Xizmat sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-fevral kuni hududlarda xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

 

Uch yil oldin bu borada katta dastur qilingani bugun natijasini berayapti. Servis sohasida qoʻshimcha 1,5 million aholi doimiy daromadga ega boʻldi. Xizmatlar miqdori 2018-yildagi 19 milliard dollardan 65 milliard dollarga oshdi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari, moliyaviy xizmatlar, turizm, aviatsiya, taʼlim va tibbiyot sohalarida “katta sakrash” boʻldi.

Bular yaxshi, albatta. Lekin imkoniyatlar bundan juda koʻp. Ularni hayotga tatbiq etishda hudud va sohalarda yaxlitlik yoʻq.

Masalan, Xorazmga 6 million turist jalb etish reja qilingan. Lekin buning uchun samolyot va poyezdlar qatnovi yetarli emas. Tibbiyot, aviatsiya va energetikada xususiy sektor ishtirokidagi loyihalar 20 milliard dollardan oshgan. Ammo ichimlik suvi, kanalizatsiya va yoʻl qurilishida bunday loyihalar deyarli yoʻq.

Yigʻilishda shu kabi muammolar tahlil qilinib, hudud va sohalardagi ulkan imkoniyatlar koʻrsatib oʻtildi.

Soʻnggi yetti yilda aholi daromadi va toʻlov qobiliyati 2 karra oʻsgani natijasida xizmatlarga talab ortayotgani qayd etildi. Buning uchun vazirlar va hokimlar xizmat turlarini koʻpaytirish boʻyicha har kuni izlanib, tadbirkorlarga yoʻl ochishi kerakligi taʼkidlandi.

Bu yil xizmatlar hajmini 15 foizga oshirib, 82 milliard dollarga, eksportini esa 8,5 milliard dollarga yetkazish, sohada 2,5 million odamni daromadli qilish moʻljallangan.

Eng katta imkoniyat bank-moliya sohasida. Jumladan, developerlarga yangi mavzelar hududining 10-15 foizini noturar joyga oʻtkazishga ruxsat berilgan. Bundan samarali foydalanish maqsadida, banklar orqali developerlardan mulklarni toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish va tadbirkorlarga qulay shartlarda ijara yoki lizingga berish taklifi bildirildi. Bu orqali 50 ming kvadrat metr noturar joylar muomalaga kirishi, 100 ming ish oʻrni yaratilishi mumkin.

Moliyaviy xizmatlar hajmini 30 foizga oshirish koʻzda tutilgan. Mahalla bankirlari ish boshlab, aholiga yaqinlashtirilgani bunda qoʻshimcha imkoniyat. Xususan, odamlar koʻp murojaat qiladigan kadastr, soliq, adliya maʼlumotlarini banklarning axborot tizimi bilan bogʻlash xizmatlar hajmini oshiradi.

Bu yildan tumanlarda servisni rivojlantirish boʻyicha yangicha yondashuv boʻladi. Bu borada 1 ming 156 ta drayver loyiha mahalliy kengashlarda tasdiqlandi. Ularning infratuzilmasiga 1 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.

Jumladan, joriy yilda 72 ta sohil boʻyi dam olish maskanlari, tunu kun ishlaydigan 154 ta turizm va gastronomik koʻchalar tashkil etiladi. 62 ta istirohat bogʻi zamonaviy qiyofaga keltiriladi. 364 ta yoʻl boʻyi va boshqa servis obyektlari barpo qilinadi.

Ikki yil oldin savdo va xizmatlar sohasidagi korxonalarga ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilangan edi. Oʻtgan davrda korxonalar soni 1,5 karra oshgan. Muhimi, koʻp tadbirkorlar “soya”dan chiqib, oylik maoshni toʻgʻri koʻrsatishga oʻtgani natijasida ish haqi 3,2 karra koʻpayib, qoʻshimcha 2,1 trillion soʻm soliq tushgan.

Shularni inobatga olib, mazkur imtiyoz muddatini yana uch yilga uzaytirish taklifi maʼqullandi. Endi, bu imtiyoz servis korxonalarining kamida 3 million soʻm oylik oladigan 30 yoshgacha boʻlgan ishchilariga qoʻllanadi. Qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan mehnat shartnomasi tuzishi mumkin boʻladi.

Soʻnggi uch yilda 27 turdagi davlat xizmatlari xususiy sektorga berildi. Lekin vazirliklar tizimida tadbirkorlar qila oladigan xizmatlar hali koʻp. Bu yil yana 29 ta davlat xizmati xususiy sektorga oʻtkazilishi aytildi.

Yer uchastkalari va davlat mulkini ijaraga olish yoki xususiylashtirish boʻyicha ochiq, shaffof, manfaatli shartlarni ishlab chiqish hamda tadbirkorlarga eʼlon qilish vazifasi qoʻyildi.

Oʻzbekiston Prezidentining 2024-yil 20-dekabrda imzolangan hududlarda yuqori iqtisodiy oʻsish va aholi bandligini taʼminlashning yangi tizimiga oid farmoni bu borada katta imkoniyat yaratdi. Unga koʻra, bu yil 1-martdan boshlab, 10 ming kvadratgacha boʻlgan va 6 oy davomida sotilmagan tumanlardagi davlat obyektlari tadbirkorlarga 10-yilga toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga beriladi. Toʻrt yil davomida ijara haqi vaqtida toʻlansa, bu joy tadbirkorga xususiylashtirib beriladi. Yoshlarni IT va chet tiliga oʻqitib, xalqaro sertifikat beradigan tadbirkorlar birinchi yil ijara toʻlamaydi.

Davlatimiz rahbari masofaviy xizmatlar eksportini yangi bosqichga koʻtarish zarurligini taʼkidladi. Buning uchun xorijiy davlatlardagi xizmatlar bozori va talablarni oʻrganib, shunga mos mutaxassislar tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

Bu yil kreativ iqtisodiyotdagi startap loyihalar uchun 50 million dollar ajratilgan. Bu orqali yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, chet el kompaniyalarida ishlayotgan yurtdoshlarimizni jalb etish maqsad qilingan.

Umuman, joriy yilda IT xizmatlari hajmini 30 foiz oʻstirib, 80 trillion soʻmdan, eksportini 1 milliard dollardan oshirish imkoniyati borligi aytildi. Hudud va tarmoqlardagi xizmatlarni raqamlashtirish boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi.

Servisni rivojlantirishda qulay transport infratuzilmasi juda muhim. Oʻtgan yili transport xizmatlari 8,6 foizga oʻsib, 145 trillion soʻmni tashkil qildi. Lekin, yuqori iqtisodiy oʻsish uchun bu yetarli emas.

Shu bois mamlakatimiz shaharlari oʻrtasida samolyot va poyezd qatnovlarini koʻpaytirish, multimodal logistika markazlari qurib, tranzit yuk ulushini oshirish, taksilarga qulaylikni kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Bular orqali joriy yilda transport xizmatlari hajmini 185 trillion soʻmga, eksportini 2,3 milliard dollarga olib chiqish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Xizmat yoʻnalishida eng katta soha bu turizm. Soʻnggi yillarda 90 dan ortiq davlatlar bilan aloqalar yaxshilangani natijasida xorijlik sayyohlar qariyb 4 karra oshdi. Oʻtgan yili turizm xizmatlari eksporti 3,5 milliard dollar boʻldi.

Lekin mamlakatimizning salohiyati bundan ancha yuqori. Masalan, Malayziya va indoneziyalik musulmoqlar Umraga borishdan oldin allomalarimiz qabrini ziyorat qilishni xohlaydi. Ular uchun “Umra plyus” xizmati yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

Samarqand, Shahrisabz, Buxoro, Xiva va Toshkentdagi turistik majmualarda xalqaro konsert va forumlar oʻtkazish koʻpchilikni oʻziga tortadi. Tashrif buyuruvchilar mehmonxona, restoran, savdo va boshqa koʻngilochar maskanlarga ham mijoz boʻladi.

Ijtimoiy sohalarda ham imkoniyatlar koʻp. Masalan, oʻtgan yili “Tibbiy xizmatlar mehmondoʻstligi” dasturi yoʻlga qoʻyilgan edi. Bu xorijiy fuqarolarni davolash va eksportni oshirish uchun qulaylik.

Soʻnggi sakkiz yilda 125 ta yangi oliy taʼlim tashkiloti ochilgan. Lekin bu sohadagi eksport imkoniyatlarga mutlaqo mos emas. Yoki boʻsh turgan ayrim madaniyat va sanʼat markazlarini ham xususiy sektorga berish mumkin.

Yigʻilishda Prezidentimiz mutasaddi va tadbirkorlar bilan muloqot qildi. Soha masʼullari bu yil hududlarda 2 million 500 ming aholini band qilish rejalari yuzasidan axborot berdi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech