“Yashil makon” loyihasi ijrosi tahlil qilindi

Joriy yil 20-may kuni Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarni  ko‘kalamzorlashtirish, daraxtlar ekish va parvarishlash, “yashil belbog‘lar”ni barpo etish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Majlisda senatorlar, “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi masʼullari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari aʼzolari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, ekspertlar, vazirlik va idoralar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahorgi mavsumda 136 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan.

Ko‘chatlarni agrotexnik talablarga mos ravishda ekish, ularni parvarishlash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlarini to‘g‘ri tashkil etishga qaratilgan 1,5 mingdan ortiq amaliy seminarlar o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, Davlat o‘rmon fondi yerlarida 126 ming gektar maydonda o‘rmon barpo etish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirilgan. Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi mintaqasida 124,5 ming gektar maydonda yashil qoplamalar barpo etilib, 1,5 ming gektarda o‘rmonlashtirish ishlari tashkil etilgan.

Hududlarga tuproq-iqlim sharoitiga mos ko‘chatlar yetkazib berilishini taʼminlash maqsadida 1,3 mingta savdo yarmarkasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan yashil hududlar yetishmayotgan 1024 ta mahallaga 808 ming tup, Ekologiya jamg‘armasi hisobidan maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlariga 409 ming tup, sog‘liqni saqlash muassasalariga 493 ming tup ko‘chat yetkazib berilgan.

Majlisda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda ayrim kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilganligi senatorlar tomonidan taʼkidlandi. Jumladan, bahor mavsumida ekilgan qariyb 14 ming tup ko‘chatning sug‘orish tizimi tashkil etilmagan. Ayrim hollarda hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, daraxt va butalarning mos turlari tanlanmasdan ekilgan.

Baʼzi vazirlik, idoralar va tarmoqlarda daraxt ekish tadbirlariga yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan. Ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash, sug‘orish, ular payhon qilinishining oldini olish ishlari ham talab darajasida amalga oshirilmagan.

Hokimlik, vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan avvalgi mavsumlarda ekilgan, tabiiy va boshqa omillar hisobiga qurib qolgan daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish, qurib qolgan daraxtlar o‘rniga yangi ko‘chatlarni ekish amaliyotiga eʼtibor qaratilmagan.

Qurilish materiallari, energetika va metallurgiya sohasidagi sanoat korxonalari tomonidan 5 gektardan maydonda “yashil belbog‘lar” barpo etish ishlari ayrim hududlarda bajarilmagan.

Xususan, Jizzax, Farg‘ona, Qashqadaryo, Toshkent, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida sanoat korxonalari tomonidan ko‘chat ekish orqali “yashil belbog‘lar” barpo etish ishlari qoniqarli darajada emas.

Shuningdek, atrof muhitga taʼsir xavfi bo‘yicha I-II toifadagi 1 306 ta sanoat korxonasining 419 tasida ko‘chat ekish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan.

Muhokama davomida kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan masʼullarga qator taklif va tavsiyalar berildi. Xususan, ekilgan ko‘chatlar haqidagi maʼlumotlarning “Yashilmakon.eco” elektron platformasiga o‘z vaqtida va haqqoniy kiritilishini taʼminlash, kuzgi mavsumda har bir hududning iqlimi, tuproq sharoitlaridan kelib chiqqan holda daraxt turi va ekish joylarini belgilash lozimligi taʼkidlandi.

Yirik sanoat korxonalari atrofi va ularga tutash hududlarda hamda chiqindi poligonlari atroflarida “yashil belbog‘lar” barpo etishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga “Yashil makon” umummilliy loyihasining amalga oshirilishi yuzasidan qatʼiy deputatlik va jamoatchilik nazoratini davom ettirish, hududiy ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmalarining bu borada amalga oshirgan ishlar to‘g‘risidagi axborotini Kengash sessiyalarida eshitib borish tavsiya etildi.

Shuningdek, Qo‘mita majlisida muhim ekologik sanalardan biri bo‘lgan 22-may Xalqaro biologik xilma-xillik kunining mazmun-mohiyati xususida ham atroflicha maʼlumot berildi.

Bundan tashqari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari aʼzolari uchun “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda deputatlik va jamoatchilik nazoratining muhim jihatlari xususida seminar ham tashkil etildi.

Majlis yakunida ko‘rilgan masala yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech