YANGI O‘ZBEKISTONGA XOS  YANGICHA MUHTASHAM «DEVON»

Kitob – inson tafakkurining bebaho gultoji, qalb olamining go‘zal naqshi, jamiyat taraqqiyotining mustahkam asosidir. O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning «Yarim asr devoni” nomli kitobini mutolaa qilar ekanman, ayni naqlning naqadar hayotiyligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Ushbu salmoqli manzuma – shoirning ming betdan ziyod hajmdagi bir jildlik eng katta kitobi 2025-yilda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida yuksak did va nafosat bilan nashr etilgan[1].

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida so‘nggi yillarda qabul qilingan ustuvor strategik dasturlar doirasida, jumladan, beqiyos ko‘lamdagi ma’rifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Kitobxon hamyurtlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun zarur adabiyotlar nashr etilmoqda va keng miqyosda tarqatilmoqda.

Birgina “O‘zbekiston-2030” strategiyasida aholi, ayniqsa, yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini kuchaytirish bo‘yicha ko‘plab muhim vazifalar belgilangan. Shu o‘rinda Sirojiddin Sayyid taniqli davlat va jamoat arbobi ekanligi bilan bir qatorda, shoir va tarjimon sifatida o‘z serqirra ijodi bilan Uchinchi Renessans poydevorini tiklashga azmu-jazm etgan jamiyatimizda ma’rifatparvarlik ishiga munosib ulush qo‘shayotganini e’tirof etish kaminaga cheksiz mamnuniyat bag‘ishlaydi.

 

Kitobning nomlanishi haqida

 

Kitobda shoirning yarim asr, ya’ni roppa-rosa 50-yil davomida bitgan she’rlaridan boy namunalar jamlangan. Muhimi, el-yurtimiz tarixi, qismati dardini kuylashni o‘zi uchun farz va qarz deb bilgan hassos shoir Sirojiddin Sayyidning ona xalqimiz og‘ir, sinovli kunlarda chekkan zahmatu mehnatlariga, anduh va iztiroblariga hamdard bo‘lib yozgan o‘tli nazm namunalaridan toki yangi zamon ruhi keng ko‘lamda o‘z ifodasini topgan manzumalarigacha – sara asarlari ham yagona muqova qatida o‘z mujassamini topibdi. Bu, albatta, g‘oyat manzur ijodiy yondashuv va har tomonlama maqbul yechim.

Kitob muxlislarga «Devon» tarzida taqdim etilmoqda. «Devon» nima degani o‘zi? Bu adabiy voqelikning tarixi qanday?

 Sharqda «Devon» tuzish shoirning yetuklik belgisi bo‘lgan, shoirlar o‘z «Devon»larining mazmunan va shaklan rang-barang bo‘lishiga e’tibor  berganlar. «Devon» tuzish an’anasi X-I asrlardan boshlangan bo‘lib, uning shakllanish davri Sharqning ulug‘ shoiri Shayx Sa’diy zamonasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbek adabiyoti tarixida «Devon» tuzish Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy, Gadoiy kabi shoirlar ijodi bilan bog‘liq. Alisher Navoiy Sharq adabiyoti tarixida mukammal «Devon» tartib bergan kamyob mualliflardandir.

«Devon» – bu so‘zning forsiy tildagi lug‘aviy ma’nosi “she’rlar to‘plami” degani. Alisher Navoiy bobomiz ham o‘z asarlarida «Devon» so‘zini she’riy to‘plam, g‘azallar majmuasi ma’nosida qo‘llaganlar.

O‘tmishda ushbu tushunchaga muayyan ilmiy-nazariy mohiyat ham yuklangan. Ya’ni, «Devon»da biror shoir she’rlari qofiya yoki radiflariga ko‘ra arab alifbosi tartibida qofiyalanib keluvchi so‘zlarning oxirgi  harflari asosida joylashtirilishi shart bo‘lgan.

Shu nuqtayi nazardan, «Yarim asr devoni» ayni talablarga nechog‘lik mos keladi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Nazarimizda, ushbu kitob shoirning ellik yil davomida bitgan nazmiy asarlari jamlangan she’riy to‘plam hisoblanishi bilan ham bevosita «Devon» mezonlariga to‘g‘ri keladi.

Qolaversa, Sirojiddin Sayyid qalamiga mansub «Devon»da she’rlar xronologik tartibda, ya’ni bitilgan yillari bo‘yicha joylashtirilgan va bu muhim jihat bizga Alisher Navoiy hazratlarining “Chor devon”ini eslatdi. Binobarin, ulug‘ ajdodimizning «Devon»ida ham she’rlar Hazrat hayotining to‘rt davri – bolalik, yoshlik, o‘rta yosh va keksalik fasllari bo‘yicha tartib berilgan.

Kitobning muxtasar kirish so‘zida qayd etilganidek, “Ko‘hna Sharqda «Devon» tuzishning qat’iy mezonlari va mukammal qoidalari bo‘lgan. «Devon» sohibi degan nomga sazovorlik shoir ijodiy salohiyatini belgilovchi munosib rutbalardan sanalgan. Bugun yangi zamonda yashayapmiz. Tabiiyki, bizning davrimizda «Devon» tuzishda mumtoz she’riyatimizdagi kabi arab alifbosiga qat’iy rioya qilingan talablarni qo‘yib bo‘lmaydi”[2].

Shu o‘rinda Sirojiddin Sayyid bugungi kunda aruz vaznida she’rlar yozadigan, yozganda ham, qoyillatib yozadigan sanoqli shoirlar sirasiga kirishini ta’kidlashga burchlimiz. Shoir bitgan betakror g‘azallari, ohorli ruboiy va fardlari hamda buyuk salaflari g‘azallariga teran hayot falsafasi va go‘zal badiiyatni mujassam etgan holda bog‘lagan muxammaslari buning yorqin dalolatidir.

 

«Devon» tuzishning yangi mezonlari

 

Bugungi davr shoiri oldiga «Devon» aruz vaznidagi she’rlardan tarkib topishi va unga arab alifbosi asosida tartib berilishi kerak, degan an’anaviy talabni qo‘ya olmasligimiz tabiiy hol. Chunki, birinchidan, zamonaviy o‘zbek she’riyatida aruz vazni ustuvorlik qilmasligi, ikkinchidan, arab alifbosidan anchayin uzoqlashib ketganimiz tufayli bunday yondashuv hozirgi davr “talablari”ga javob bermaydi.

Buning o‘rniga, fikrimizcha, “I  asr shoiri «Devon» tuzish an’anasini qanday novatorlik yondashuvlari bilan boyitdi?” degan mantiqan asosli savolga javob izlagan ma’qul. Shu nuqtayi nazardan:

birinchidan, “Yarim asr devoni” faqat aruzdagi nazm namunalaridangina iborat emas va ayni shu voqelikning o‘zi «Devon» tuzish an’anasini yangi davr bilan chambarchas bog‘lab turibdi. Yangicha «Devon»dan barmoq vaznida bitilgan lirik va publitsistik she’rlar, Hofiz Sheroziy va Adib Sobir Termiziydan Atoiy va Lutfiygacha, buyuk Alisher Navoiy va Zahiriddin Boburdan Zokirjon Furqat, Avaz O‘tar va Sidqiy Xondayliqiygacha, G‘afur G‘ulom va Mirtemirdan Abdulla Oripov va Erkin Vohidovgacha – so‘z mulkining barhayot darg‘alari lirik asarlariga tazmin va tatabbular ham o‘rin olgan;

ikkinchidan, Sirojiddin Sayyid o‘z «Devon»iga turli yillarda bitilgan “Jarohat”, “Saksoninchi yillar”, “To‘polondaryo bilan xayrlashuv”, “Bahor Surxondan boshlanar”, “Qismat taqozosi”, “Zamon qasri”, “Gulira’no bug‘doylari” kabi dostonlar va dostonlardan parchalarni ham kiritganki, bunga qadar «Devon» tuzish an’anasida bunday yondashuv kuzatilmagan. Nega o‘tmishda shoir ajdodlarimiz dostonlarini «Devon» tarkibiga kiritmaganligi, fikrimizcha, doston bilan g‘azal yo muxammaslar o‘rtasida shaklan va mazmunan juda katta farq mavjudligiga borib taqalsa kerak. Bugungi davr she’riyatida dostonlar lirik she’rlarga ko‘p jihatdan yaqin, uyg‘un va hamohang hisoblanadi;

uchinchidan, “Yarim asr devoni” sahifalarida Loyiq Sherali, Andrey Voznesenskiy kabi shoirlar she’rlarining Sirojiddin Sayyid tarjimasidagi o‘zbekcha matnlarini maza qilib o‘qish mumkin. «Devon» tuzish an’anasida tarjima asarlarni berish tajribasi ham uchramaydi.

Biz, albatta, O‘rta asrlarga xos «Devon» tuzish an’anasi mezonlari haqida fikr yurityapmiz. XX asrda ushbu an’ana Habibiy, Chustiy, Sobir  Abdulla kabi «Devon» tuzgan shoirlarimiz tomonidan yangilangan. Ularning «Devon»larida g‘azallar hozirgi o‘zbek alifbosi tartibida joylashtirilgan.

Zamonaviy o‘zbek  adabiyotida «Devon» tuzish an’anasi Abdulla Oripov (8 jildlik asarlari nashri), Erkin Vohidov (6 jildlik asarlari nashri)  kabi zabardast shoirlarimiz ijodiy dahosi tufayli anchayin yangicha ruh va shakl bilan boyitilgani ham sir emas. Bu yangilanish an’analariga Sirojiddin Sayyid “Yarim asr devoni” misolida yanada kuchli turtki bergani, ta’bir joiz bo‘lsa, Yangi O‘zbekiston «Devon» tuzish an’anasiga asos solgani har qancha tahsinga sazovor, deb o‘ylaymiz.

 

«Devon»ning tarkibi: fasllar talqini

 

"Yarim asr devoni" bir necha fasldan tashkil topgan. Xususan, “Mening eng munavvar, go‘zal tonglarim” fasli – 1974-1983-yillarga oid she’rlarni o‘zida qamragan.

Bu fasl, umuman, «Devon»ning o‘zi ham ilk havaskorona bitiklardan boshlanadi. Dastlabki she’r 1974-yilga mansub. U “Vatan mehri” deya nomlangan bo‘lib, mana bu ko‘tarinki misralar bilan yakunlangan:

Yolg‘iz istak qalbda hukmron,

Vatan mehri tark etmasa bas.

Muqoyasa uchun «Devon»ning yakuniy faslidagi 2024-yilda bitilgan “Vatan bag‘rida bo‘l bedor” sarlavhali she’rdan bir band keltiramiz:

Qolib – ketguvchilar bisyor,

nolib ketguvchilar bisyor,

Ulardan bo‘lmagil zinhor,

Vatan hech qayga ketgan yo‘q.

Har ikki she’rda ham Vatanga mehr va sadoqat tuyg‘ulari tarannum etilgan. Ammo, ellik yilda ilk bitik bilan bugungi nazmiy nafas oralig‘ida yuz bergan yeru osmon qadar farqni – ijodiy yuksalishni osongina ilg‘ash mumkin. 

Ushbu fasldan joy olgan she’rlar 1958-yil 30-oktyabrda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani Kundajuvoz qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘rta maktabni bitirganidan so‘ng Toshkent davlat universiteti Jurnalistika fakultetida tahsil olgan yosh Sirojiddinning shoir sifatida izchil shakllanishi bosqichlarini namoyon etadi. Uning birinchi she’ri “Orzu” sarlavhasi ostida 1975-yilda chop etilgan bo‘lsa, ilk she’riy to‘plami “Ruhim xaritasi” nomi bilan 1985-yilda nashrdan chiqqan.

«Devon»ning keyingi fasli – “Onajon, bu olam bunchalar cheksiz!” deb nomlangan bo‘lib, 1984-1991-yillardagi she’rlarni o‘z ichiga oladi. Bu davrga kelib Sirojiddin Sayyid she’riyat shaydolariga yaxshigina tanish bo‘lib ulgurgandi. Chunki uning “Salqin xarsanglar kaftida”, “Sevgi mamlakati”, “Asragil” kabi she’riy kitoblari ketma-ket nashr etilgan va muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgandi. Bu fasldagi sof lirik tuyg‘ular ifodalangan yetuk she’rlar «Devon»ga o‘zgacha ruh bag‘ishlab turibdi.

Ayni fasl o‘zida qamragan yetti yillik ijodiy davrning yana bir o‘ziga xos samarasi – 1990-yili hassos rus shoiri Andrey Voznesenskiy qalamiga mansub turkum she’rlar, dostonlar va nasriy asarlar Sirojiddin Sayyid tarjimasida – “Mangu rizq” nomli kitob shaklida nashr etilganidir. Natijada, bir tomondan, Sirojiddin Sayyidning mohir tarjimon ham ekanligi amalda tasdiqlandi, ikkinchi tomondan, yurtimiz kitobxonlari nafaqat rus, balki jahon she’riyatida yorqin iz qoldirgan Andrey Voznesenskiy fenomenini uning o‘zbek tiliga o‘girilgan asarlari orqali kashf etdilar.

Navbatdagi fasl “Yaxshilik eskirmagay” deb atalgan va 1992-1993-yillardagi she’rlarni o‘zida mujassam etgan. Atigi ikki yillik ijodiy faoliyatga bag‘ishlangan ayni davr ham barakali bo‘lganini qayd etish lozim. Avvalo,  shoirning 1992-yilda “Mehr qolur, muhabbat qolur” nomli kitobi chop etilib, undan badialar va maqolalar o‘rin oldi.

Muhimi, shu yillarda shoir o‘zining mashhur “Qirq hadis” turkum she’rlarini va “Falak aylanadi” nomli to‘rtliklar jamlanmasini yozdi. Har ikki turkumga mansub she’rlar "Yarim asr devoni"ga kiritilgani qutlug‘ ish bo‘libdi.

Yana bir fasl – “Vatan desam ko‘zimda yosh, yuzimda yosh” – 1994-2003-yillarga mansub she’rlardan iborat. Bu fasldagi she’rlar shoirning ilgari nashr etilgan “Kuydim”, “Uyingdagi beshiklar”, “Vatanni o‘rganish”, “Egasi bor yurt”, “Vatan abadiy”, “Ustimizdan o‘tgan oylar” kabi she’riy kitoblari orqali muxlislarga yaxshi tanish.

O‘z navbatida, “Sen – mangu xalqdirsan, rizq-ro‘zi halol” degan faslda 2004-2013-yillarda bitilgan she’rlar jamlangan. Bu davrda shoirning “Ko‘ksimdagi zangorlarim”, “Ko‘ngil sohili”, “Qaldirg‘ochlarga ber ayvonlaringni”, “Dil fasli”, “Yashasin yomg‘irlar” kabi she’riy to‘plamlari, “So‘z yo‘li” nomli ikki jildlik tanlangan asarlari, “Yuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur...” dostoni va o‘zida she’rlar, badiiy-publitsistik maqolalar, suhbatlar va badialarni jamlagan “Bug‘doybo‘y Vatan” kitobi muxlislar qo‘liga yetib bordi.

Nihoyat “Millat baxtin so‘rar millat otasi” faslidagi she’rlar 2014-2024-yillarga mansubdir. Ana shu o‘n yillik ijodiy yuksalish davrida shoirning qariyb 20 ta kitobi nashrdan chiqdi. Bu o‘rinda, avvalo, “Xayyomdan bir kosa, Rumiydan bir jom”, “Xamsa” hayratlari”, “Onamning kulchalari”, “Matonat manzumasi”, “Alamli dunyoda alamli gulim”, “So‘zmunchoq”, “Millat baxtin so‘rar millat otasi”, “Zamon qasri” kabi she’riy to‘plamlari va “Vaqt haykali” nomli dostonlar kitobi haqida so‘z bormoqda.

