Zamonaviy jamiyatning vazifalaridan biri nogironligi bo'lgan erkak va ayollarning jamiyatning boshqa a'zolari singari huquq va majburiyatlarga ega bo'lishini ta'minlashdan iboratdir. Dunyoning barcha mamlakatlarida nogironligi bo'lgan shaxslarning o'z huquq va erkinliklarini to'la amalga oshirishiga to'sqinlik qiladigan va jamoat hayotidagi ishtirokini qiyinlashtiradigan to'siqlar mavjud.
Nogironligi bor odamlarning jamiyatdagi hozirgi ahvoli muammosining dolzarbligini nogironligi bo'lgan shaxslarning jamiyatga integratsiyalashuvida jismoniy, iqtisodiy va ijtimoiy to'siqlarning mavjudligi, nogironligi bo'lgan shaxslarning jamiyatdan ajratilishi, ularning passivligi va funktsional qaramligi, nogiron insonlarga nisbatan jamiyatning munosabati, nogiron kishilarning huquqlarini ta'minlash muammolari mavjudligi kabi omillar ham tasdiqlaydi.
Shu munosabat bilan nogironlar uchun jamiyatning turli xil ijtimoiy tizimlari, masalan, xizmatlar ko'rsatish, ish, axborot va transportdan foydalanishdagi teng imkoniyatlarni ta'minlash orqali to'siqlarni bartaraf etish uchun zarur choralarni ko'rish talab etiladi.
BMTning Xalqaro Nogironlar kuni har yili 3 dekabrda nishonlanib, butun dunyo bo'ylab nogironlarni qo'llab-quvvatlashga bag'ishlangan tadbirlar o'tkaziladi.
Bugungi kunda nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishni va ro'yobga chiqarishni nazarda tutuvchi xalqaro normalar va milliy qonunchilik shakllangan. Bunday xalqaro hujjatlarning asosiylari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2006 yil 13 dekabrdagi 61/106-rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya hamda Nogironlarning huquqlari to'g'risidagi konventsiyaga Fakul`tativ protokol hisoblanadi.
Mazkur Konventsiya 2007 yil mart oyida imzolash uchun ochilgandan keyin ko'plab mamlakatlar Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya va uning Fakul`tativ protokolini imzolab, nogironlar huquqlariga rioya etishga va ularni himoya qilishga bo'lgan o'z irodalarini namoyon qildi. Ushbu Konventsiya 50 davlat tomonidan imzolanganidan so'ng 2008 yil 3 may kuni kuchga kirdi.
Ayni damda Konventsiyani 158 davlat imzolagan va 147 tasi ratifikatsiya qilgan. O'zbekiston Respublikasi ham Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini imzolagan.
Mazkur xalqaro hujjatga qo'shilgan ishtirokchi-davlatlar nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish, ularning mustaqil turmush kechirishlari va ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha jabhalarida ishtirok etishlari uchun teng imkoniyatlar yaratish, transport, axborot, aloqa hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini ta'minlash va boshqa majburiyatlarni zimmasiga oladi.
Ishtirokchi-davlatlar tomonidan Konventsiya qoidalarining bajarilishini ta'minlash va muvofiqlashtirib borishni BMTning Nogironlar huquqlari bo'yicha qo'mitasi amalga oshiradi. Qo'mita funktsiyalariga davlatlar tomonidan taqdim etiladigan davriy ma'ruzalarni ko'rib chiqish, jismoniy shaxslar taqdim etadigan xabarlarni o'rganish, tekshirishlar o'tkazish va umumiy xususiyatga ega bo'lgan mulohazalar va tavsiyalarni ishlab chiqish kiradi.
Dastavval, Qo'mita 12 nafar mustaqil ekspertlardan iborat bo'lishi kerak edi. Lekin Konventsiya 60 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingandan keyin uning tarkibi 18 nafarga yetadi. Qo'mita a'zolari Ishtirok etuvchi davlatlarning konferentsiyasida saylanadi va shaxsan o'z nomidan ish ko'radi.
O'zbekiston Respublikasining nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati ustuvor yo'nalishlaridan biri nogironligi bo'lgan shaxslarga O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan fuqarolik, iqtisodiy, siyosiy va boshqa huquq va erkinliklarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umume'tirof etilgan normalari va tamoyillari hamda O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa fuqarolar bilan teng imkoniyatlarni ta'minlash hisoblanadi.
O'zbekiston MDH davlatlari orasida birinchilardan bo'lib nogironlik muammosiga diqqat qaratdi. Mamlakatimizda 1991 yilda boshqa qo'shni davlatlarda shunga o'xshash qonunlar ishlab chiqish uchun namuna bo'lib xizmat qilgan “O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida”gi Qonun qabul qilindi.
2008 yil iyul oyida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ushbu qonunning yangi tahririni qabul qildi. Unda nogironligi bo'lgan shaxslarning teng huquqliligini ta'minlash mexanizmlari yanada batafsil yoritilgan va konunni bajarmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilgan.
Nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat bo'lishidan qat'i nazar, shaxsni nogironligi sababli kamsitmaslik tamoyili yotadi. Fuqarolarning huquq va erkinliklari, tenglik va kamsitmaslik tamoyillari mustahkamlangan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida shunday deyiladi: “O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar”.
O'zbekistonda nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, “Ta'lim to'g'risida”, “Fuqarolar sog'lig'ini saqlash to'g'risida”, “O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida”, “Aholini ish bilan ta'minlash to'g'risida”, “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”, “Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to'g'risida”, “Mehnatni muhofaza qilish to'g'risida”, “Jismoniy tarbiya va sport to'g'risida”gi qonunlar bilan tartibga solinadi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil 1 dekabr kuni “Nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonni imzoladi. Farmonda nogironligi bo'lgan shaxslarning davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishi tizimini takomillashtirishning muhim yo'nalishlari belgilab berildi. Nogironlik belgisi bo'yicha kamsitishga yo'l qo'ymaslik, nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini ta'minlash sohasidagi umum e'tirof etilgan xalqaro norma va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish; nogironligi bo'lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko'rsatish darajasini oshirish;
nogironligi bo'lgan shaxslarning oilasi, jamiyat va davlat bilan o'zaro aloqasini kuchaytirish;
nogironligi bo'lgan shaxslarning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga jalb qilinishi va faol ishtirokini ta'minlovchi inklyuziv ta'lim va ishga joylashtirish tizimini takomillashtirishshular jumlasidandir.
Hozirgi kunda BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi talablarini implementatsiya qilishni va nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasida zamonaviy uslublar, xalqaro standartlarni joriy etishni nazarda tutuvchi “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Shuningdek, “Nogironlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyani ratifikatsiya qilish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ham tayyorlangan.
Nogironlar huquqlari to'g'risidagi Konventsiyani ratifikatsiya qilish mamlakatimiz uchue ahamiyatga ega. Bu, xususan:
nogironligi bo'lgan shaxslarni har qanday kamsitishlardan himoya qilishning samarali tizimini shakllantirish;
nogironligi bo'lgan shaxslarning transport, axborot va aloqa, ob'ektlar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatining kafolatlari mavjud qonunchilik qoidalarini to'ldirish, shuningdek nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlari buzilishiga yo'l qo'yuvchi davlat organlari, xo'jalik sub'ektlari, xususiy korxonalarning huquqiy javobgarligini ko'rib chiqish;
nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish maqsadida nogironligi bo'lgan shaxslarning mehnat qilish huquqlarini amalga oshirishni chuqur tahlil qilish;
nogironligi bo'lgan shaxslarni ijtimoiy hayotga jalb etish, ularning boshqa shaxslar bilan birgalikda o'zlarining siyosiy huquqlarini amalga oshirishishi uchun qo'shimcha chora-tadbirlar qo'llash;
rivojlangan davlatlarning tajribasini inobatga olgan holda, nogironligi bo'lgan shaxslarning ta'lim olish, sog'liqni saqlash va boshqa huquqlari sohasidagi vaziyatni yaxshilash imkonini beradi.
Konventsiyani ratifikatsiya qilish nogironligi bo'lgan shaxslarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini ta'minlash, himoya qilish hamda rivojlantirishning qo'shimcha kafolatlarini beradi. Shuningdek nogironligi bo'lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish sohasida huquqiy tartibga solish va amaliy faoliyatni yanada takomillashtirish uchun namuna bo'lib xizmat qiladi.
Rustam Atovulloev,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi mas'ul xodimi
- Qo'shildi: 02.12.2019
- Ko'rishlar: 5845
- Chop etish