Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi eng yaxshi parlament amaliyoti sifatida e’tirof etildi

O‘zbekistonning gender tenglikni ta’minlash va BMTning inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarida parlament ishtirokini ta’minlash sohasidagi tajribasi eng yaxshi amaliyot hisoblanadi. Ulan-Bator shahrida 2025-yil 23-24-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan xalqaro seminarda shunday deb e’tirof etildi.

Tadbir Parlamentlararo Ittifoq tomonidan Mo‘g‘uliston Buyuk Davlat Xurali bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminar "BMTning inson huquqlari bo‘yicha mexanizmlarida parlament ishtirokini kuchaytirish: Universal davriy sharh va Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi – e’tibor markazida" mavzusiga bag‘ishlandi. Unda parlament a’zolari, ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Qonun chiqaruvchi organlarning Universal davriy sharh va BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi faoliyatidagi ishtiroki masalalari bo‘yicha tajriba almashildi.

Tashkilotchilarning taklifiga binoan seminar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi nomidan akademik A.Saidov tomonidan tayyorlangan videoma’ruza taqdim etildi. Ma’ruzada mamlakatimiz parlamenti tomonidan xotin-qizlar huquqlari va teng imkoniyatlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni samarali amalga oshirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z bordi. Xususan, O‘zbekiston parlamentining:

- Universal davriy sharh doirasida milliy ma’ruzalarni tayyorlashda parlamentning faol ishtiroki va tegishli tavsiyalarning amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini olib borish;

- Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi bilan hamkorlik qilish, shu jumladan davriy ma’ruzalarni tayyorlash va keyingi tavsiyalarni amalga oshirishga parlament hissasini qo‘shish;

- Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya va Xotin-qizlar deputatlar guruhining xotin-qizlar huquqlarini ilgari surish va ularning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan faoliyati;

- ta’lim tashabbuslarini ilgari surish, shu jumladan Parlamentlararo Ittifoqning parlament a’zolari uchun so‘z erkinligi bo‘yicha ommaviy ochiq onlayn kursi kabi xalqaro ta’lim resurslarini mahalliylashtirish;

- qonun ijodkorligi, parlament nazorati va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik orqali ayollar huquqlarini ilgari surishga hissa qo‘shish singari faoliyat yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi.

Seminar ishtirokchilari, jumladan, Mo‘g‘uliston Buyuk Davlat Xurali deputatlari O‘zbekiston tajribasi bilan tanishish imkoniyati taqdim etilgani uchun minnatdorchilik bildirib, bu tajribani BMT mexanizmlari bilan hamkorlik qilishda tizimli parlament yondashuvining ilhombaxsh namunasi, deb baholadilar.

Tadbir davomida taqdim etilgan amaliyotlar Mo‘g‘ulistonni 2025-yil noyabr oyida Universal davriy sharhning to‘rtinchi sikliga tayyorlashda, shuningdek, Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi tavsiyalarini keyinchalik amalga oshirishda parlament ishtirokini ta’minlashda hisobga olinishi ta’kidlandi.

Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungkong O‘zbekistonning seminardagi ushbu hissasiga javoban rasmiy maktub yo‘lladi. Xatda O‘zbekiston tomoniga yuqori darajadagi ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirilgan va taqdim etilgan tajribaning Universal davriy sharhga tayyorgarlik ko‘rayotgan boshqa mamlakatlar va Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi bilan ishlash uchun ahamiyati katta ekaniga urg‘u berilgan. M.Chungkong ta’kidlashicha, taqdim etilgan videomaterial seminar ishtirokchilariga BMTning inson huquqlarini himoya qilish tuzilmalari bilan parlament hamkorligining amaliy mexanizmlari haqidagi tasavvurlarini kengaytirish imkonini yaratdi.

O‘zbekistonning qonun chiqaruvchi hokimiyatda xotin-qizlar vakilligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari ham tadbir ishtirokchilarining alohida e’tiborini tortdi. Hozirgi vaqtda mamlakat parlamentida xotin-qizlarning ulushi 38 foizdan ortiqni tashkil etadi, bunda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatiladigan nomzodlarning kamida 40 foizi orasida xotin-qizlarning ishtirokini ta’minlaydigan gender kvotasi amal qilmoqda. Parlament faoliyatida yoshlar ishtirokining ijobiy dinamikasi alohida qayd etildi: yaratilgan sharoitlar va islohotlar tufayli Oliy Majlis tarkibida 35 yoshgacha bo‘lgan deputatlar soni sezilarli darajada oshgan.

O‘zbekiston tajribasining ahamiyati Parlamentlararo Ittifoqning gender tenglikka erishish bo‘yicha yangi “Achieving Gender Equality, Action by Action”  (2025) qo‘llanmasida ham o‘z aksini topgan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi tajribasi parlamentda gender muvozanatini ta’minlash sohasidagi eng yaxshi amaliyotlardan biri sifatida e’tirof etilgan. Hujjatda ta’kidlanishicha, aniq qonunchilik bazasi, gender kvotalari va ixtisoslashtirilgan parlament mexanizmlarining mavjudligi bunday muvaffaqiyatning asosiy omillaridandir.

Parlamentlararo Ittifoq, shuningdek, ta’lim va axborot ishlarini qo‘llab-quvvatlash doirasida O‘zbekiston parlamentiga Parlamentlararo Ittifoq va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining "Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya va unga Fakultativ protokol: Parlament a’zolari uchun qo‘llanma" nomli ma’lumotnomasining raqamli versiyasini taqdim etdi. Ushbu manbani o‘zbek tiliga tarjima qilish va parlament amaliyotida foydalanish tavsiya etildi.

Xalqaro maydondagi ayni e’tirof O‘zbekiston Respublikasida davlatning gender tenglikni ta’minlash, inson huquqlarini ilgari surish, tashqi siyosat va inson huquqlarini himoya qilish borasidagi tashabbuslarini parlament mezonlari nuqtayi nazaridan mustahkamlash borasida milliy parlamentning roli tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech