16-iyul kuni Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarining inson huquqlarini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan navbatdagi xalqaro forumi aynan Sian shahrida bo‘lib o‘tganida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Chunki bir paytlar Buyuk Ipak yo‘li Xitoyning xuddi shu shahridan boshlangan.
Bundan oldin shunga o‘xshash forumlar 2023-yil sentyabr oyida – Pekinda va 2024-yil may oyida – Ostonada o‘tkazilgan. Bu yilgi forum "Inson huquqlarini birgalikda rivojlantirish yo‘lida sivilizatsiyalararo muloqotni chuqurlashtirish va o‘zaro boyitish" mavzusiga bag‘ishlandi.
Xitoy Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan uyushtirilgan xalqaro tadbirda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlaridan 60 dan ortiq siyosatchi, mutaxassis va jurnalist qatnashdi. Forumda, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
O‘zbekiston vakili qayd etganidek, Ostonada imzolangan abadiy yaxshi qo‘shnichilik to‘g‘risidagi shartnoma mintaqaning olti davlati o‘rtasidagi doimiy do‘stlik tamoyilini huquqiy jihatdan mustahkamladi. Xitoy Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi boshqaruv kengashi raisi Se Fuchjan janoblari to‘g‘ri ta’kidlaganidek: “Bitta gul bahor keltirmaydi – ko‘klamni yuzta gul yaratadi”. Binobarin, aynan shunday yondashuv asosida butun insoniyat uchun umumiy kelajakka ega bo‘lgan adolatli hamjamiyatga asos solinadi.
Bugungi kunda inson huquqlari shunchaki so‘z erkinligi yoki saylovlarda ishtirok etish bilangina cheklanmaydi. Bu XXI asrning global muammolariga – ijtimoiy tengsizlik va savdo urushlaridan tortib, iqlim inqirozi va oziq-ovqat xavfsizligiga qarshi asosiy vosita hamdir.
Forumda Xitoyning inson huquqlarini ta’minlash borasidagi tajribasiga barqaror taraqqiyot namunasi sifatida alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas, – dedi M. Tillaboyev. – Binobarin, ushbu mamlakatda 2020-yilga qadar 800 millionga yaqin aholining kambag‘allikdan chiqarilgani buning yorqin natijalaridandir.
Forum ishtirokchilarining fikricha, Xitoy va Markaziy Osiyo mintaqasi munosabatlari faqat iqtisodiyot sohasi bilan cheklanmaydi. Inson huquqlari, uning qadriyatlari va sivilizatsiyalar muloqoti – Sian shahridagi forumning asosiy mavzularidan bo‘ldi. Dunyoda beqarorlik kuchayib, global inson huquqlari tizimiga tahdidlar ortib borayotgan bir sharoitda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro birdamligini amalda namoyon etayotgani juda muhim.
Ishtirokchilar mamlakatlarimiz uchun yaxshi qo‘shnichilik, adolat va umumiy modernizatsiya ustuvor vazifa bo‘lib qolayotganini ta’kidladilar. Ushbu g‘oyalarni yaqinda Ostonada bo‘lib o‘tgan sammitda XXR raisi Si Szinpin ilgari surgani va Markaziy Osiyo yetakchilari qo‘llab-quvvatlaganiga urg‘u berildi.
Xitoy Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi boshqaruvi raisi Se Fuchjan qayd etganidek, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari rivojlanayotgan davlatlar bo‘lib, ular oldida umumiy tarixiy vazifa – mamlakatlarni rivojlantirish va xalq turmushini yaxshilash maqsadi turibdi. Biz alohidalangan emas, balki hamma bilan bo‘lishishga tayyor bo‘lgan umumqamrovli modernizatsiyaga intilayapmiz.
Forum Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80-yilligi nishonlangan va BMT tashkil topgan yilda o‘tkazilgani ham e’tiborga molik. Bu muhim voqealar xalqaro hamkorlikning asosi tinchlik, insonparvarlik va inson huquqlari ekanini eslatadi. Aynan mana shu qadriyatlar bugun Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtirib turibdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.07.2025
- Ko'rishlar: 301
- Chop etish