Fuqarolar huquq va erkinliklari himoyasini kuchaytirish hamda sudlar mustaqilligini taʼminlashga oid qonunlar ko‘rib chiqildi

Joriy yilning 11-fevral kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda senatorlar, mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari raislari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, Qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, qonun tashabbuskorlari, manfaatdor vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda fuqarolar huquq va erkinliklari himoyasini kuchaytirish hamda sudlar mustaqilligini taʼminlashga oid qator qonunlar muhokama qilindi.

Xususan, dastlab “Aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan sud majlislarida mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalanishning huquqiy asoslarini yaratish orqali protsessual qonunchilikni takomillashtirish zaruriyati mavjudligi qayd etildi.

Ushbu Qonun mazkur islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda Fuqarolik hamda Iqtisodiy protsessual kodekslarga va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga aholining sud muhokamalarida masofadan ishtirok etishining huquqiy asoslarini yaratuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Shundan so‘ng “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Mazkur Qonun ham sud-huquq sohasidagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda amaldagi qonunlarni yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksi hamda “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda. Sud jarayonida ishtirok etayotgan guvoh o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatuv bermaslik huquqi joriy etilmoqda.

Majlisda “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqqa solish hollarining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida”gi Qonun ham ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi Qonun 271-modda bilan to‘ldirilmoqda. Mazkur modda qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin unda qiynoqqa solish yoki boshqa holatlar natijasida olingan jarohatlarni, shikastlanishlar va yaralarni aniqlash maqsadida tergov hibsxonasining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, majburiy tibbiy ko‘rik qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga olib kelingan paytdan eʼtiboran ikki soat ichida tibbiy xodim tomonidan o‘tkazilishi, qamoqqa olinganni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda uni qo‘riqlayotgan bir jinsdagi hibsxona xodimi ishtirok etishi va boshqa yana bir qator normalarni o‘zida aks ettirgan.

Taʼkidlanganidek, Qonun O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 26-moddasida belgilangan insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi kafolatlarini yana-da mustahkamlashga qaratilgan.

Shundan so‘ng senatorlar qonunlar loyihalarini Qonunchilik palatasiga kiritish va ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonunlarni ham ko‘rib chiqdi.

Unga ko‘ra “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida” Qonunning 12-moddasiga qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritishda taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar qo‘shimcha ravishda kiritilmoqda.

Shuningdek, Qonunning 15-moddasida qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti o‘zi kiritgan qonun loyihasini qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilinguniga qadar chaqirib olish to‘g‘risida Qonunchilik palatasiga taklif kiritishga haqli ekanligi belgilanmoqda.

Muhokama qilinayotgan qonunlarning hayotga tatbiq etilishi qonuniylikni, qonunlar normalarining aniq va bir xil qo‘llanilishini taʼminlashga, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga, ularning odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qilishi senatorlar tomonidan taʼkidlandi.

Majlis yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

 O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech