Majburiyatdan harakatga: Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha strategiya va milliy istiqbollar

Bugun poytaxtimizda “Majburiyatdan harakatga: Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha strategiya va milliy istiqbollar” mavzusidagi konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNIСEF) va Oliy Majlis Senati bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda davlat idoralari rahbarlari, sud-huquq tizimi, taʼlim va sog‘liqni saqlash sohasi vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari xodimlari, yoshlar, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi xorijiy davlatlar elchilari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga barham berishga qaratilgan xalqaro “Bogota harakatlar chaqirig‘i” tashabbusiga sodiqligini rasman tasdiqladi. Ushbu qadam so‘nggi ikki yil davomida mamlakatimizda bolalarni himoya qilish yo‘nalishida amalga oshirilgan keng qamrovli huquqiy va institutsional islohotlarning mantiqiy davomidir. Jumladan, 15 maydan kuchga kirgan “Bolalarni har qanday zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun bu boradagi asosiy normativ-huquqiy hujjatlardan biri hisoblanadi.

Anjumanda Senat Raisi Tanzila Narbayeva o‘z so‘zida bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini taʼkidladi: “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish jamiyatning boshqa qatlamlariga bo‘lgan boshqa zo‘ravonlikni ham bartaraf etishga hamda pirovard natijada inson huquqlari va erkinliklari, qonuniy manfaatlari so‘zsiz taʼminlanishiga olib kelayotganining hamma guvohi bo‘lmoqda”.

Bundan tashqari, yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida ishtirok etgan BMT Bosh kotibining maxsus vakili Najat Maala butun dunyo parlamentlarini zo‘ravonlikka qarshi qonunchilik saʼy-harakatlarini  birlashtirishga chaqirdi: “Bundan keyin ham, parlamentlar, hukumatlar, nodavlat tashkilotlarining faoliyatida, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro platformalarda ushbu masalani doim ilgari surishimiz lozim”.

Tadbirda so‘zga chiqqan UNIСEF ijrochi direktori Ketrin Rassel O‘zbekistonning bolalar xavfsizligini taʼminlash borasidagi siyosatini yuksak baholab, 2025–2035 yillarga mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli strategiya va harakatlar rejasining qabul qilinishi muhim bosqich bo‘lishini alohida taʼkidladi. Mazkur strategiya zo‘ravonlikka qarshi kurashishda tizimli va barqaror yondashuvni shakllantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Pathfinding Global Alliance – Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish yo‘llarini izlash global ittifoqqa qo‘shilib, Markaziy Osiyo davlatlarini bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashishda yana-da faol hamkorlikka chaqirdi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shaxnoza Mirziyoyeva o‘z nutqida: “Barcha bolajonlarni yovuzliklardan asrash – biz erishishimiz lozim bo‘lgan eng oliy maqsad. Zulmga barham berish – faqatgina huquqiy emas, insoniy burchimizdir! Chunki bolalarning begonasi bo‘lmaydi. Bolalar azobining ham! Bugun bolajonlarimizning ovozini tinglay olish har qachongidan ham dolzarb. Biz barchani “mitti qalblarning katta og‘riqlari”ga quloq solish, ularga gapirishga imkon berishga chorlaymiz!” – deya qayd etdi.

Tadbir doirasida bolalarni himoya qilishga qaratilgan ko‘p tarmoqli strategiya va Milliy harakatlar rejasining taqdimoti, “Haqqim bor” nomli qisqa metrajli film namoyishi hamda “Bogota harakatlar chaqirig‘i” doirasidagi Milliy majburiyatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir O‘zbekistonning bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi qatʼiy siyosiy irodasi, xalqaro hamkorlikka tayyorligi va milliy darajadagi keng qamrovli islohotlarni davom ettirishga sodiqligini yana bir bor namoyon etdi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech