Shveysariyaning Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari kengashi tegishli rezolyutsiyasini amalga oshirish doirasida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston tajribasi ham namoyish etildi.
Seminar munosabati bilan Millatlar saroyida BMTga a’zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va ekspertlar hamjamiyati vakillari to‘plandi. Uchrashuvda asosan inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish va shartnomaviy organlarning tavsiyalarini joriy etish bo‘yicha harakatlarni samarali muvofiqlashtirish strategiyalari, shuningdek, Universal davriy sharh muhokama qilindi, deyiladi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ma’lumotida.
BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari yutuqlaridan foydalanish, ayniqsa, ixtiyoriy milliy sharhlarni tayyorlash, bu jarayonda milliy mas’uliyat hamda hisobdorlikni ta’minlash va kuchaytirish uchun yordam ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida qabul qilingan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni tezlashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida“gi qaror yuqori baholandi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi Akmal Saidov o‘z nutqida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish samaradorligi milliy muvofiqlashtirish mexanizmlarining sifati va institutsional yetukligiga bevosita bog‘liq ekanligini ta’kidladi va O‘zbekistonning milliy modelini taqdim etdi.
Bunda O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish siyosatida milliy strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish haqida so‘z yuritildi. Qayd etilishicha, 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan birinchi strategiya 2020 yilda tasdiqlangan va bu mamlakatning xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha sa’y-harakatlarni tizimlashtirishda muhim qadam bo‘ldi. Hozirgi vaqtda 2030 yilgacha mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha ikkinchi Milliy strategiya loyihasini tayyorlash ishlari yakunlandi.
Xalqaro seminar ishtirokchilari milliy strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini yuqori baholadilar.
A.RUSTAMOV, O‘zA
- Qo'shildi: 01.07.2025
- Ko'rishlar: 409
- Chop etish