Fuqarolar huquq va erkinliklari himoyasini kuchaytirishga oid qonunlar ko‘rib chiqildi

Joriy yilning 19-may kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda senatorlar, mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari raislari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, ekspertlar, qonun tashabbuskorlari, manfaatdor vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda fuqarolar huquq va erkinliklari himoyasini kuchaytirish hamda sud hokimiyatining ochiqligini taʼminlashga oid qator qonunlar muhokama qilindi.

Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni ko‘rib chiqishda taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda sud faoliyati va odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar sud hokimiyatining ochiqligi ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilishiga keng imkon berdi.

Ochiq sud majlislarida barcha fuqarolarga hech qanday to‘siqlarsiz ishtirok etish imkoniyatlari berildi. Sud qarorlari hech kimdan sir tutilmasdan onlayn tarzda eʼlon qilinmoqda.

Yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan, bugungi kunda yopiq sud majlisi ishtirokchilari tomonidan sud jarayonlarida olingan maʼlumotlarni sudning ruxsatisiz oshkor qilish holatlari ko‘payib bormoqda.

Muhokama qilingan Qonun sud maʼlumotlarini oshkor qilmaslik bo‘yicha sud muhokamasi ishtirokchilariga tegishli majburiyat yuklash va buni buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash maqsadida ishlab chiqilgan. Unda Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Shundan so‘ng majlis ishtirokchilari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessida majburlov choralari instituti takomillashtirilayotganligi munosabati bilan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mazkur Qonun “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida  ishlab chiqilgan. Qonun protsessual qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish, yangi institutlarni joriy etish, odil sudlov sifatini oshirish, sud ish yurituvini takomillashtirish, shuningdek, fuqarolarning huquqlarini sud orqali himoya qilishga, ularning qonuniy huquq va manfaatlariga ziyon yetkazilishining oldini olishga qaratilgan.

Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ham ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish amaliyotiga xususiy ayblov institutini joriy etish nazarda tutilmoqda. Bunda ayrim toifadagi ishlar bo‘yicha maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish faqat jabrlanuvchining arizasiga asosan boshlanishi belgilanmoqda.

Shu bois Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga Maxsus qismida ko‘rsatilgan ayrim huquqbuzarliklar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish jabrlanuvchining arizasi bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yilishi belgilanmoqda.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risida milliy maʼruzani ko‘rib chiqdi.

Maʼlumki, O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning izchilligi, siyosiy barqarorlik va fuqarolar farovonligiga qaratilgan davlat siyosati samaradorligidan dalolat beradi. Bunda erishilgan natijalarni yana-da mustahkamlash va xalqaro maydonda O‘zbekistonning nufuzini oshirish borasidagi saʼy-harakatlarni davom ettirish muhim hisoblanadi.

Har yili milliy maʼruza tayyorlash va parlament muhokamasida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilgan. Bevosita siyosiy-huquqiy sohadagi xalqaro reyting va indekslardagi O‘zbekiston ko‘rsatkichlari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu yo‘nalishda 9 ta xalqaro reyting ustuvor etib belgilangan.

Ularning 5 tasida O‘zbekiston pozitsiyasi yaxshilangan. Shu bilan birga, boshqa yo‘nalishlarda ham ishlar samaradorligini oshirish orqali xalqaro reytinglardagi O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash zarurati taʼkidlandi. Korrupsiyaning mavjud emasligi indikatori, Qonunlarga rioya qilish indikatori, Tartibga solish sifati indikatori va Matbuot erkinligi indeksi shular jumlasidandir.

Senatorlar tomonidan muhokama qilingan masalalarning hayotga tatbiq etilishi qonuniylikni, qonun normalarining aniq va bir xil qo‘llanilishini taʼminlashga xizmat qilishi taʼkidlandi. Bundan tashqari, bu sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlaydi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytiradi, ularning odil sudlovga erishish darajasini oshiradi.

Majlis yakuni bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech