Ombudsmanning 2024 yildagi faoliyati sarhisob qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman)ning 2024 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.

Ma’ruzada keltirilganidek, Ombudsman tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, insonning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirildi.

Hisobot yilida Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 23 ming 422 ta murojaat kelib tushdi.

2024 yilda Ombudsman tomonidan murojaatlarni o‘rganish natijasida inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonunbuzilish holatlari, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan davlat organlari va idoralariga, mansabdor shaxslarga 182 ta taqdimnoma, talabnoma, ariza va da’vo arizalari hamda xulosa shaklidagi ta’sir choralari kiritilgan.  

O‘tgan yilda Ombudsman tomonidan qo‘llanilgan ta’sir choralari 2023 yilga nisbatan 7 foizga, 2022 yilga nisbatan 35 foizga oshgan. Ta’sir choralarining 140 tasi ijobiy hal etilgan.  

Shuningdek, Ombudsman tomonidan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarga 39 ta (2023 yilga nisbatan 11 foizga ko‘p) taqdimnoma kiritilgan va ularning 30 tasi ijobiy yechim topgan.  

Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilishi natijasida fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlarga kiritilgan 92 ta ariza va da’vo arizalarining 82 tasi hal etilgan.  

Ombudsman tomonidan mehnatga oid huquqlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi tufayli fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq to‘lovlari bo‘yicha undirilgan mablag‘lar 1 milliard 832,9 million so‘mni tashkil qilgan. 20 nafar fuqaro ishga tiklangan, 7 ta holatda ish beruvchining xodimga nisbatan noqonuniy harakatlari bartaraf etilgan.

—“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun bilan Ombudsmanning hududlardagi ishtiroki kengaytirilishi bilan birga, qiynoqqa solish hollarining oldini olishdagi faoliyati ham kuchaytirildi, — dedi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili F.Eshmatova. — 2024 yilda Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 902 marotaba (2023 yilda 603 marotaba) monitoring tashriflari amalga oshirildi. Natijada jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlashga erishildi.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar Ombudsmanning 2024 yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha taqdim etgan ma’ruzasida qiynoqqa solish, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanilishining oldini olish maqsadida o‘tkazilgan monitoringlar soni va sifati o‘sib borayotganini alohida e’tirof etishdi.

Shuningdek, Ombudsmanning o‘tgan yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha taqdim etgan ma’ruzasini ijobiy baholab, uning faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirdilar.  

Muhtarama Komilova,

O‘zA

Powered by GSpeech