Kuni kecha O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Volontyorlik faoliyati to'g'risida”gi qonun loyihasi ko'rib chiqildi. Deputatlarning atroflicha muhokamalaridan so'ng qonun qabul qilindi.
“Volontyorlik faoliyati to'g'risida”gi qonun loyihasining asosi davlatimiz rahbarining tashabbusidir. Binobarin, ushbu vazifa O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 mayda imzolangan “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonida belgilangan.
O'tgan davrda mazkur qonun loyihasi parlament quyi palatasining 5 nafar deputati tashabbusi bilan Qonunchilik palatasigi kiritildi. Bunday qonunni qabul qilishning sabablari nimada, degan savol tug'ilishi tabiiy.
Birinchi sabab. Shu paytga qadar mamlakatimizda volontyorlik faoliyati huquqiy tartibga solinmagan.
Volontyorlar faoliyatini tartibga soluvchi maxsus qonun yo'q. Ularning huquqiy maqomi, shu jumladan, huquq va majburiyatlari biron-bir normativ-huquqiy hujjatda aks ettirilmagan.
Ammo, bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda “volontyorlik” atamasi qo'llanilgan. Qonun hujjatlarining milliy bazasida 46 mingdan ortiq hujjat mavjud bo'lib, shundan 12 tasida ushbu atama uchraydi.
Xususan, “Homiylik to'g'risida”gi qonunning 3-moddasida mazkur atamaga: “Ko'ngillilar – homiylik oluvchining yoxud homiylik tashkilotining manfaatlarini ko'zlab bepul ishlar bajarish, xizmatlar ko'rsatish shaklidagi homiylikni amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar”, deb ta'rif berilgan. Oliy Majlis Senati tasdiqlagan “O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman)ning 2006 yildagi faoliyati to'g'risidagi hisobot”da esa Ombudsmanning 8 ta mintaqaviy vakilligida volontyorlar komp`yuter savodxonligi bo'yicha tahsil olgani ta'kidlangan.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 20 iyunda qabul qilingan “Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida qariyalar, nogironlar, yordamga muhtoj kishilarga, xususan, tomorqalarida yordam berish uchun volontyorlik harakatini joriy qilish zarurligi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 8 avgustda qabul qilingan “Yaponiya bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi, shuningdek, 2017 yil 14 avgustda tasdiqlangan "Internet jahon axborot tarmog'ida milliy kontentni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorlarida ham “volontyorlik” tushunchasi xususida so'z boradi.
Keyingi davrda qabul qilingan hujjatlar haqida fikr yuritganda, mazkur atama O'zbekiston Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan Harakatlar strategiyasida, hamda 2019 yil 9 yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish kontseptsiyasi”da qayd etilganini ta'kidlash lozim.
Ikkinchi sabab. Volontyorlik – mamlakatda fuqarolik jamiyati rivojlanganligi darajasini ko'rsatuvchi indikatordir.
Bugungi kunda O'zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini liberallashtirish va demokratlashtirish borasida keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Kuchli va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish, mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiya qilishning muhim shartlaridan biri – mustaqil nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini barcha sohalar bo'yicha muntazam rivojlantirib borishdir.
Yurtimizda fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini himoya qilish hamda «uchinchi sektor»ni erkin va izchil rivojlantirish bo'yicha normativ-huquqiy baza yaratilgan.
Mamlakatimizda jadal rivojlanayotgan volontyorlik faoliyati mustahkam qonunchilik bazasiga ega emas. Shu bois mazkur qonunning qabul qilinishi yurtimizda volontyorlar faoliyati yanada rivojlanishida alohida ahamiyat kasb etadi.
Uchinchi sabab. Volontyorlik harakati hozirgi davrda turli milliy va xalqaro tadbirlarni o'tkazishdagi faolligi bilan yaqqol ko'zga tashlanmoqda.
Jumladan, turli xayriya tadbirlari va aktsiyalar, xalqaro anjumanlar va sport musobaqalari, hatto saylov jarayonlarida ko'ngillilar faol ishtirok etmoqda. Mazkur tadbirlarni tayyorlash va o'tkazishda ko'pgina holatlarda volontyorlik xizmatidan samarali foydalanilmoqda.
To'rtinchi sabab. tahlillarga ko'ra, volontyorlik instituti keng imkoniyatlarga ega bo'lib, bu imkoniyatlardan O'zbekistonni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda foydalanish mumkin.
Misol uchun, volontyorlar o'z faoliyati davomida: qator muhim ijtimoiy xizmatlarni ko'rsatadi; ma'lum tovarlarni ishlab chiqaradi; o'z manbalari hisobidan jamiyatning ehtiyojmand qatlamlarini qanoatlantiradi; davlat organlarining ayrim vazifalarini zimmasiga oladi.
Bu omillar, o'z navbatida, mavjud byudjet mablag'larini iqtisod qilish imkonini beradi.
