Malayziya Janubi-sharqiy Osiyodagi boy madaniy meros, go‘zal tabiatga ega, iqtisodiyoti rivojlangan o‘ziga xos davlat. Tili, urf-odati turli etnik guruhlar yashaydigan bir necha orol, yarim orollardan iborat bu mamlakat haqida juda ko‘p qiziqarli faktlar mavjud.
Malayziya ikki asosiy qismdan iborat: Malakka yarim oroli va Borneo oroli. Poytaxt Kuala-Lumpur iqtisodiy va madaniy markaz hisoblanadi.
Qizil, ko‘k va oq ranglardan iborat mamlakat bayrog‘idagi yulduz va yarim oy davlatning asosiy ramzlari hisoblanadi. Rasmiy til – malay. Boshqa ko‘plab, masalan ingliz, xitoy va tamil tillari ham keng tarqalgan. Malayziyada taxminan 32 million aholi istiqomat qiladi: 60 foizi malaylar, qolgani xitoyliklar va hindlar. Mazkur musulmon davlatida nasroniy va buddistlar ham ko‘p.
O‘ziga xos flora va faunasi bilan mashhur Malayziyada noyob o‘simliklar va hayvonlar ham bor. Tabiati ekzotik, tropik o‘rmon, tog‘, qumli sohil, marjon riflari bisyor. Baland daraxtlar bu zaminga tabiat ato etgan o‘ziga xos in’omlardan biridir. Malay diyorida samoga qarab 100 metrdan ortiq bo‘y cho‘zgan tropik daraxtlar ham bor. Mamlakatning eng baland nuqtasi –Kinabalu tog‘ining balandligi 4095 metr. Yovvoyi tabiat xilma-xilligini himoya qiluvchi 25 ta milliy bog‘ va qo‘riqxona faoliyat ko‘rsatadigan zaminda malay pandasi, rakun, bo‘rsiq, gibbon kabi hayvonlar yashaydi.
Malayziya iqtisodiyoti so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgan, palma yog‘i eng ko‘p ishlab chiqariladigan davlat hisoblanadi. Tabiiy go‘zalligi, ko‘hna tarixi, boy va rang-barang madaniyati ushbu yurtni dunyodagi eng qiziqarli sayyohlik markazlaridan biriga aylantirgan. Shu bois turizm mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi. Eng mashhur sayyohlik maskanlaridan biri Kuala-Lumpur ramzi hisoblangan Petronas minoralaridir. Bu mamlakat suv sporti, alpinizm va ochiq havoda dam olish uchun turfa imkoniyatlar taklif etadi.
Malayziya xalqaro universiteti mamlakatdagi eng nufuzli ta’lim muassasasi hisoblanadi. Mamlakatda UNESCO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ko‘plab tarixiy obidalar, madaniy meros ob’ektlari bor. Eng mashhur qadimiy joylardan biri – madaniyat va tarixga boy Melaka.
2004 yilgacha Kuala-Lumpurdagi 1483 fut (451.9 metr)lik 88 qavatli “Petronas Tower” dunyodagi eng baland bino edi. Hozirgacha dunyodagi eng baland egizak binolar bo‘lib qolayotgan qo‘sh inshootni yerdan 558 fut (170 metr) balandda joylashgan 41 va 42 darajali osmon ko‘prigi bog‘lab turadi.
Yana bir qiziqarli ma’lumot: dunyodagi eng yirik g‘or kamerasi Saravak palatasi Borneo orolidagi Gunung Mulu milliy bog‘ida joylashgan. Bu g‘or shunchalik ulkanki, taxminiy hisob-kitobga ko‘ra, 40 ta “Boeing747” samolyotini sig‘dira oladi. Ular hatto qanotlarini bukmasdan ham ushbu g‘orga kirishi mumkin.
