Vatan va tinchlik yo‘lidagi jasorat unutilmaydi

Shu kunlarda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida yurtimizning barcha hududlarida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80-yilligi hamda 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Bu turli tadbirlarning mohiyatida O‘zbekiston xalqining tarixiy qahramonligi, fidokorona mehnatini ulug‘lash, yosh avlodni ona Vatanga sadoqatli, bugungi tinch, osoyishta hayotni asrab-avaylashga qodir insonlar etib tarbiyalash maqsadi mujassamdir.

O‘zbekiston Prezidentining bu borada imzolagan ikki farmoni va qarorida e’tirof etilganidek, xalqimizning Vatan himoyasi yo‘lidagi yuksak mardlik va qahramonliklari barcha avlodlar uchun namuna va ibrat maktabi vazifasini bajarib kelmoqda.

Xususan, Ikkinchi jahon urushiga o‘zbekistonliklarning 2 millionga yaqini safarbar etilib, shundan 538 ming nafardan ortig‘i jang maydonlarida qahramonlarcha halok bo‘lgan, 158 ming nafardan ortig‘i bedarak yo‘qolgan, mustaqillik yillarida 200 nafarga yaqin harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari mamlakatimizning tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida o‘z jonini fido qilganlar.

Bu haqda so‘z borganda, yurtimizda aynan G‘alaba bog‘i timsolida, jumladan, urushda asir tushgan, konslagerlarda vafot etgan yoki bedarak ketgan vatandoshlarimiz xotirasini yod etishga ham jiddiy e’tibor qaratilganligini ta’kidlash lozim. Bu yerda Niderlandiyaning «Amersfort» konslagerida fashistlar tomonidan otib tashlangan 101 nafar o‘zbek askarining fojiali taqdiri bilan bog‘liq shu paytgacha oshkor etilmagan arxiv hujjatlari saqlanayotgani  bu fikrlarimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Gap shundaki, niderlandiyalik taniqli tadqiqotchi va yozuvchi Remko Reyding faoliyati davomida urush yillari o‘z vatani hududida joylashgan "Amersfort" konslagerida asir bo‘lgan sovet harbiylarining qabristonida 865 nafar noma’lum askar ko‘milgani, ularning 101 nafari o‘zbek bo‘lganini aniqlagan. Dastlabki olti oy davomida 24 nafar asir ochlik, kasallik va shafqatsiz munosabat tufayli bevaqt vafot etgan bo‘lib, qolgan 77 kishi esa 1942-yil 9-aprelda otib tashlangan.

O‘sha konslagerda asirlikda bo‘lgan gollandiyalik bir mahbus tomonidan 9 ta portret chizilgan. Shundan faqat ikkitasida Hotam Qodirov va Zoyir Murodov ismlari yozilgan ekan. Zero, 101 nafar o‘zbek askari fashistlar konslageridagi jahannam azobiga qaramasdan, insoniy or-nomusi va milliy g‘ururini saqlab qolgan. Mualliflar A. Irgashev va Yu. Medvedovskayaning ushbu mavzuga bag‘ishlangan «Bir yuz bir» nomli romani G‘alaba bog‘idagi muzey ekspozitsiyasi va kutubxonadan joy olgan.

Bu tarixiy hujjatlar bilan tanishib, "Amersfort"da asirga tushgan 101 nafar o‘zbekning chekkan uqubatlaridan yuragingiz dog‘lanadi. Biroq, go‘yo ularni ozod etishga shoshayotgan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va frontga peshma-pesh jo‘natilgan samolyotlar, snaryadlar, shuningdek o‘sha mash’um kunlardagi jangovar hayot sasi, o‘zbek jangchilarining mardona ovozlari yupanch, qalbingizga dalda bo‘ladi.

Remko Reyding nomi yurtdoshlarimizga yaxshi tanish va juda qadrlidir. Chunki u Ikkinchi jahon urushi davrida Smolenskdagi qaqshatqich janglarda mardlarcha kurashgan va asirga olinib, fashistlarning Niderlandiyadagi “Amersfort” konslageriga tashlangan 101 nafar o‘zbek askarining achchiq qismati haqida birinchilardan bo‘lib bong urgan fidoyi ijodkor hisoblanadi.

