Yevropa Ittifoqi BMTning 1951 yil qabul qilingan qochqinlar masalasiga oid konvensiyasini qayta ko‘rib chiqish rejasini ishlab chiqmoqda, deb yozdi “Times” gazetasi.
– Amaldagi hujjat muayyan mamlakat chegarasida boshpana izlab yurganlarni qaytarishga to‘sqinlik qiladi, – deyilgan xabarda.
So‘nggi payt ko‘hna qit’a davlatlari orasida mazkur konvensiya ko‘zlangan maqsadga xizmat qilmayotgani to‘g‘risidagi fikrlar ko‘paygan.
– Ushbu tamoyillar Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng ishlab chiqilgan bo‘lib, geosiyosiy jihatdan bugungi kun nuqtai nazariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi, – deya hujjatdan quyidagi parchani keltirgan nashr:
– Hujjatni imzolagan davlatlar irqi, dini, millati, ma’lum bir ijtimoiy guruhga mansubligi yoki siyosiy maslagi sababli hayoti yoki erkinligi tahdid ostida bo‘lgan qochqinlarni hech qanday tarzda o‘z hududidan chiqarib yubormaydi va vataniga qaytarmaydi.
Bundan tashqari, muallif yozganidek, Yevropa davlatlari qochqinlik maqomini olish va rad etilgan boshpana izlovchilarni qaytarish bo‘yicha millionlab so‘rovni qondirishda qiynalayotgani sababli, bu tamoyil tobora ko‘proq so‘roq qilinmoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus oxirgi o‘n yillikda migratsiya siyosatida amalga oshiriladigan eng jiddiy o‘zgarishlardan biri bo‘lishi mumkin.
O‘zA
- Qo'shildi: 04.02.2025
- Ko'rishlar: 180
- Chop etish