramay, o‘shandan keyin ham bir necha yil yashadi. U kishi 1994-yil 31-iyulda 72 yoshida vafot etdi va Zangiota qabristoniga dafn qilindi. Matonatli jangchi va irodali ijodkor, kamtar va ibratli qo‘shnimizning xotirasi hamisha barhayot.

 

Akmal Saidov,

akademik

“TOSHKENT HAQIQATI” gazetasi 2025-yil 7-may № 31 (13792) - soni

Powered by GSpeech