Ozodlik uchun kurashgan insonlarning xotirasi – muqaddas va qadri – aziz

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida joriy yil 7-may kuni Ikkinchi jahon urushining barcha qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan maxsus tantanali majlis bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80-yilligiga bag‘ishlangan ushbu majlis, “BMT yangiliklari” sayti xabarida qayd etilganidek, mart oyida Rossiya tashabbusi bilan qabul qilingan va tashkilotga a’zo qator davlatlar, jumladan, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tomonidan qo‘llab-quvvatlangan BMT Bosh Assambleyasi qaroriga muvofiq o‘tkazildi.

Hujjat xalqaro xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashda BMT atrofida birlashishga, shuningdek, barcha nizolarni BMT Nizomiga muvofiq hal qilishga da’vat etadi. BMT Bosh Assambleyasi 79-sessiyasi raisi Filemon Yang tantanali majlisni ochib, "biz ko‘pincha tabiiy hol deb qabul qiladigan ulug‘ ne’mat – ozodlikni asrab qolish uchun o‘z jonini fido qilgan insonlar" xotirasini yod etishga chaqirdi.

Haqiqatan ham, Ikkinchi jahon urushi jangu jadal va mehnat frontlarida jasoratu matonat ko‘rsatgan faxriylarning aksariyati bugun yuz yoshdan oshgan. Ularning ovozini eshitish imkoniyati tobora kamayib bormoqda. Tarixni asrab-avaylash – nafaqat xotiraga hurmat-ehtirom, balki barchamizning ma’naviy-axloqiy burchimiz hamdir.

F.Yang Birlashgan Millatlar Tashkiloti kelgusi avlodlarni urush ofatlaridan asrash uchun tashkil etilganini eslatdi. Uning ta’kidlashicha, "BMT asoschilari sodda xayolparastlar emasdi, aslo. Ular davlat arboblari bo‘lib, nizo-mojarolar sinovida toblangan shaxslar edi. Ularning tajribasi tarix jarayonida qiyomiga yetgan. Ularning ko‘z o‘ngida o‘shanda dunyo parchalanib ketgandi va ular dunyoning yaxlitligini saqlab qolish uchun yetarli darajada mustahkam bo‘lgan tizimni yaratishga qat’iy azmu qaror qildilar”.

Shu ma’noda, BMT Bosh Assambleyasi Raisi barcha sa’y-harakat va kuch-g‘ayratni insoniyatning yalpi intilishlariga mos keladigan global tinchlik yo‘lida birlashtirishga chorladi.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba "dunyoni irqiy ustunlik nazariyasi jariga – inson hayotining qadri odam bosh suyagini chizg‘ich bilan o‘lchash orqali belgilanadigan tubanlik domiga qulab ketishdan saqlab qolgan”ini eslatdi.

Diplomat "Biz Gitlerga qarshi koalitsiyaning barcha ishtirokchilariga minnatdorchilik bildiramiz va ittifoqchilarning G‘alabaga qo‘shgan hissasini qadrlaymiz”, dedi va G‘alaba ko‘p millionli qurbonlar evaziga qo‘lga kiritilganini ta’kidladi.

G‘alaba yo‘lida, V.Nebenzyaning bayonotiga ko‘ra, “Sovet Ittifoqi 27 million kishining hayotini boy berdi, bunda faqatgina qayta tiklanmas harbiy yo‘qotishlarning o‘zi 12 million kishini tashkil etdi. Tinch aholi orasidagi ko‘p millionli qurbonlar natsistlarning Sovet Ittifoqi xalqlariga nisbatan olib borgan genotsid siyosatining oqibati bo‘ldi".

Qaror mualliflari Ikkinchi jahon urushi yillarida insoniyat boshidan kechirgan fojiani eslatar ekan, uning oqibatlarini bartaraf etish hamda "demokratik qadriyatlar, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida ilgari surish" borasida erishilgan yutuqlarni e’tirof etdilar.

Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar nomidan so‘zga chiqqan Stavros Lambrinidis Ikkinchi jahon urushi tugaganining saksoninchi yiliga "Yevropa va butun dunyo tarixidagi chuqur fojiali sahifa", shuningdek, "mushohada qilish vaqti" deya ta’rif berdi.  Uning fikricha, "Bu barcha qurbonlar xotirasiga hurmat ko‘rsatish va urush hamda uning oqibatlari olib ketgan son-sanoqsiz insonlar yodini yo‘qlash uchun bir sababdir".

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, ushbu sana kelgusi avlodlar uchun yanada tinch, adolatli va farovon kelajakni ta’minlashda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo barcha davlatlar bilan hamkorlik qilishga sodiqlikni yana bir bor tasdiqlash imkoniyati hamdir. S. Lambrinidis ta’kidlaganidek, "Mustaqil davlatlarni bo‘ysundirish maqsadida kuch ishlatish va tajovuz qilish, demokratiyaga zarar yetkazish uchun hokimiyatni suiiste’mol qilish va nafratni butun xalqlarning huquqlarini poymol qilish va hatto yo‘q qilish quroliga aylantirish – BMT Nizomi va xalqaro huquqning tinchlikparvar kuch-qudrati tufayli yakdil qoralanadigan bunday qabohat o‘tmishda abadiy qolishi va kelajakda hargiz takrorlanmasligi zarur".

Shuni ham qayd etish joizki, BMT Bosh Assambleyasi 2020-yil 5-noyabrda ham Rossiya tomonidan taklif qilingan rezolyutsiyani qabul qilgan. Unga ko‘ra, 8 va 9-may – Ikkinchi jahon urushining barcha qurbonlarini xotirlash kunlari deb e’lon qilingan. Hujjatda BMTga a’zo davlatlar, mazkur nufuzli xalqaro tashkilot tizimidagi tuzilmalar, nodavlat tashkilotlar va shaxslar 8 va 9-may kunlarini Ikkinchi jahon urushining barcha qurbonlarini xotirlash sanasi sifatida munosib nishonlashga da’vat etilgan.

 Afsuski, 2020-yil 9-may – G‘alabaning 75-yilligi dunyo miqyosida kutilgan darajada keng nishonlanmagan. Bunga aksariyat mamlakatlarda koronavirus pandemiyasi tufayli e’lon qilingan karantin choralari va favqulodda vaziyat holatlari xalal bergandi.

Bosh Assambleya har besh yilda Ikkinchi jahon urushining barcha qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan tantanali majlislar o‘tkazishi kerak. BMTning 2025-yil mart oyidagi qarorida shu vazifa ham alohida muhrlandi.

O‘z navbatida, 8 va 9-may haqida so‘z borganda, BMT Bosh Assambleyasi 2004-yil 24-noyabrda qabul qilgan rezolyutsiyasida ushbu sanalarni – Xotira va yarashish kunlari deb e’lon qilganini ta’kidlash lozim. BMT Bosh Assambleyasining 2020-yil 5-noyabrdagi rezolyutsiyasida ayni shu hujjatga havola qilingan.

BMT Bosh Assambleyasi 2010-yil 2-martdagi 64/257-sonli rezolyutsiyasi bilan 8 va 9-may kunlarini Ikkinchi jahon urushining barcha qurbonlarini xotirlash sanasi sifatida munosib nishonlashni tavsiya etgan. O‘sha yili 6-mayda Ikkinchi jahon urushi tugaganining 65-yilligini nishonlash doirasida  Bosh Assambleya tomonidan urushning barcha qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan alohida tantanali majlis o‘tkazilgan.

BMT Bosh kotibi mazkur majlisda "Ikkinchi jahon urushi erkinlik va ozodlik uchun kurashlar tarixida qahramonliklarga eng boy jang bo‘lgani"ni ta’kidlagan. Shuningdek, bu urushdagi yo‘qotishlarni tugal hisoblab  chiqish va mohiyatini anglash nihoyatda qiyin ekaniga e’tibor qaratgan.

Shu tariqa BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohi va Jenevadagi Yevropa bo‘limida Ikkinchi jahon urushi tugagan sana bilan bog‘liq turli tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda xalqaro hamjamiyat bu borada bir qancha konvensiya va bitimlarni qabul qilgan.

Akademik Akmal Saidov qiziq bir dalilga e’tiborni qaratgan: "Birlashgan Millatlar" degan nom aynan Ikkinchi jahon urushi davrida AQSH Prezidenti D.Ruzvelt tomonidan taklif etilgan ekan. Tashkilotning ushbu nomi ilk bor 1942-yil 1-yanvarda qabul qilingan Birlashgan Millatlar Deklaratsiyasida qo‘llanilgan.

Shuni ham qayd etish joizki, Ikkinchi jahon urushida fashistlar ustidan qozonilgan g‘alaba kuniga dunyo jamoatchiligining munosabati turlichadir. Akademik A.Saidovning 2021-yili o‘zbek, ingliz va rus tillarida nashr etilgan “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobida ayni nuqtayi nazardan e’tiborli bir qator ma’lumotlar keltirilgan.

Avvalambor, GFRda 8-may – Ozodlik kuni hisoblanadi va davlat bayramlari qatoriga kirmasa ham, 8 va 9-may kunlari turli xotira tadbirlari, gulchambar qo‘yish marosimlari va xalq sayillari o‘tkaziladi. Yevropaning boshqa ayrim davlatlari va AQSHda 8-may – Yevropadagi G‘alaba kuni sifatida nishonlanadi.

Darvoqe, AQSH prezidenti Donald Tramp kuni kecha 8-may sanasini Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alaba kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida farmoyish berdi. Bu haqda 7-may kuni Oq uy saytida e’lon qilingan proklamatsiyada so‘z boradi.

Trampning proklamatsiyasida, jumladan: «Qurbon bo‘lgan amerikalik askarlarsiz bu urushni yutib bo‘lmas edi va bugungi dunyo butunlay boshqacha ko‘rinishga bo‘lardi»,  deyiladi. U, shuningdek, AQSH «o‘z yurti, erkinlik va G‘arb sivilizatsiyasi omon qolishi uchun jonini fido qilgan har bir insonning xotirasini e’zozlashini» ta’kidladi.

Bundan tashqari, Isroilda 9-may – natsistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan G‘alaba kuni, Buyuk Britaniyada 9-may – G‘alaba kuni sifatida har yili bayram qilinadi.

Bugun Internetda e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, Buyuk Britaniya hukumati parlament maydonidagi Uinston Cherchill haykali ustiga chiqish jinoyat hisoblanishini ma’lum qilgan. Ayni huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs Qirollikning Ikkinchi jahon urushi davridagi yetakchisini tahqirlaganligi uchun uch oygacha qamoq jazosi va 1000 funt-sterling miqdorida jarima bilan jazolanishi mumkin.

Cherchill haykali rasman Britaniyaning urush davri yodgorligi sifatida tasniflanmagan, biroq ichki ishlar vaziri Ivette Kuper uni maxsus yodgorliklar ro‘yxatiga qo‘shish rejalashtirilayotganini aytgan. Mazkur taklif hozir parlamentda ko‘rib chiqilayotgan “Jinoyat va politsiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasida mavjud.

MDH makonidagi aksariyat mamlakatlar, xususan, Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Tojikiston, Rossiya, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston va O‘zbekistonda 9-may – G‘alaba kuni bayrami hamda dam olish kuni hisoblanishini qayd etish lozim. Mamlakatimizda ushbu sana Xotira va qadrlash kuni sifatida ham umummilliy bayramlar rasmiy ro‘yxatidan joy olgan.

Xulosa o‘rnida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 8-9-may kunlari amaliy tashrif bilan Moskva shahrida bo‘lishi haqidagi ma’lumotni keltiramiz. Tashrif dasturiga muvofiq, davlatimiz rahbari Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etadi hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Ushbu tashrifni Yangi O‘zbekistonning nafaqat Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga, ayni chog‘da dunyoda kuchayib borayotgan qaltis ziddiyat va beqarorliklarga nisbatan bag‘rikeng munosabatining o‘ziga xos ifodasi, desak ham bo‘ladi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, "Tarixga sergak qaragan odamgina doimo hushyor va ogoh bo‘lib yashaydi. Bugungi vaziyatga ham, kelgusi jarayonlarga ham xolis va haqqoniy baho bera oladi. Bu esa hozirgi murakkab va shiddatli zamonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, yuksak taraqqiyotga erishishning eng muhim shartidir".

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech