O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo'yicha maslahat kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Unda Maslahat kengashi a'zolari, vazirliklar, mutasaddi idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutilari faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirish – dolzarb vazifaYig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 4 oktyabrda qabul qilingan “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o'zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni bajarish masalasi muhokama qilindi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo'yicha maslahat kengashi rahbari Akmal Saidov mamlakatimizni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishning jadal sur'atlari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtirok etishlaridagi rolini oshirish, xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan tamoyillari va normalarini inobatga olgan holda ushbu yo'nalishdagi ularning faoliyatini avj oldirish uchun qo'shimcha shart-sharoitlar yaratish zarurligini taqozo etayotganini ta'kidladi. Davlatimiz rahbari imzolagan yangi qaror xuddi shu maqsadga qaratilgan.
Qaror 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi asosida qabul qilindi. U jamoatchilik fikrini tahlil etish, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining yanada ochiqligini ta'minlash asosida boshqaruv qarorlari qabul qilinishini sifat jihatdan yangi darajaga ko'tarishga xizmat qiladi.
Prezident qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan boshlab:
- respublika, viloyatlararo nodavlat notijorat tashkilotlarini (NNTni) davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan 3 baravarigacha, viloyat NNT uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan 1 baravarigacha pasaytiriladi.
- faoliyatini tuman (shahar), shaharcha, qishloq va ovul hududida olib boradigan NNT davlat ro'yxatdan o'tkazish uchun davlat boji stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilanadi.
- NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faoliyatini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashga davlat grantlari, subsidiyalar va ijtimoiy buyurtma shaklidagi mablag'lar Qoraqalpog'iston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjetlari va Toshkent shahar byudjeti, shuningdek, tuman va shaharlar byudjetlarining xarajatlariga qo'shiladi.
O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining jamoatchilik fikrini tahlil etish, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish bo'yicha taklifi ma'qullandi. Prezidentimiz qarori bilan o'rnatilgan yangi tartibga ko'ra, ishlab chiquvchi-tashkilotlar tomonidan https://regulation.gov.uz portalida joylashtiriladigan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini jamoatchilik tomonidan muhokama qilish natijalari Adliya vazirligiga va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishida, qoida tariqasida, kelib tushgan takliflarni ko'rib chiqish natijalari ko'rsatilishi majburiydir.
Ma'lumot o'rnida aytish joizki, Adliya vazirligi NNTning faoliyatini rivojlantirish sohasida davlat siyosatini yuritish, ularning davlat organlari va tashkilotlari bilan o'zaro hamkorligini tashkil qilishga ko'maklashuvchi mas'ul organ hisoblanadi.
Yig'ilishda Prezident qarorida belgilangan vazifalarni o'z vaqtida va to'liq bajarish bo'yicha bir qator amaliy takliflar kiritildi. Xususan, 2020 yil 1 fevralga qadar ishlab chiqiladigan Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi kodeks loyihasini tayyorlashga Maslahat kengashi ekspert guruhlarini jalb etish zarurligi qayd etildi.
Qaror ijrosi doirasida 2019/2020 o'quv yilidan boshlab to'lov asosida NNT rahbarlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari tashkil etish masalasi ham ko'rib chiqildi. Komissiya a'zolari ushbu tashabbusni samarali ro'yobga chiqarishning tashkiliy-moliyaviy tomonlariga alohida e'tibor qaratdilar.
Bundan tashqari, yig'ilishda ikkita hujjat – O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo'yicha maslahat kengashi to'g'risidagi nizom va Davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar ishtirokining xalqaro standartlarini respublikada joriy etish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish haqida so'z bordi. Mazkur hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun ishchi guruh tuzildi.
Yig'ilishda Xotin-qizlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, oila institutini mustahkamlash komissiyasi tomonidan Maslahat kengashining 2019 yilga mo'ljallangan “Yo'l xaritasi” ijrosi bo'yicha amalga oshirilgan ishlar hisoboti tinglandi.
O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda joylarda 14 ta “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi” tashkil etilgan va ro'yxatdan o'tkazilgan. Ushbu markazlar orqali bir kunda o'rtacha 100 nafar tadbirkor xotin-qizning muammolari hal etilmoqda.
Bugungi kungacha tadbirkorlik markazlari tomonidan 16 ming 283 nafar xotin-qizga tadbirkorlik yo'nalishlarida ko'maklashilgan. Shundan 3 ming 446 nafari kasblar bo'yicha qayta tayyorlangan, 2 ming 771 nafari ishga joylashtirilgan, 3 ming 87 nafariga “Hunarmand” uyushmasiga a'zo bo'lishida yordam berilgan.
Shuningdek, 2 ming 522 nafar xotin-qizning murojaatlari qanoatlantirilib, ularga imtiyozli kredit olishlari uchun amaliy yordam ko'rsatilgan. Yil boshidan buyon 35 ming 193 nafar xotin-qiz tadbirkorlik faoliyatiga jalb etilib, ular tomonidan xotin-qizlar uchun 53 ming 751 ta ish o'rni yaratilgan.
O'tgan davrda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Xotin-qizlarning gender tengligini himoya qilish bo'yicha komissiya tuzildi. Shu bilan birga, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonliklardan himoya qilish to'g'risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Bundan tashqari, yig'ilishda Ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish komissiyasi tomonidan joriy yilning o'tgan davrida amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi. Munozaralardan so'ng “Kasaba ittifoqlari to'g'risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgani ma'lumot uchun qabul qilindi.
Maslahat kengashi tomonidan joriy yil oxirigacha amalga oshirilishi lozim bo'lgan vazifalar muhokama etilib, ko'rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.10.2019
- Ko'rishlar: 5705
- Chop etish