Beshinchi sabab. volontyorlik yoshlarni jamiyat hayotiga kirishish jarayonlariga ko'mak ko'rsatish, zarur ish tajribasini to'plash va mehnat bozori talablari bo'yicha zarur malaka darajasini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, u jamiyat a'zolari ongiga asosiy demokratik qadriyat va ko'nikmalarni singdirish, ijtimoiy munosabatlarni amalga oshirishda yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Milliy tajribani o'rganish shuni ko'rsatdiki, O'zbekistonda volontyorlik faoliyati, tegishli tushunchalar majmui va ushbu faoliyatni amalga oshirish tartiblari hozirga qadar aniq bir qonun hujjatida mustahkamlanmagan bo'lsa-da, baribir, izchil rivojlanmoqda.
Oltinchi sabab. Volontyorlik faoliyati ko'p asrlik tarixga ega bo'lib, xalqimizning ongu tafakkuri va mentalitetiga chuqur singib ketgan. Xususan, hashar – jamoaviy ko'ngillilik faoliyatining keng tarqalgan ko'rinishlaridan biri.
Shu bilan birga, ayrim sotsiologik tadqiqotlar natijalariga qaraganda, hozirgi kunda mamlakatimizda qariyb 90 foiz NNT o'z faoliyatini amalga oshirishda volontyorlardan foydalanadi. O'zbekiston Yoshlar ittifoqi, Qizil yarim oy jamiyati va O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi shunday tashkilotlar orasida eng faollaridir.
«Bunyodkor» yoshlar mehnat guruhlari turli turar-joylar va infratuzilma ob'ektlari, xususan, Toshguzar-Boysun-Qumqo'rg'on temir yo'li kabi qurilishlarda munosib hissa qo'shib kelmoqda. Mazkur ko'ngillilar guruhlariga dastlab 30 mingdan ortiq yoshlar birikkan bo'lib, ular o'z faoliyati davomida zarur mehnat ko'nikmalarini egallashga va o'zaro mustahkam do'stlik aloqalarini o'rnatishga muvaffaq bo'ldilar.
Yettinchi sabab. Volontyorlik faoliyati qator ijtimoiy tarmoqlar orqali ham faollashib bormoqda. Masalan, «facebook.com» ijtimoiy tarmog'ida «volontyori.uz» guruhi mavjud. Guruh a'zolari soni 12 mingdan ortiqdir.
Bu guruh xayriya tadbirlari, aktsiyalari hamda yordam ko'rsatish bo'yicha o'zaro ma'lumotlar almashadilar. Ular yo'qolgan kishilarni izlash, hududlarni chiqindilardan tozalash, egasiz hayvonlarni himoya qilish, ehtiyojmandlarga dori-darmon sotib olish va qimmat tibbiy operatsiyalarni bajarish uchun mablag' yig'ish va boshqa shu kabi beg'araz yordam tadbirlarini amalga oshirmoqda.
Shu tariqa mamlakatimizda shunday holat yuzaga keldiki, milliy qonunchilikda volontyorlik faoliyati bilan bog'liq “huquqiy bo'shliq” mavjud bo'lishiga qaramay, ushbu yo'nalish izchil rivojlanmoqda.
Ushbu sohada tegishli qonun hujjatlari majmuining yo'qligi oqibatida ko'ngillilarning huquqlari va majburiyatlari, ijtimoiy himoyasi, munosib mehnat sharoitlarining kafolatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, NNT va OAV bilan hamkorlik mexanizmlari to'g'risidagi masalalar ochiq qolmoqda.
Qolaversa, qonunchilikdagi bu «oq dog'lar», o'z navbatida, yurtimiz yoshlarini mazkur yo'nalishda davlat siyosati va milliy mentalitetimizga mos kelmaydigan qadriyatlar asosida «birlashtirish»ga intiluvchi turli shaxslar va tashqi kuchlarga «keng maydon» yaratib berishidan ham ko'z yumib bo'lmaydi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, bugungi kunda 80 dan ziyod mamlakatda yirik professional volontyorlik tashkilotlari mavjud. Davlatlar tomonidan katta yordam ko'rsatilayotgani tufayli volontyorlik sektori jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim tarkibiy qismiga aylanib bormoqda.
Angliyaning “Charities Aid Foundftion” kompaniyasi har yili “Jahon xayriya reytingi”ni e'lon qiladi. 2018 yili O'zbekiston 145 davlat ichida 68-o'rinni egalladi. Mamlakatimiz 2016 yili volontyorlik harakatining yoyilishi bo'yicha 40-o'rinda edi.
Shu ma'noda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qabul qilgan ushbu qonun mamlakatimizda volontyorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Demakki, u beg'araz ishlarni bajarish va xizmat ko'rsatishni ko'ngilli ravishda amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar faoliyati bilan bog'liq ijtimoiy munosabatlarni qonunlashtiradi.
Qonunning qabul qilinishi quyidagi masalalarni hal qilish imkoniyatini beradi:
birinchidan, volontyorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni qonuniy tartibga soladi;
ikkinchidan, volontyorlik faoliyati to'g'risida yagona qonuniy tushunchalar majmuini shakllantiradi;
uchinchidan, volontyorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartib-tamoyillarini belgilaydi;
to'rtinchidan, volontyorlik faoliyati yanada faollashishini rag'batlantiradi;
beshinchidan, volontyorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qo'shimcha kafolatlar yaratadi;
oltinchidan, davlat organlarining va fuqarolik jamiyati institutlarining volontyorlar bilan hamkorligining usullari va shakllarini aniqlaydi.
“Volontyorlik faoliyati to'g'risida”gi qonunda quyidagilar, ya'ni volontyorlik faoliyatining maqsad va vazifalari;
volontyorlik faoliyatining asosiy printsiplari;
volontyorlik faoliyatining asosiy yo'nalishlari va shakllari;
volontyorlik faoliyatini ro'yxatga olish reestri;
Vazirlar Mahkamasining volontyorlik faoliyati sohasidagi vakolatlari;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining bu boradagi vakolatlari;
fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarining va nodavlat notijorat tashkilotlarining volontyorlik faoliyati sohasidagi ishtiroki;
volontyorlik shartnomasi;
volontyorlik shartnomasining tarkibi;
volontyorlik faoliyatini rag'batlantirish choralari;
volontyorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash va moliyaviy ta'minlash nazarda tutilgan.
BMT a'zo davlatlarni volontyorlikni qadrlashga va har xil faoliyat turlariga ko'ngillilarni jalb qilishga da'vat etib kelmoqda. Xususan, BMT Bosh Assambleyasi, “Volontyorlarni qo'llab-quvvatlash to'g'risidagi tavsiyalar” nomli maxsus Rezolyutsiya qabul qilgan. Bunga javoban ko'plab davlatlar volontyorlik faoliyatini tartibga soluvchi va himoya qiluvchi «huquqiy doiralar» majmuini yaratgan.
O'zbekistonda mazkur qonun loyihasini tayyorlash asnosida bir qancha xorijiy davlatlarning bu boradagi qonunchilik amaliyoti tahlil qilindi. Xususan, Frantsiya, Shvetsiya,
Buyuk Britaniya, Serbiya, Makedoniya, Pol`sha, Slovakiya, Latviya, Litva, shuningdek, MDHga a'zo davlatlardan Rossiya, Ukraina, Qozog'iston va Moldova tajribasi atroflicha o'rganildi.
Jumladan, Frantsiyada ko'ngillilar faoliyatida ishtirok etishning ikki shakli – “Benevolat” va “Volontariat” qabul qilingan.
“Benevoles” – e'tirof etilgan tijorat yoki notijorat maqomga ega shaxslar, masalan volontyorlik xarakatidagi ishtirokidan kelib chiqib qo'shimcha huquqlarga ega yollanma ishchilar yoki talabalardan iborat.
Ammo volontyorlik faoliyatida ishtirok etishning bunday shakli aniq huquqiy maqomga ega emas. Shuning uchun bunday volontyorlar boshqa qo'shimcha faoliyat bilan ham shug'ullanishlari mumkin.
“Volontaires” – volontyor sifatida huquqiy maqomi tan olingan shaxslar. Ular faqat volontyorlik faoliyati bilan shug'ullanadi. Volontyorlikning ikkala shakli ham Frantsiyaning ko'plab qonunlari bilan tartibga solinadi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, volontyorlik to'g'risida alohida qonunlar Litva, Makedoniya, Slovakiya, Serbiya, Moldova, Ukraina, Rossiya, Qozog'iston kabi davlatlarda qabul qilingan.
Parlamentimizning quyi palatasi deputatlari ishlab chiqqan qonun bilan Adliya vazirligi tomonidan volontyorlar faoliyatini ro'yxatga olish reestri joriy qilinib, muntazam ravishda yangilab borilishi, «Volontyorlik shartnomasi»ni amaliyotga joriy qilinishi ko'zda tutilgan. Qonun loyihasi qabul qilindi va Oliy Majlis Senatiga yuboriladigan
bo'ldi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda “Volontyorlik faoliyati to'g'risida”gi qonunni ishlab chiqishdan ko'zlangan maqsad – volontyorlar faoliyatini amalga oshirish bilan bog'liq munosabatlarni tartibga solishdir.
Qolaversa, ushbu qonun hujjati nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirish, O'zbekistonda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, volontyorlar faoliyatini zamon talablari asosida samarali yo'lga qo'yishga qaratilgan. U demokratik islohotlar natijadorligini ta'minlash va volontyorlar xizmatidan foydalanishning eng samarali mexanizmlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Akmal Saidov,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Demokratik institutlar,
nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi raisi
- Qo'shildi: 14.11.2019
- Ko'rishlar: 6909
- Chop etish