Bugungi kunda Malayziyada yengil, tog‘-kon va ishlab chiqarish sanoati, elektronika mahsulotlari yaratish va yig‘ish jadal rivojlanmoqda. Ilm talab qiladigan tarmoqlar soni ham ortmoqda. Mamlakat taraqqiyoti ko‘p jihatdan hukumat o‘tgan asr 70-yillarida ta’limga alohida e’tibor qaratgani bilan bog‘liq. Bir vaqtlar xorijiy sarmoya jalb qilish maqsadida ishlab chiqilgan investorlar uchun imtiyoz berishning moslashuvchan tizimi doirasida sarmoyadorlarga, korxonalarga soliq imtiyozidan foydalanish imkonini beruvchi alohida maqom berildi.
Malayziya axborot texnologiyalari, turizm, eksportga yo‘naltirilgan, kapital ko‘p va yuqori texnologiyali sohalarga sarmoya kiritishni rag‘batlantiradi. Hozirgi vaqtda neft-kimyo va neftni qayta ishlash sanoatiga investitsiya kiritilmoqda. Transport uskunalari, oziq-ovqat, elektronika va elektrotexnika sohalari taraqqiy etmoqda.
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy aloqalar yil sayin rivojlanmoqda. Ikki xalq o‘rtasida yagona din, mushtarak urf-odat va qadriyatlarga asoslangan azaliy yaqin do‘stlik mavjud. Malayziya O‘zbekiston mustaqilligini 1992 yil 1 yanvarda tan olgan. Ikki mamlakat diplomatik aloqalari shu yil 21 fevralda o‘rnatilgan.
Do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikning tamal toshi Birinchi Prezidentimizning 1992 yil va Malayziya Bosh vaziri Mohathir Muhammadning 1993 yilgi rasmiy tashriflari chog‘ida qo‘yilgan. 2003 yil yurtimizga Podshoh Tuanku Sayyid Sirojiddin Sayyid Jamolullayl tashrif buyurgan.
So‘nggi yillarda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobar oshdi, O‘zbekiston hududida Malayziya kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni 37 taga yetdi. Bosh vazir Anvar Ibrohimning mamlakatimizga 2024 yil may oyidagi tashrifi munosabatlar rivojiga sezilarli sur’at bag‘ishladi. Tashrif yakunlari bo‘yicha ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot imzolandi. Shuningdek, yuqori texnologik loyihalarni ilgari surish maqsadida yurtimizda O‘zbekiston – Malayziya sanoat zonasi tashkil etishga kelishildi. O‘tkazilgan biznes forum davomida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod 19 ta investitsiya bitimi imzolandi.
Ikki davlat o‘rtasida ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik ko‘lami ham kengayib bormoqda. Malayziya hukumatining Texnik hamkorlik dasturi doirasida 850 dan ziyod mamlakatimiz vazirlik, idoralari mutaxassislari hamkor davlatda malaka oshirdi. Bugungi kunda 500 ga yaqin o‘zbekistonlik talaba Malayziyaning nufuzli universitetlarida tahsil olmoqda. Ikki mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasida 25 ta hamkorlik shartnomasi imzolangan. Bu raqamlar o‘zaro sheriklikning yuqori o‘sish sur’atidan darak beradi.
Prezidentimiz Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan joriy yilning 4-5 fevral kunlari ushbu mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘ladi. Tashrif doirasida Kuala-Lumpur shahrida oliy darajadagi ikki tomonlama muzokara, yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar, qo‘shma biznes-forum va boshqa tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, Malayziya nafaqat Janubi-sharqiy Osiyo mintaqasida, balki jahon miqyosida o‘ziga xos salohiyatga ega, jadal rivojlanib borayotgan davlat. Kutilayotgan mazkur tashrif esa mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Shu bilan birga O‘zbekiston – Malayziya do‘stligini yanada mustahkamlash, amaliy hamkorlikni, jumladan, savdo, investitsiya, innovatsiya, texnologik kooperatsiya, neft-kimyo, elektronika, "yashil" energetika, "aqlli" qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa ko‘plab ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirishda mustahkam poydevor bo‘ladi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA
- Qo'shildi: 04.02.2025
- Ko'rishlar: 189
- Chop etish