Yaqinda nashrdan chiqqan “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi”da Milliy markaz vakili haqida ham ma’lumotlar bor

10-iyul kuni Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada 2 jildlik “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi”ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti​ va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birga tashkil etildi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov taqdimotni ochar ekan, o‘zbek jurnalistikasining uzoq va boy tarixini tadqiq etish, milliy jurnalistikamizning shakllanish va rivojlanish bosqichlari haqida kengroq ma’lumotlarga ega bo‘lish, har bir davrning eng yaxshi jurnalistik materiallari-asarlarini yoshlarga, kelgusi avlodlarga yetkazish muhim masala ekanini qayd etdi. Ammo, shu paytgacha media sohaga doir ko‘plab darslik va qo‘llanmalar, milliy jurnalistika shakllanishi  va rivojlanishi bosqichlariga oid ma’lumotlar o‘rin olgan kitoblar nashr etilgan bo‘lsa-da, aynan “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi” timsolidagi yaxlit adabiyot yaratilmagan edi. Endi ana shu bo‘shliq to‘ldirildi.

Bu ezgu amal uchun O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 27-iyunda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “2022-2023-yillarda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi” huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi. Dasturda “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi” kitobini nashrga tayyorlash belgilangandi. Buning uchun zarur mablag‘ ajratilgani milliy jurnalistika antologiyasini salmoqli, ko‘rkam va qamrovdor tarzda nashr etish imkonini berdi.

Mazkur antologiyaga o‘zbek jurnalistikasi shakllanish bosqichlariga doir eng muhim ma’lumotlarni kiritishga harakat qilindi.  Antologiya “Qadimgi davr jurnalistikasidan lavhalar”, “O‘rta asrlar adabiyoti — milliy jurnalistika shakllanishi va takomilining asosi”, “Jadidlar va Ikkinchi jahon urushigacha bo‘lgan davr”, “O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushi davri jurnalistikasi”, “Turg‘unlik davri jurnalistikasi: murakkab siyosiy jarayon va matbuotdagi evrilishlar”, “Qayta qurish va oshkoralik davri”, “Mustaqillik davri o‘zbek matbuoti”, “Mustaqillik yillari televideniyesi va radiosi”, “Mustaqillik davri internet jurnalistikasi” bosqichlarini o‘z ichiga olgan.

“O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi”ning 1-jildida 85 nafar  va 2-jildida 98 nafar jurnalist haqida avtobiografik ma’lumotlar berilgan. Shuningdek, mualliflarning ijodidan ayrim namunalar havola etilgan.

Jumladan, antologiyaning 2-jildida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘.Mirzayev haqida muxtasar ma’lumot mavjud. Antologiya sahifalaridan G‘ulom Mirzoning «Sovg‘a bilan poraning orasi bir qadam» nomli maqolasi ham o‘rin olgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech