Akademik Akmal Saidovning 30-iyun – Xalqaro parlamentarizm kuniga bag'ishlangan maqolasi AQSH nashrlarida chop etildi

VASHINGTON, 1-iyul. /"Dunyo" AA/. AQSHning "The Times of Central Asia" va "The Diplomatic Watch" jurnallarida O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Parlamentlararo ittifoq vitse-prezidenti, akademik Akmal Saidovning "Xalqaro parlamentarizm kuni: global demokratik kun tartibining ahamiyati, muammolar va istiqbollar" sarlavhali maqolasi chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

"Har yili 30-iyun kuni nishonlanadigan Xalqaro parlamentarizm kuni nafaqat ramziy, balki amaliy ahamiyatga ega, – deb yozilgan maqola muqaddimasida. – Unda parlamentlarning demokratik o'zgarishlarning asosiy tayanchlari sifatidagi roli alohida ta'kidlanadi va ayni paytda joriy muammolarni muhokama qilish, institutsional islohotlarni ilgari surish, XXI asrning siyosiy va ijtimoiy voqeligiga mos keladigan vakillikning innovatsion modellarini ishlab chiqish uchun global platforma bo'lib xizmat qiladi".

 

Akademik Akmal Saidovga ko'ra, zamonaviy parlamentlar mahalliy tartibga solish institutlari doirasidan chiqib, global siyosiy va huquqiy arxitekturaning faol ishtirokchisiga aylanib, iqlim o'zgarishi, raqamli transformatsiya, migratsiya inqirozlari, aholi salomatligini ta'minlash va inson huquqlarini himoya qilish kabi transmilliy muammolarni hal qilishda ishtirok etadi. Shu nuqtai nazardan, parlament diplomatiyasi, oshkoralik va inklyuzivlik yangi jihat kasb etmoqda.

 

Muallif 2025-yil aprel oyida O'zbekiston poytaxtida ilk bor Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi bo'lib o'tganigani e'tibor qaratgan. Bu Markaziy Osiyo uchun tarixiy ahamiyatga ega voqea. "Ijtimoiy rivojlanish va adolat yo'lida parlament harakati" mavzusida o'tkazilgan forumda 130 ga yaqin davlatdan 1400 ga yaqin delegatlar, jumladan, 100 dan ortiq milliy parlamentlar spikerlari va spiker o'rinbosarlari ishtirok etdi.

 

Materilda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasining ochilish marosimidagi nutqidan iqtibos keltirilgan: "Sizlar – bamisoli xalqlarni bir-biriga bog'lovchi mustahkam do'stlik ko'prigisiz. Sizlar – odamlarning dardu tashvishi va muammolarini eng quyi tizimdan boshlab, kerak bo'lsa, mintaqaviy va xalqaro miqyosga olib chiqishga, ularga samarali yechim topishga qodir bo'lgan qudratli kuchsizlar".

 

Davlat rahbari Parlamentlararo ittifoqdagi ishtirok demokratik islohotlar va parlament vakolatlarini kengaytirish sohasidagi sa'y-harakatlarga ishonchni ifodalashini ta'kidladi, shuningdek, parlamentlarning tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta'minlashning asosiy mexanizmi sifatidagi roliga ishonch bildirdi.

 

Muallifning yozishicha, xalqaro parlamentarizm kuni shunchaki unutilmas sana emas, balki zamonaviy demokratik jamiyat arxitekturasida parlamentlarning rolini qayta ko'rib chiqish uchun muhim voqeadir. Mazkur tadbir fuqarolarning parlamentlarga bo'lgan ishonchini mustahkamlaydigan hamda tez o'zgarib borayotgan dunyoga moslashish qobiliyatini oshiradigan inklyuzivlik, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillarini ilgari surish katalizatori bo'lib xizmat qiladi.

 

Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong ta'kidlaganidek, Ittifoqning maqsadi kuniga kamida bir kishiga ta'sir ko'rsatish va buning yo'li muloqot, inklyuzivlik va javobgarlikka sodiqlikdir.

Shuningdek, maqolada raqamli tengsizlikdan tortib siyosiy tarqoqlikgacha bo'lgan global muammolar sharoitida parlamentlar barqaror, qonuniy va adolatli rivojlanishni ta'minlashga qodir asosiy institutlar bo'lib qolayotgani urg'ulangan. Ularning XXI asr chaqiriqlariga javob berish qobiliyati nafaqat huquqiy vakolatlar, balki jamiyat bilan chuqur aloqadorligi, islohotlarga ochiqligi va o'z-o'zini baholashga tayyorligi bilan ham belgilanadi.

 

Nashrda yozilishicha, 2025-yilda Parlamentarizm kunining asosiy urg'ulari ayniqsa dolzarb bo'lib turibdi. Xalqaro sa'y-harakatlar va taraqqiyotga qaramay, siyosatda gender tengligi ko'pchilik mamlakatlar uchun qiyin maqsad bo'lib qolmoqda.

 

"Gender tengligi sari bosqichma-bosqich" kampaniyasi bu mavhum formula emas, balki izchil qonunchilik, institutsional va madaniy o'zgarishlarni talab qiluvchi amaliy strategiya ekanligini ta'kidlaydi. Faqat jinsi, yoshi, etnik mansubligi va ijtimoiy mavqeidan qat'iy nazar, barcha fuqarolarning teng ishtirokini ta'minlash orqaligina parlamentlar chinakam demokratik va hayotiy institutlarga aylanishi mumkin. Ularning jamiyat xilma-xilligini aks ettirish, inqirozlarga javob berish va barqaror yechimlarni ishlab chiqish qobiliyati XXI asrda muvaffaqiyatli parlamentarizmning asosiy mezoni bo'ladi", – deya urg'ulangan maqola yakunida.

Powered by GSpeech