Niderlandiya zaminida xoklari yotgan 101 nafar o‘zbek jangchisi 1941-yilda fashistlar tomonidan asirga olingan va 1942-yil 9-aprelda qatl etilgan. Aynan Remko Reyding tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan “Sovet jangchilari shon-shuhrati maydoni” jamg‘armasi har yili shu qayg‘uli sanada sobiq “Amersfort” konslagerining yurtdoshlarimiz otib tashlangan maydonida xotira tadbiri o‘tkazib keladi.

 R.Reyding Ikkinchi jahon urushining o‘zbekistonlik 101 nafar qahramoni va qurboni taqdirini chuqur o‘rganib, shu qayg‘uli va ibratli voqea tafsilotlari haqida “Shon-shuhrat maydoni bolalari” nomli kitob yozgan. Bu boradagi izlanishlarini 20-yildan buyon sadoqat va matonat bilan izchil davom ettirmoqda.

Kamina 2022-yil yanvarida Bryusselda taniqli jurnalist va adib Remko Reyding bilan bir necha bor uchrashganman. Qizg‘in muloqotlarimiz chog‘ida qattol urushning o‘zbekistonlik 101 nafar qahramoni va qurboni taqdirini chuqur o‘rgangani hamda ana shu qayg‘uli va ibratli voqea tafsilotlari haqida alohida kitob yozgani uchun unga minnatdorchilik izhor etish imkoniga ega bo‘lganimdan faxrlanaman.

O‘sha muloqotlarning birida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2020-yili Toshkent shahrida ochilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi tarkibida 101 nafar o‘zbek jangchisi xotirasiga bag‘ishlab “Konslager” yodgorligi bunyod etilgani haqida gaplashdik. Shuningdek, “Shon-sharaf” davlat muzeyida, R.Reyding to‘plagan tarixiy dalil va hujjatlardan foydalangan holda, ayni mavzuni yoritishga qaratilgan maxsus pavilon ishlab turganiga oid xabarni u mamnuniyat bilan qabul qildi.

Shuni ham qayd etish joizki, niderlandiyalik madaniyat arbobi B.Charlak 2021-yilda “O‘zbekiston – Buyuk Ipak yo‘lining gavhari” nomli kitobini nashr ettirdi. Ushbu kitobda 101 nafar o‘zbek askarining achchiq qismati haqida R.Reyding taqdim etgan tarixiy ma’lumotlar qayd etilgan.

E’tibor bering: Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 2025-yilni – Xalqaro tinchlik va ishonch yili deb e’lon qilgani zamirida muayyan hayotiy voqealar va tahdidli dalillar yotibdi. Stokgolm tinchlik muammolarini o‘rganish instituti (SIRPI) hisobotida qayd etilishicha, 2024-yilda global harbiy xarajatlar 2,7 trillion dollarga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 9,4 foizga oshgan. Bu "sovuq urush” davri tugaganidan beri kuzatilgan eng keskin o‘sishdir. Afsuski, mudofaa xarajatlarining oshishi tendensiyasi ketma-ket o‘n yildan beri davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo Ittifoqning yaqinda mamlakatimizda o‘tkazilgan 150-Assambleyasidagi nutqida tashvish bilan uqtirganidek, “so‘nggi yillarda dunyoning turli mintaqalarida qurolli to‘qnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqtisodiy inqirozlar, “savdo urushlari”, terrorizm va ekstremizm tahdidlari tobora kuchayib bormoqda. Bunday o‘ta murakkab sharoitda jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirishni zamonning o‘zi talab etmoqda”.

Binobarin, Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng mudhish, eng beshafqat to‘qnashuv bo‘lganligini unutishga haqqimiz yo‘q. O‘shanda jangu jadallar Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alarida, havoyu okeanlarda kechgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bu urushda jami 85 milliongacha inson halok bo‘lgan. Yer yuzi behisob vayronagarchilik va qahatchilikka yuz tutgan.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari (hozirda sobiq) Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida 2017-yil 12-may kuni yer yuzi sayqali sanalmish Samarqand shahrimizni ziyorat qilganida, unga hamroh bo‘lgandim. Ushbu nufuzli mehmon o‘shanda Ikkinchi jahon urushi davrida fashistlar istilo qilgan Gollandiyaga (Niderlandiyaga) maxsus poyezdda olib kelingan 101 nafar o‘zbek askarining asirlikdagi achchiq qismati haqidagi jurnalist tadqiqotlarini o‘qib, xalqimizning mehribonligi va ulug‘vorligiga ixlosi chandon darajada ortganini so‘zlab berdi.

Bu o‘rinda fashistlar Germaniyasining targ‘ibot bo‘yicha reyxs-ministri Yozef Gebbelsning mash’um rejasiga ko‘ra janggohlarda asir olingan va Yevropadagi o‘lim lagerlaridan biri bo‘lmish «Amersfort»ga qamalgan o‘zbek o‘g‘lonlari tarixi haqida so‘z bormoqda. Ushbu harbiy asirlar Moskvaga boshlanadigan hujum oldidan fashist armiyasining ruhini ko‘tarishga qaratilgan "targ‘ibot filmi"da "jonli va ta’sirchan rol" o‘ynab berishlari kerak bo‘lgan. Ammo ushbu qabih reja amalga oshmagan.

Gap shundaki, lagerning chor atrofi o‘ralgan seryomg‘ir osmon ostidagi qo‘rasida yurtdoshlarimizga necha kunlab ovqat berilmay, g‘ayriinsoniy sharoitlarda saqlangan. Ular kunduzi tog‘da tosh maydalash va uni tashishga majburlanib, kechasi uxlashga imkon berilmasdan, shafqatsiz kaltaklangan, tinimsiz xo‘rlangan. Kunlardan bir kuni lagerga Gebbelsning generallari boshchiligidagi fashist amaldorlari, shuningdek kino operatorlari va rejissyorlardan iborat katta bir ijodiy guruh keladi.

Shu munosabat bilan ozoda va sarishta liboslardagi ko‘rkam ko‘rinishli fashist ofitserlari ezilgan va azoblardan bukchayib qolgan juldur kiyimlardagi asirlar qarshisida saf tortadi. Chiroqlar yonadi, kino kameralari ishga tushadi. Moshinada yangi yopilgan, hidi yoqimli ufurib turgan issiq nonlar olib kelinadi. Nemis ofitseri o‘ziga novvoy uzatgan bulkani olib, devordan ichkariga, o‘zbek asirlari tomonga uloqtiradi.

Fashistlarning fikricha, "inson qatorida ko‘rilmaydigan", lagerdagi "sharoitlar" tufayli esa odamiylik qiyofasini ham yo‘qotayozgan och-nahor va xastahol asirlar o‘zaro non talashib, kinobop tomosha ko‘rsatishlari kerak edi. Bu, o‘z navbatida, Gitlerning nemislar – oliy irq, boshqa millatlarda esa insoniylikka xos zig‘ircha ham xislat yo‘q, degan manfur g‘oyasini tasdiqlab berardi. Biroq, bunday bo‘lmaydi.

Atrofga jimjitlik cho‘kadi. Bir muddatdan keyin asirlardan biri yerda yotgan nonni qo‘liga olib, uch marta o‘padi va ko‘ziga surtadi. So‘ngra nonni keng davrada chordona qurib o‘tirgan o‘zbek asirlarning yoshi ulug‘iga – muallimga olib boradi. Muallim nonni bo‘laklab, dastlabki ushog‘ini eng kichik yoshli mahbusga uzatadi.

Shu tariqa non bo‘laklari hammaga teng taqsimlanadi. Muallim oxirgi bo‘lakni o‘ziga oladi. O‘zbek birodarlarimiz shoshmasdan, hovliqmasdan, odob saqlab, birin-keyin navbat bilan rizqlanishadi. Oxirida Xudoning ne’mati uchun shukronalik fotihasi o‘qilgach, ular tarqalishadi.

Bunday kutilmagan ssenariy fashistlar taxmin qilgandek yakun topmaydi. Oqibatda yurtdoshlarimiz juda qattiq jazolanadi. O‘zbek asirlarning hammasini o‘rmonga olib borib, otib tashlashadi.

Keyinchalik bu ibratli tarixiy voqeadan xabar topgan gollandiyalik jurnalist, yozuvchi va tadqiqotchi Remko Reyding uzoq izlanishlari natijasida ayni mavzuda yirik kitob yozgan. Mualliflar Anvar Irgashev va Yuliya Medvedovskayaning «Bir yuz bir» nomli romani ham shu mavzuga bag‘ishlangan. Bu haqda yana kitoblar chop etilmoqda, ommaviy axborot vositalarida atroflicha ma’lumotlar e’lon qilinmoqda.

O‘z navbatida, G‘alabaning 75-yilligi arafasida o‘zbek kinoijodkorlari millatimizning go‘zal siyratini, azaliy  odobi va insonparvarlik fazilatlarini teran ochib beradigan ushbu hayotiy qissa asosida "101" nomli badiiy filmni tasvirga oldilar. Qattol urushning 101 nafar qahramoni va qurboni haqidagi bu film, «O‘zbekkino» milliy agentligi tomonidan muvofiqlashtirilgan holda, «Uzbekistan Film», «Omad Film Production», «DF SERVICE» kompaniyalari hamkorligida tayyorlangan. 

Rejissyor Hamidulla Hasanovning Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbekistonlik bir yuz bir askarning mardonavor jasorati va fojiali taqdiri haqidagi hujjatli ma’lumotlarga asoslangan «101» filmi milliy kinematografiyamiz uchun yana bir ahamiyatli qadam bo‘ldi. «Bir yuz bir o‘zbek qahramonining Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan bebaho hissasi, ommaviy qahramonligi butun dunyodagi insonlar xotirasida abadiy saqlanib qoladi!» – deydi ssenariy muallifi Yuliya Medvedovskaya.  

Shu ma’noda, inson qadrini joyiga qo‘yish yo‘lidagi ulkan xizmatlari, xususan, Niderlandiya zaminida fashizm qurboniga aylangan o‘zbek jangchilari shaxsini aniqlash yo‘lida ko‘rsatgan fidoyiligi va yurtdoshlarimiz xotirasiga nisbatan yuksak hurmat-ehtiromi uchun Remko Reyding har qancha tahsinu e’tirofimizga munosib, deb hisoblayman.

Remko Reyding hozirgi vaqtda Niderlandiyaning “Sovet jangchilari shon-shuhrati maydoni” jamg‘armasi boshqaruvi raisi lavozimida ishlaydi. Mazkur yodgorlik majmuasi Amersfort shahrining “Rastxof” qabristoniga tutash hududda joylashgan bo‘lib, bu yerda 865 nafar sovet askari, jumladan, 101 nafar o‘zbek jangchisi dafn etilgan.

R.Reyding ana shu qurbonlarning shaxsini aniqlashtirish uchun izchil izlanishlar olib bormoqda. Xususan, R.Reyding 2021-yilda o‘zbekistonlik jangchilarga taalluqli ekani taxmin qilingan bir qancha tarixiy hujjatlarni topishga muvaffaq bo‘lgan.

R.Reyding urush qurbonlari xotirasini tiklash, ularning shaxsini aniqlash, qarindoshlarini topish borasida amalga oshirayotgan ezgu faoliyat Niderlandiya va Rossiya  davlatlari tomonidan yuqori baholangan. Xususan, u 2014-yilda Niderlandiyaning Oran-Nassau Ordeni ritsari unvoni bilan taqdirlangan. Lyosden shahri (Niderlandiya) meriyasi 2019-yilda R.Reydingni jamiyat oldidagi xizmatlari uchun Anni de Boforspeld ko‘krak nishoni bilan mukofotlagan.

R.Reyding O‘zbekistonga bir necha bor kelgan va Ikkinchi jahon urushi davridagi o‘zbek jangchilari jasoratiga bag‘ishlab tashkil etilgan tadbirlarda qatnashgan. Ayniqsa, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi bunyod etilganidan keyingi davrda yurtimizga tashrif buyurib, ommaviy axborot vositalarida ushbu tarixiy majmuadan olgan taassurotlarini samimiy izhor etgani e’tiborlidir.

R.Reydingning Niderlandiya tuprog‘ida dafn etilgan o‘zbek jangchilari qabrlarini obod qilish tashabbusi, bir tomondan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga mos bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan inson qadrini ta’minlash borasidagi davlat siyosatiga to‘liq javob beradi.

Yanada muhimi, bu boradagi ma’naviy-ma’rifiy tashabbuslar O‘zbekiston xalqining tarixiy qahramonligi, fidokorona mehnatini ulug‘lash, yosh avlodni ona Vatanga sadoqatli, bugungi tinch, osoyishta hayotni asrab-avaylashga qodir insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilishi bilan g‘oyat qadrlidir. Chunki, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Biz tinchlik va mustaqillik uchun o‘z jonini ayamagan ota-bobolarimiz va mard o‘g‘lonlarimizning ulkan jasorati, matonati hamda fidoyiliklarini yuragimizda abadiy saqlaymiz”.

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2025-yil 8-may kungi 93 (1419)-soni

Powered by GSpeech