Shuningdek, 2018-2019-yillarda Sirojiddin Sayyidning to‘rt jildlik “Asarlar” to‘plami hamda she’rlar, dostonlar va tarjimalar, suhbat va maqolalardan iborat “Ochil, ey gul, ki bo‘ston vaqti bo‘ldi” va “Eldoshlarim, dildoshlarim” kitoblari nashr etildi. Bundan tashqari, shu davrda shoirning “Mening to‘rtliklarim” kitobi o‘zbek va rus tillarida,  “Ana jurtim” qo‘shiqlar to‘plami qoraqalpoq tilida, “Vaxt heykali” nomli she’rlar va dostonlar kitobi esa ozarbayjon tilida chop etildi.

Aslida ham, “Yarim asr devoni” – tom ma’nodagi Xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning ellik yillik hayrat va muhabbat yo‘li. Shu ma’noda, bir tomondan, ayni muhtasham «Devon» shoirning Vatanimiz, xalqimiz, millatimiz oldidagi o‘ziga xos ijodiy sarhisobi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, adabiyot va ma’rifat ahliga munosib nazmiy tuhfasi hamdir.

 

Yangi O‘zbekiston sharaflangan she’riyat

 

“She’r – hikmatdir”, deyilgan hadisi shariflarda. Chindan ham, har bitta she’r nihoyatda noyob va o‘ta xususiy hodisa bo‘lgani holda, u butun bashariyatga birdek taalluqli bo‘lgan necha ming yillik hayotiy tajribani, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni, inson zotigagina xos bo‘lgan ijodkorlik va yaratuvchanlik, demakki ozodlik va obodlik ruhini o‘zida mujassam etadi.

Asrlar mobaynida ajdodlarimiz she’riyatni nafaqat so‘zdan badiiy zavq olish manbai, balki turli bilimlarni odamlar ongu shuuriga eng maqbul tarzda yetkazishning qulay vositasi ham, deb bilganlar. Jumladan, olis asrlarda Abu Ali ibn Sino hazratlari xastaliklardan saqlanish va ularni davolash yo‘llari, turli malhamu giyohlarning shifobaxsh xususiyatlarini she’riy uslubda bayon etganlar. Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg‘oniy, Zangi ota Himmatiy singari aziz-avliyolarimiz muqaddas dinimiz arkonlari va tasavvuf tariqatlari mazmun-mohiyatini teran anglatish uchun ta’sirchan she’rlar bitganlar.

Ayni chog‘da, adabiyotimizda “Arba’iyn” turkumlari bilan birga, go‘zal islom fiqhini she’rga solish an’analari ham mavjud. Hazrat Navoiyning “Arba’iyn”, “Siroj ul-muslimiyn”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Mubayyan”, hazrati So‘fi Allohyorning “Maslak ul-muttaqiyn” va “Sabot ul-ojiziyn”, Xatmiy Toshkandiyning “Nazmu ul-Muxtasar” kabi asarlari buning dalilidir[3]. Taniqli shoir va alloma Mirzo Kenjabekning taxminiga ko‘ra, “Arba’iyn” yozish an’anasi hazrat Abdurahmon Jomiydan boshlangan. Jomiy forsiy tilda nazm qilgan qirq hadisni hazrat Alisher Navoiy turkiy nazmga solib, yangi “Arba’iyn” tuzganlar.

Chindan ham, avvalambor, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Imom Yahyo bin sharaf an-Navaviy kabi Sharq mumtoz she’riyati namoyandalari, keyinchalik Abdulla Oripov, Sirojiddin Sayyid, Shukur Qurbon, G‘ayrat Majid, yosh shoir Mansur Jumayev qirqta hadis asosida yaratilgan “Arbain hadis” yo‘nalishidagi asarlariga murojaat qilganlari bejiz emas. Chunki bu yo‘nalishdagi nazmiy majmualar Muhammad payg‘ambarimizning (s.a.v.) “Kimki ummatlarimga din xususidagi qirq hadisni yetkazsa, Tangri taolo uni qiyomat kuni fiqh (huquq) bilimdonlari, olimlar to‘dasiga qo‘shadi”, degan hadisi asosida yozilgandir. Odatda, islom dini asoslari va qoidalari, Islom yoxud Alloh yo‘lidagi muqaddas kurash, toat-ibodat yoki odob-axloq qoidalarini targ‘ib qilishga qaratilgan bunday asarlarning barchasida qirqtadan hadisning sharhi berilgan bo‘ladi[4].

Ya’ni, she’riyat muayyan ijtimoiy-falsafiy va ma’naviy-huquqiy vazifalarni ham azaldan uddalab kelmoqda. Sirojiddin Sayyidning "Yarim asr devoni"dan o‘rin olgan “Qirq hadis” turkum she’rlarini yuqorida eslatdik. Shu bilan birga, mazkur «Devon»dan ko‘plab ijtimoiy mavzudagi she’rlar ham joy olgan.

Bu o‘rinda shoirning el-yurtimiz hayotida muntazam yuz berib turadigan turli yorqin voqealarga bag‘ishlangan she’rlari haqida so‘z bormoqda.  Xususan, “Ismingda Vatan bordir” she’ri va “G‘oliblar qasidasi” – Parijda 2024-yili bo‘lib o‘tgan Olimpiada va Paralimpiyada chempionlari bo‘lgan yurtdoshlarimizga bag‘ishlangan bo‘lsa, “Sen uchun (Karantin kunlarida) va “Shifokorlar jang maydonida” she’rlari koronavirusga qarshi kurashda matonat ko‘rsatgan shifokorlarimizga nazmiy baxshidadir.

Shuningdek, “Mard maydonda sinalgay” she’ri misolida Sirojiddin Sayyid ikki olimpiada chempioni Bahodir Jalolov va barcha o‘zbek bokschilariga faxriya bitgan. Shoirning “Matonat maktabi”, “Mardi maydon o‘g‘lonlar”, “O‘zbekning nurli bolasi (FIFA hakami Ravshan Ermatovga)”, “Bir o‘g‘lonning qudrati” kabi she’ru qasidalarida ham o‘zbek sportchilarining jahon arenalarida erishgan yuksak zafarlari tarannum etilgan.

Shoir faqat sport sohasidagi yutuqlarni nazmda shoyon etish bilangina cheklanib qolmaydi. U qurilish va bunyodkorlik, qishloq va suv xo‘jaligi, sanoat va harbiy soha, madaniyat va san’at – hayotimizning barcha soha va tarmoqlaridagi har bitta yarq etgan muvaffaqiyatni alohida she’r bitib ulug‘laydi. Bunday yondashuv, ta’bir joiz bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonda erishilayotgan zafarli odimlarni she’riy uslubda sharaflash ekani bilan alohida e’tirofga loyiqdir.

Muxtasar aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “She’riyatga oshno bo‘lgan inson aslo kam bo‘lmaydi”. Shu ma’noda, kitobxon va she’rsevar xalqimizga 1 ming 60 betlik muhtasham "Yarim asr devoni"ni taqdim etib, bizni she’riyat olamiga yana bir bor oshno etgani uchun O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, senator Sirojiddin Sayyidga tashakkur bildiramiz va ijodiga yangi ilhomu parvozlar tilab qolamiz.

 

Akmal SAIDOV,

akademik

“Jadid” gazetasining 2025-yil 11-iyuldagi 28-soni

[1] Sirojiddin Sayyid. Yarim asr «Devon»i. - G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2025. – 1060 bet.

[2] Sirojiddin Sayyid. Yarim asr «Devon»i. - G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2025. – B.4.

[3] Kenjabek, Mirzo. Yoshlarga dil so‘zlarim: Yosh ijodkorlarga samimiy tavsiyalar. – T.: “Adabiyot”, 2021. – 7-bet.

[4] Ahad Qobil, Mahmud Olloberdi. Alisher Navoiyning “Arbain hadis” kitobiga muqaddima. – T.: “Yozuvchi”, 1991. – 5-bet.

Powered by GSpeech