O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tashqi aloqalar bo‘limi rahbari doktor Ahmad Jasim Az-Zubaydiy O‘zbekistonda topgan halovati, kechinma va xotirasi bilan o‘rtoqlashdi.
Men qochqin ham, sayyoh ham emas, oshiq edim. Faqat kimgadir emas, balki butun bir tamaddunga, tarixga...
Qirq yil oldin tarjimon sifatida ilk bor kelganimda, O‘zbekiston menga yuragini – taassurot zargilamini ochishini tasavvur qila olmaganman.
Bu zaminda men Iroqni eslatuvchi ayrim jihatlarni topdim: bozorlardagi tanish ifor, taomlardagi turli xushbo‘y ziravorlar, qariyalar nigohidagi biroz mungli yoshlik sog‘inchi, maktab, masjidlar devoriga jo bo‘lgan tarix soyasi.

Bag‘dod va Samarqand — sivilizatsiyalar uchrashuvi
Bir kuni Toshkentdagi qadim choyxona hovlisida o‘zbek do‘stim Abdulmalik bilan ko‘k choy ichib o‘tirib, hamsuhbatimga shunday dedim:
– Biz Dajla va Furot farzandlari, sizlar esa Amudaryo bo‘yi vorislarisiz.
Har ikki el daryolar suvi va qadim kitoblar ziyosidan yaralgan.
Mening xotiramdagi Bag‘dod – javobi yo‘q savollar shahri edi:
Nega tamaddunlar parchalanadi? Kim bolalar nigohidagi tongni o‘g‘irlaydi?
Samarqand esa, ilk bor ko‘rganimdayoq, ko‘z oldimda sakinatli javoblar shahri sifatida namoyon bo‘lib, barchasini so‘zsiz ifodaladi – lojuvard gumbazlari, naqshlari orqali va hanuz Andalus, Hind, Buxoro, Bag‘dod va hatto Najaf haqida pichirlaydi.
Ikki yurak – ikki sohilda
Rosti,“Men shunday daraxtmanki, ildizlarim Dajla va Furotda, shoxlarim esa Zarafshon va Amudaryo sari engashgan.
Sog‘inch ta’mini tuymagan kishi hech qachon his qilolmaydi ikki Vatan orasida yashash va hech biriga xiyonat qilmaslik tuyg‘usini...”

Rivojlanish — qalbni zabt etuvchi kuch
Yangi Toshkent ko‘chalariga hayrat bilan boqarkanman, anglayman – bunday zamonaviylik xotirani o‘chirmaydi, aksincha... Bu yurtda raqamli kutubxona an’anaviy go‘sha bilan yonma-yon, dorilfununda eng yangi fan asil tilda o‘qitiladi.
Poytaxt yuragida Islom sivilizatsiyasi markazi qad ko‘tarmoqda: qaddi ko‘tarilayotgan millat dinga qarshi kurashmaydi, balki haqiqiy e’tiqodni himoya qiladi, eshitadi.
Men O‘zbekistonda ko‘rdim: din taraqqiyotga manba bo‘la oladi, inqirozga bahona emas. Bu diyor farzandlari qo‘rquv ostida emas, muvozanatda tarbiyalanadi. Va men orzu qilaman-ki, ba’zi vatandoshlarim shu olijanob san’atni o‘rgansinlar – Islomdan devor emas, ko‘prik qurishni...

O‘lmas sog‘inch
Xotirjamman, biroq har kuni ayvonda o‘tirib Bag‘dod va Bobil hijronidan uf tortaman. Qalb xotiramda esa ustozim, do‘stim Abdulloh rahmatlining ovozi jonlanadi: Qadr-qimmating bor joyda qol!
Alhol, xayolan xat yozaman yoki Badr Shokir As-Sayyob she’ridan parcha o‘qiyman va yoxud Sa’dun Jobir qo‘shig‘ini tinglayman.
Ertasi bog‘imga bir atirgul ekaman va farzandlarimga uqtiraman: Qalbingizda Bag‘dod va Samarqandni, Bobil va Xivani olib yuring, hech qachon ruh ikkiga bo‘linishiga rozi bo‘lmang!.
Ikki nurdan bog‘langan mato
Men – Ahmad – shunchaki o‘zbek qiziga uylangan emas, balki ikki tamaddunni o‘zaro uyg‘unlashtirishga da’vogar insonman.
Bir kuni kimdir mendan fuqaroligimni so‘raganda, shunday javob berdim:
– G‘azablanganimda – Mesopotamiya, tabassum qilganimda – dasht farzandiman.
Muhabbatda – arab, tadbirda esa – O‘zbekman. Faqat bir narsa tilayman, qabrimda shunday yozuv bo‘lsin: Ikki bor yashadi, tabassum bilan vafot etdi...
Muharrama Pirmatova yozib oldi. O‘zA
- Qo'shildi: 07.07.2025
- Ko'rishlar: 93
- Chop etish