Insonning erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlashga oid konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash yo‘lida

Joriy yil 10-iyulda “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Qonunga ko‘ra, shaxslarning yashashi uchun uy-joy maydonini beruvchi turar joy mulkdori yoki uni tasarruf etish huquqiga ega shaxs ushbu shaxslarni yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.

Joylashtirish vositalarida turgan shaxslarni turgan joyi bo‘yicha xabardor qilish tartibida ro‘yxatdan o‘tkazish mas’ul xodimlar tomonidan “E-mehmon” tizimi orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekistonning xorijda doimiy yashovchi fuqarolari O‘zbekistonga kirgan kundan 10 ish kunidan kechiktirmay yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi shart.

O‘zbekiston fuqarolarini yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish:

  • ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida;

  • davlat xizmatlari markazlarida;

  • YAIDXP (my.gov.uz) orqali amalga oshiriladi.

Yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga rioya etish talab qilinadi.

Yangi qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida fikr yuritganda, avvalo, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 32-moddasida qonuniy asoslarda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga egaligi belgilab qo‘yilganini ta’kidlash lozim. Binobarin, hozirda globallashuv va integratsiyalashuv jarayonlari natijasida migratsiya oqimining kuchayishi xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bilan bir qatorda, shaxsning erkin harakatlanishi hamda yashash uchun turar joy tanlashiga doir huquqlarini samarali kafolatlash mexanizmlarini joriy etishni taqozo etmoqda.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi Farmonida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 32-moddasi talablarini ta’minlash maqsadida “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonunni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishlari va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishlari tartibini belgilovchi qonun loyihasi ishlab chiqilishi lozimligi belgilab berilgani bejiz emas.

Chunki “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonun bilan o‘rnatilgan ayrim cheklovlar fuqarolarning respublikamiz hududida erkin harakatlanishi, yashash joyi va kelgan joyni tanlash bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlaridan to‘laqonli foydalana olmasliklariga sabab bo‘layotgandi.  

Bundan tashqari, doimiy yashash yoki vaqtinchalik turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi respublika bo‘yicha bir xil emasligi fuqarolarni Toshkent shahri va viloyatida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishda byurokratik to‘siqlarni yuzaga keltirdi. Boz ustiga, fuqarolar doimiy ro‘yxatdan o‘tishlari uchun tegishli qonun bilan tasdiqlangan ro‘yxatda keltirilgan toifalarga mansubligini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjatlarni, ya’ni tug‘ilganlik, nikoh, vasiylik to‘g‘risidagi guvohnoma va boshqa hujjatlarni taqdim etishi shart edi.  

Shu nuqtayi nazardan, Ichki ishlar vazirligi tomonidan bu borada tegishli qonun loyihasi ishlab chiqildi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan tegishli tartibda muhokama etilganidan keyin mazkur qonun qabul qilindi. Qonun Oliy Majlis Senatida ma’qullandi, o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi.

Yangi qonunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishlari va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishlari, ularni yashash va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi asosiy prinsiplar hamda tushunchalar mustahkamlangani katta ahamiyatga ega.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligining yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi vakolatlari belgilandi.  Fuqarolarga hamda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish uchun o‘zlariga qulay bo‘lgan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, davlat xizmatlari markazlari orqali shaxsan hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tarzda murojaat qilish imkoniyati yaratilmoqda.  

Fuqarolarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yilmasdan istiqomat qilish muddati 15 kundan 10 ish kunigacha qisqartirildi. Bu, o‘z navbatida, fuqarolar va turar joy egalarining o‘z vaqtida yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish borasidagi mas’uliyatini oshiradi.  

Muxtasar aytganda, dastavval, ushbu qonun bilan aholining erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlashga oid konstitutsiyaviy huquqi ta’minlanadi. Qolaversa, ayni qonun huquqni qo‘llash amaliyotida ortiqcha byurokratiyaning hamda korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.  

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech