Umummilliy harakat: 2025 yil ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda hal qiluvchi yil bo‘ladi

Prezident qarori bilan 2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari belgilanadi.

So‘nggi yillarda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Buni Prezidentimizning ushbu so‘zlari ham tasdiqlaydi: “Bundan buyon kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi. Hukumatdan tortib, tuman tashkilotigacha barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning kundalik ishi oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish bo‘lishi kerak. Bu borada nazorat ham, so‘rov ham qattiq bo‘ladi”.

Aniq raqamlar misolida ko‘radigan bo‘lsak, 2024 yilning o‘zida bog‘cha va maktablar barpo qilish, tibbiy xizmatni kengaytirish, mahallalarda ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash uchun byudjetdan 31,5 trillion so‘m ajratilgan. 

Oxirgi 6 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 750 ming aholi kreditini vaqtida qaytarib, daromadli biznesga ega bo‘lgan. Ulardan 58 mingi yangi korxona ham ochgan.

Keyingi yillarda bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 27 foizdan 74 foizga oshgan. Bolalar o‘rtasidagi kambag‘allik darajasi oxirgi uch yilda 22 foizdan 14 foizga pasaygan.

So‘nggi uch yilda mamlakatimizda ko‘makka muhtoj 3 million aholining turmush sharoiti yaxshilanib, kambag‘allik darajasini 17 foizdan 11 foizga tushirishga erishilgan. Kelgusi uch yilda kambag‘allik darajasini 7 foizgacha pasaytirish maqsad qilingan.

Yaqinda davlatimiz rahbari aholi bandligini ta’minlash va yangi yondashuvlar asosida kambag‘allikni qisqartirishga oid chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishar ekan, 2025 yil ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda hal qiluvchi yil bo‘lishini ta’kidlab, bu boradagi chora-tadbirlarni tartibli va manzilli amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shundan so‘ng “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat hududlarda aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va daromadlarini oshirish bo‘yicha yangi yondashuvlarni keng joriy qilish, mahallalarda ehtiyojmand aholi qatlami bilan manzilli ishlashni tashkil etish va ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, mavjud resurslar, imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish orqali yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirishni maqsad qiladi.

Aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash dasturi tasdiqlandi

Qarorga ko‘ra, 2025 yilda aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash dasturi hamda uning doirasida maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi. Dastur ijrosi doirasida 5,2 million aholini ish bilan band qilish hamda daromadli mehnat bilan ta’minlash maqsadida ayrim tashkilotlar mas’ul etib belgilandi.

Dasturning amalga oshirilishini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 126 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi "online- mahalla.uz" va "yangiish.mehnat.uz" platformalaridagi, shuningdek, hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar yuzasidan tayyorlangan ma’lumotlar asosida har oy yakuni bo‘yicha Dastur ijrosi yuzasidan Prezidentga axborot beradi.

Parrandachilik bo‘yicha tayyor biznes loyihalari amalga oshiriladi

2025–2026 yillarda Namangan, Toshkent, Xorazm va boshqa viloyatlarda parrandachilik sohasida kooperatsiya tizimida zamonaviy so‘yish korxonalari (kushxonalar) va muzlatgichli omborxonalar, mahsulotlar va chiqindilarni qayta ishlash, naslli jo‘jalar yetishtirish va parranda mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini o‘z ichiga olgan tayyor biznes loyihalari amalga oshiriladi.

Qarorga muvofiq, 2025 yilda kambag‘al oila a’zolarini jalb etgan holda 20 ming gektar o‘rmon fondi yerlarida sanoatbop, manzarali va mevali daraxt turlaridan iborat o‘rmonlar barpo etish, ko‘chatxonalar tashkil etish va dorivor o‘simliklar yetishtirish loyihalari amalga oshiriladi. Bunda kambag‘al oila a’zolariga mazkur yer uchastkalarida o‘z ehtiyojlari uchun sabzavot, poliz va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga ruxsat etiladi. 

Jami 100 gektar yer uchastkalarida brussonetiya daraxtini yetishtirish bo‘yicha pilot loyihalar amalga oshiriladi. O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan tuproq-iqlim sharoitiga mos keluvchi 1 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari og‘ir toifadagi 1024 ta mahallaga yetkazib beriladi.

“Ekofaol fuqaro” platformasi va subsidiya

2025 yil 1 iyuldan “Ekofaol fuqaro” platformasiga o‘zi ekkan daraxti to‘g‘risida ma’lumotlar kiritgan kambag‘al oilalar a’zolariga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan har 100 ta daraxt uchun BHMning 1 baravari (375 ming so‘m) miqdorida subsidiya ajratiladi. Bunda subsidiya yil davomida ikkiga bo‘lib (ko‘chatlar ekilgan vaqtda hamda ularni parvarishlash davridan keyin) teng ulushlarda to‘lanadi.

Quyosh fotoelektr stansiyalarini boshqarishga kambag‘al oilalar a’zolari ulushdor bo‘ladi

Qarorga ko‘ra, og‘ir toifadagi 300 ta mahallada kooperatsiya asosida 180–500 kVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalari barpo etiladi. Bunda quyosh fotoelektr stansiyalarini boshqarishga kooperatsiya asosida kambag‘al oilalar a’zolari ulushdor sifatida jalb qilinadi. Quyosh fotoelektr stansiyalariga xizmat ko‘rsatish uchun kambag‘al oilalar a’zolari o‘qitiladi va ishga qabul qilinadi.

Mahallalarda ijaraga berilgan yer maydonlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishning zamonaviy usullari joriy etiladi

Hujjatga ko‘ra, ish tajribasiga ega tadbirkorlik sub’ektlari va eksportchi korxonalarni jalb qilgan holda aholiga ijara asosida ajratilgan yer uchastkalarida namunali loyihalar doirasida 492 ta qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish orqali “kompaniya – kooperativ dehqon xo‘jaligi” tamoyili asosida mahsulotni uzluksiz yetkazib berish tizimi joriy qilinadi. 

2022–2024 yillarda dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun ajratilgan va kelgusida aholiga ijaraga beriladigan yer maydonlarida yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanish asosiy turiga muvofiq "bir kontur – bir mahsulot" tamoyili asosida yengil konstruksiyali issiqxona, intensiv bog‘, tokzor, anorzor, gulchilik va ko‘chatchilik plantatsiyalarini yaratish va rezavor mevalar yetishtirish loyihalarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

2025 yil 1 apreldan 2028 yil 1 yanvarga qadar yangi tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi va dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash kooperativlari uchun ijtimoiy soliq hamda ularga ishga qabul qilingan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari 1 foiz etib belgilanadi.

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdorda subsidiyalar ajratiladi.

Kasbiy ko‘nikmalar markazlarida 12 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining kasbiy ko‘nikmalar markazlarida 2025 yil 1 fevraldan ish beruvchilar buyurtmasi va tijorat banklari mijozlari ehtiyoji asosida ishsiz aholini, shu jumladan, kambag‘al oilalar a’zolarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga manzilli o‘qitish tizimi joriy etiladi.

2025 yil 1 martdan aholini kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash jarayonlarini raqamli nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 2025 yil 1 apreldan 12 ta yangi kasb yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Kambag‘al oilalar a’zolarini kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi joriy qilinadi

Qarorga muvofiq, 2025 yil 1 fevraldan kasblarga o‘qitish maqsadida ajratiladigan stipendiyalar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, muddati 3 oydan ko‘p davom etadigan o‘quv kurslariga qabul qilingan Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning ishsiz a’zolariga to‘lanadi.

2025 yil 1 maygacha ishsiz aholini, shu jumladan, ustuvor ravishda kambag‘al oilalar a’zolarini kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi joriy qilinadi.

Mazkur tizim 2025 yil 1 fevraldan Samarqand viloyati va Toshkent shahrida sinovdan o‘tkaziladi.

Mahallalarda kambag‘al oila a’zolarining ishlash ishtiyoqini va tashabbuskorligini oshirishga qaratilgan “Farovon hayotga ilk qadam”, “Ishonch” loyihalari va “Ma’rifat orqali kambag‘allikni qisqartirish” dasturi amalga oshiriladi.

Umidjon Qurbonov, O‘zA

Powered by GSpeech