Buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy she’riyati bebaholigi, betakrorligi, hozirgacha dunyo olimlari, adabiyot muxlislari tomonidan o‘zgacha qiziqish va e’tibor bilan o‘rganilishi hech kimga sir emas.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik, navoiyshunos olim Shuhrat Sirojiddinovga alloma bobomizning ijodiga doir bir necha savollar bilan murojaat qildik.
– Aslida Alisher Navoiy merosini o‘rganishga bir inson umri yetadimi yo‘qmi, bu juda bahsli mavzu. Buyuk mutafakkir merosini o‘rganish haqida gap ketganida, ikki xil yondashuv xususida aytmoqchi edim. Milliy adabiyotimiz darg‘alari Navoiy asarlarini o‘z hayotlari davomida bosqichma-bosqich, masalan, alohida tayyorgarliksiz 20 yoshda, keyinchalik 40 yoshdan oshganda hamda 50-55 yoshlar atrofida qayta-qayta o‘rganib, uning mo‘’jizakor jihatlarini o‘zlari uchun yangitdan kashf etganlari haqida so‘zlaydilar. Yana bir yondashuv borki, unga ko‘ra Navoiyni yosh avlodga bolalikdan singdirib borish kerakligi aytiladi. Siz bunday yondashuvlarga qanday qaraysiz?
– Alisher Navoiy merosi cheksiz ma’naviy xazina bo‘lib, uning ijodi inson tafakkuri, qalbi va ruhiyatiga ta’sir etuvchi yuksak ahamiyatga ega. Uning asarlari nafaqat she’riyat va nasrda, balki falsafa, ma’rifat, madaniyat va ma’naviyat masalalarida ham betakror xulosalar bergan asarlar hisoblanadi. Shuning uchun ham Navoiy ijodi chuqur tadqiq etilishi, har bir avlod tomonidan qayta-qayta o‘rganilishi lozim. Bir inson umrida uni to‘liq anglashi va egallashi mushkul, chunki har bir asar turli ma’nolarga boy bo‘lib, har bir yosh va bosqichda yangi ma’nolar ochiladi. Shu bois, Navoiy merosini bolalikdan o‘rgatish va uning ma’naviy boyligini jamiyatga keng targ‘ib etish muhimdir. Bu jarayon izchil davom ettirilgandagina, Navoiyning haqiqiy qadri va ma’naviy boyligi har bir inson hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini belgilab berarkan, Uchinchi Renessans — Yangi Uyg‘onish davrining mustahkam poydevori Alisher Navoiydek ulug‘ ajdodlarimizning bizga qoldirgan boy va betimsol ijodi va adabiy merosini keng o‘rganish va o‘rgatish, ayniqsa, yosh avlod qalbiga singdirish bilan poydor va ustuvor bo‘lishiga alohida e’tibor qaratadi.
Alisher Navoiy merosini o‘rganishga bir inson umri yetadimi yoki yo‘q – bu, albatta, bahsli masala. Chunki buyuk mutafakkirning ijodi faqat badiiy asarlardan iborat emas, balki falsafa, tarix, tilshunoslik, tasavvuf, axloq va siyosatga oid chuqur bilimlarni ham o‘z ichiga oladi. Shuning uchun uni to‘liq o‘zlashtirish, tushunish va anglash uzluksiz izlanish va yetuk intellekt talab qiladi.Siz aytgan ikki xil yondashuvning har biri o‘z o‘rnida juda muhim. Birinchi yondashuv – Navoiyni bosqichma-bosqich, turli yosh davrlarida qayta o‘rganish – uning asarlari har bir inson hayotidagi turli bosqichlarda yangicha mazmun kasb etishini anglatadi. Yoshligida asosan badiiy estetik zavq va hissiyot uyg‘otsa, o‘rta yoshda uning falsafiy-axloqiy jihatlari ochila boshlaydi, keksalikda esa hayotiy tajriba bilan uyg‘unlashib, yanada chuqur idrok qilinadi.
Ikkinchi yondashuv – Navoiyni bolalikdan ongga singdirish ham nihoyatda muhim va samarali. Chunki inson bolaligida shakllangan fikrlar va qadriyatlar umr bo‘yi saqlanib qoladi. Agar Navoiyning so‘z san’ati, insoniylikka da’vat etuvchi g‘oyalari bolalikdan singdirilsa, bu yosh avlod ongiga ijobiy ta’sir qiladi, ularning adabiy-badiiy didini o‘stiradi va ma’naviy olamini boyitadi.
Demak, bu yondashuvlar bir-birini inkor etmaydi, aksincha, bir-birini to‘ldiradi. Eng to‘g‘ri yo‘l – Navoiyni bolalikdan o‘rgatish va hayot davomida uni qayta-qayta anglash orqali chuqurroq tushunish. Ayniqsa, zamonaviy ta’lim tizimida bu ikki yondashuv uyg‘un holda olib borilsa, Navoiyning bebaho merosi avlodlarga yanada ta’sirchan va samarali yetkaziladi.
–Ulug‘ mutafakkir nomi bilan yuritiluvchi, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha mamlakatimizdagi eng yetakchi oliy o‘quv dargohi bo‘lgan mazkur universitetda Navoiy merosini o‘rganishga qanday e’tibor qaratilmoqda?
– Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida buyuk mutafakkir va shoirning ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Universitetda maxsus kafedralar, ilmiy markazlar, Navoiyshunoslikka ixtisoslashgan tadqiqot guruhlari tashkil etilgan. Bu yerda Navoiy asarlarining tahlili, ulardagi falsafiy va badiiy qiymatlar o‘rganiladi, yangi tadqiqotlar olib boriladi. Masalan, universitetimiz olimlari tomonidan Alisher Navoiy mualliflik korpusi yaratildi. Shuningdek, talabalar uchun maxsus kurslar, mahorat darslari va ilmiy anjumanlar tashkil etilib, Navoiy ijodi haqidagi bilimlar chuqurlashtirilmoqda. Har yili universitet tomonidan an’anaviy tarzda “Alisher Navoiy va XXI” xalqaro anjumani tashkil etib kelinmoqda. Shu nuqtai nazardan boshqa birорbir mamlakatda o‘xshashi, andozasi yo‘q muqaddas ilm maskani — Navoiy bobomiz nomi bilan ataluvchi universitet ham bejiz barpo bo‘lmaganini barchamiz yaxshi bilamiz. Chunki Navoiyni anglamay, unga yaqinlashmay turib, Uyg‘onish pallasiga qadam qo‘yib bo‘lmaydi. Shu bois, Alisher Navoiy ijodini keng o‘rganish, u qoldirgan boy ma’naviy merosni dunyo bo‘ylab keng targ‘ib qilish masalasiga jiddiy yondashilayotgani bejiz emas. Ayni shu maqsadda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan har yili “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusida uluslararo anjumani o‘tkazib kelinmoqda. Shu davr mobaynida ushbu anjuman dunyo navoiyshunosligi tarixida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi. Anjumanda dunyoning turli mintaqalaridan turkolog olimlarning qatnashayotgani uning nufuzini belgilaydi.
Dastlabki yetti yil konferensiya Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUda o‘tkazildi. Shu davr mobaynida Alisher Navoiyning hayoti va ijodi to‘g‘risida yuzlab tadqiqotlar e’lon qilindi, dunyoning turli davlatlaridan ko‘plab olimlar Navoiy yurtida jam bo‘ldilar. Quvonarlisi shundaki, bu anjuman tufayli dunyoning turli hududlarida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan navoiyshunoslar bir yerda yig‘ilib, o‘zaro fikr almashib bordilar. Mojar navoiyshunosi Benedek Peri, fransiyalik Mark Toutant, turkiyalik navoiyshunos va turkolog olimlar: Vahit Turk, Tanju Seyhan, Gunay Kut, Sema Barutchu O‘zo‘nder, Xatije To‘ren, Ayshexan Deniz Abik, Metin Karao‘rs, O‘nal Kaya, Funda Toprak, Zuhal O‘lmez, Emek Ushenmez, Fatma Achik, Huseyin Baydemir, Bulent Bayram, Erjan Petek, Sebahat Deniz; ozarbayjonlik Isa Habibbeyli, Almaz Ulvi, Elchin Ibrohimov; pokistonlik Ruxshona Iftixor; koreyalik O Yun-Kyun; eronlik Huseyn Duzgun, Amir Ne’mati Limoiy va Farhod Rahimiy; afg‘onistonlik Alim Labib, Abdulloh Ro‘in, Nurulloh Oltoy, Shafiqa Yorqin, Muhammad Ya’qub Qarash; qozog‘istonlik To‘rali Qidir; tojikistonlik Sayidxoja Alizoda, Muhammad Ali Xurosoniy, Olimjon Qosimovlar shu anjuman doirasida o‘zbek olimlari bilan yaqindan tanishib, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ydilar. Mazkur anjuman tufayli o‘zbek navoiyshunos olimlarini ham dunyo tanidi.
Shuni ta’kidlash o‘rinliki, turli davlatlarda o‘zbek adabiyoti, xususan, Navoiy ijodi bilan bog‘liq tadqiqotlar olib borayotgan olimlarning soni juda ko‘p. Toshkentdagi ushbu nufuzli xalqaro anjumanga kelishni istaydigan, ammo turli sabablar bilan qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lmaganlar ham anchagina. Ana shunday olimlar uchun imkoniyat yaratish va barcha mamlakatlardagi navoiyshunoslarning o‘zaro hamkorligiga erishish maqsadida 2023 yildan e’tiboran “Alisher Navoiy va XXI asr” uluslararo anjumanni O‘zbekistondan tashqarida o‘tkazishga qaror qildik.
2023 yil Ozarbayjonda o‘tkazilgan anjuman biz to‘g‘ri yo‘lni tanlaganimizni ko‘rsatdi. Ozarbayjonda o‘tkazilgan anjumanda ko‘plab mahalliy turkologlarning qatnashgani bunga dalolatdir. Yangi nomlarning kashf etilgani va ozar tadqiqotchilarining Navoiy anjumani doirasida faol qatnashgani bizni quvontirdi. Ayniqsa, shu anjumanda O‘zbekiston va Ozarbayjon yosh olimlarining o‘zaro tanishuvi amalga oshdi va ularning xalqaro miqyosdagi hamkorlik ishlarini boshlab berdi. Ilk tajriba ijobiy samara bergach, 2024 yilda ushbu nufuzli anjuman Turkiyaning qadimiy Bursa shahridagi Uludag‘ universitetida o‘tkazildi. Joriy yilda esa qardosh va yondosh Qozog‘istonda o‘tkazilishi belgilangan.
–Alisher Navoiy asarlarini xorijiy tillarga tarjima etish va shu orqali uning jahon miqyosida targ‘ibotini kuchaytirish bo‘yicha qanday ishlar olib borilmoqda?
– Alisher Navoiy asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish va ularni jahon miqyosida targ‘ib etish masalasi juda muhim va dolzarb hisoblanadi. Navoiy nafaqat o‘zbek adabiyotining, balki butun jahon madaniy merosining ulkan siymolaridan biridir. Uning ijodi badiiy yuksaklik, falsafiy chuqurlik va insoniy qadriyatlarning ifodasi bo‘lib, bu ma’naviy boylikdan butun dunyo bahramand bo‘lishi lozim.
Biroq Navoiy asarlarini tarjima qilishda bir qancha muhim omillarga e’tibor berish zarur. Uning she’riyati serqirra va murakkab bo‘lib, nafaqat mazmun, balki shakl jihatidan ham betakror. Shuning uchun tarjima jarayonida matnning estetik go‘zalligini, musiqiy ohangini va mazmunini to‘liq saqlash muhimdir. Afsuski, ko‘plab tarjimalar matnning ruhini yetarlicha aks ettira olmaydi. Bu borada, yuqori malakali tarjimonlar va adabiyotshunoslar ishtirokida, juda sinchkovlik bilan ishlash talab etiladi.
Shuningdek, Navoiy merosini xorijda targ‘ib qilish uchun nafaqat tarjimalar, balki akademik tadqiqotlar, ilmiy konferensiyalar, badiiy filmlar va zamonaviy media vositalari orqali ham keng targ‘ibot ishlari olib borilishi kerak. Uning g‘oyalari, insonparvarlikka asoslangan qarashlari bugungi globallashuv davrida ham dolzarb va ahamiyatlidir.
Xulosa qilib aytganda, Navoiyning ijodini jahon sahnasiga olib chiqish o‘zbek madaniyatining xalqaro maydonda yanada keng tanilishiga xizmat qiladi. Buning uchun sifatli tarjimalar yaratish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va zamonaviy targ‘ibot vositalaridan foydalanish muhim ahamiyatga ega.
Navoiy ijodi nafaqat milliy, balki xalqaro madaniy merosning ajralmas qismi sifatida qaraladi. Universitetda uning asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish ustida ish olib borilmoqda. Shuningdek, universitet tarjima jarayonida xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga ham katta ahamiyat qaratadi. Navoiy asarlari elektron, audio va vizual shakllarda taqdim etilib, xalqaro madaniy maydonda keng tarqatilmoqda. Xorijiy mamlakatlarda Navoiy ijodi bo‘yicha konferensiyalar, tadqiqotlar va nashrlar olib borilib, uning nomini butun dunyoda tarannum etishga katta hissa qo‘shilmoqda.
Barchamizga yaxshi ma’lumki, Alisher Navoiy ilm-fan homiysi bo‘lgan va turkiy madaniyatni umumbashariy madaniyatning ajralmas buyuk qismi ekanini targ‘ib qilib asarlar yozgan. Bir necha asrlarki, G‘arb va Sharq olimlari uning bu xizmatlarini alohida ta’kidlab keladi. Bugungi davrda ham dunyoning turli mamlakatlarida Alisher Navoiy asarlarini o‘rganayotgan va targ‘ib etayotgan olimlar ko‘plab topiladi. Biz ularning Alisher Navoiy ijodini targ‘ib etishdagi xizmatlarini qadrlaymiz va chuqur muhabbat bilan qaraymiz. Shu bois Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan o‘zbek tili va adabiyoti tarixini, Navoiy ijodini o‘rganishda jonbozlik ko‘rsatayotgan xorijlik olimlarni alohida etirof etish, rag‘batlantirish maqsadida “Alisher Navoiy” medali ta’sis etilgan. Hozirgi kunda ko‘plab xorijlik va mahalliy olimlar, tadqiqotchilar mazkur medal bilan mukofotlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 12 yanvardagi “Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni keng targ‘ib qilish orqali turistlar oqimini ko‘paytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori esa milliy tilimiz va madaniyatimiz targ‘iboti bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlarning yangicha tarhini chizib berdi.
Qarorda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti zimmasiga 2024 yil yakuniga qadar xorijdagi o‘zbek milliy madaniy markazlari va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari huzurida o‘zbek tili kurslarini tashkil etish hamda ularda mashg‘ulotlar muntazam olib borilishini ta’minlash vazifasi ham yuklatilgan. Qarorda belgilanganidek, yurtimizning boy ilmiy, tarixiy, madaniy va ma’naviy merosini o‘rganishga qiziqish yuqori bo‘lgan xorijiy ta’lim va ilmiy tashkilotlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining markazlari birin-ketin ochilmoqda. Shu kungacha Qirg‘izistonning O‘sh shahrida, Turkiyaning Bursa Uludag‘ universitetida, Ozarbayjonning Ganja shaharlarida ana shunday markazlarni ochdik. Bir so‘z bilan aytganda, markaz ramziy ma’noda Alisher Navoiy orzu qilgan birlashuv g‘oyasining amaldagi bir ko‘rinishi bo‘ladi, deyish mumkin.
–Mamlakatimiz ziyolilarining peshqadam vakili, ko‘zga ko‘ringan olim sifatida Navoiy merosini o‘rganish sizning ma’naviy kamolotingizda qanday ahamiyat kasb etdi?
– Navoiy merosini o‘rganish nafaqat tilshunoslar va adabiyotshunoslar, balki har bir ziyoli insonning ma’naviy yuksalishida muhim o‘rin tutadi. Har bir inson buyuk shoir ijodi orqali o‘zining shaxsiy kamoloti va ma’naviy taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shishi mumkin. Navoiyning asarlari orqali nafaqat o‘zbek adabiyoti va tilining yuksak salohiyatini anglash, balki umumbashariy qadriyatlar, insonparvarlik, ma’rifat va axloqiy yuksalish borasida chuqur bilimga ega bo‘lish mumkin.
Navoiyning falsafiy qarashlari, inson ruhiyatini kamol toptirishga qaratilgan g‘oyalari insonning dunyoqarashini boyitadi, uning ma’naviy kamolotida asosiy manbaga aylanadi. Uning asarlaridagi har bir misra hayotiy falsafa va ma’naviy yuksalish uchun yo‘lboshchi vazifasini o‘taydi.
Navoiy ijodida inson kamoloti markaziy o‘rin tutadi. U o‘z asarlarida halollik, adolat, saxovat, shukronalik, sabr va tavozelik kabi fazilatlarni ulug‘laydi. Masalan, “Mahbub ul-qulub” asarida insonning axloqiy barkamolligi haqida qimmatli pand-nasihatlar berilgan bo‘lsa, “Xamsa” dostonlarida ezgulik va yovuzlik, adolat va zulm o‘rtasidagi kurash keng tasvirlanadi. Avvalo, Navoiy ijodining muhibi sifatida shuni ayta olamanki, hazratdan o‘qiganlarimning barchasi hayotning murakkab haqiqatlarini anglashimga, to‘g‘ri yo‘l tanlashimga ko‘maklashgan.
Alisher Navoiy – millat quyoshi. “Shams ul-millat” ijodini tadqiq etish inson tafakkurini charxlaydi, dunyoqarashini kengaytiradi. U o‘z davrining ilg‘or bilimlarini o‘zida mujassam etgan holda, falsafa, tarix, san’at va tasavvufga oid chuqur mulohazalar yuritgan. Bular esa mantiqiy va tahliliy fikrlashimni oshirgani, hayotga teran nazar bilan qarashga o‘rgatgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.
– Samimiy suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova
suhbatlashdi
- Qo'shildi: 04.02.2025
- Ko'rishlar: 195
- Chop etish