O‘zbekiston yosh avlod kamolotiga ustuvor ahamiyat bermoqda. Bu so‘zda emas, amalda bajarilmoqda. Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga mavjud muammolarini yechishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash bevosita demografiya va ijtimoiy tizim bilan bog‘liq. O‘zbekiston aholisining deyarli uchdan bir qismini 18 yoshgacha bo‘lganlar. 24 foizini esa 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.
O‘zbekistonda iqtidorli yoshlar o‘z salohiyatini namoyon qilishlari uchun ijtimoiy liftlar yaratilmoqda, barcha zarur ishlar qilinmoqda.
Mamlakatda ta’lim sohasida katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Magistratura talabalari soni so‘nggi yetti yilda yetti barobarga, xotin-qizlar o‘rtasida esa – o‘n bir barobarga oshdi.

Bundan tashqari, 25 yil ichida – 1991 yildan 2016 yillargacha atigi 800 nafar talaba byudjet hisobidan xorijda tahsil olgan bo‘lsa, oxirgi yetti yil ichida bu raqamlar uch martaga o‘sib, 2 ming 300 nafardan ziyod talaba “El-yurt umidi” jamg‘armasi tufayli bunday imkoniyatga ega bo‘ldi. Dastur kengayishda davom etmoqda. Birgina joriy yilda yana ming nafar iste’dodli yosh “Yorqin kelajak” loyihasi tashabbusi bilan top darajadagi xorijiy universitetlarda o‘qish uchun boradi.
Lekin asosiy yangilik nafaqat son, balki ta’lim sifatida hamdir. Yoshlar endi shunchaki diplom olmaydi – ular tillar, zamonaviy texnologiyalar va amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtiradi. Oxirgi uch yilda yoshlarning chet tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada oshdi. Til o‘rganayotgan yoshlar soni 2 million nafarga yetdi. Yuqori bal olib, IELTS imtihonini muvaffaqiyatli topshirganlar soni esa besh barobarga – 2020 yilda 10 mingdan 2024 yilda 53 minggacha ko‘paydi.
Endilikda davlat til bo‘yicha ta’lim berish bilan bog‘liq xarajatlarning kattagina qismini o‘z zimmasiga oladi. Yangi “2+6” moliyalashtirish tizimi joriy etildi. Unga ko‘ra, o‘quvchilar xususiy til markazlaridagi ta’limning dastlabki ikki oyini mustaqil o‘zlari to‘laydilar, keyingi olti oy esa davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Ushbu chora 100 ming nafar bitiruvchiga B2 darajasida bilim olish imkonini beradi va ular oldida yangi martaba va ta’lim istiqbollarini ochadi.
Bundan tashqari, 25 mingdan ziyod qiz dasturlash bo‘yicha bepul o‘qitildi va mazkur ko‘rsatkich bu yilda ikki martaga ko‘paydi.

Shu o‘rinda yosh tadbirkorlar soni uch barobarga oshganiga alohida to‘xtalish o‘rinli. Bu keyingi yillarning asosiy yutuqlardan biri bo‘ldi. Hozir yoshlar mamlakatdagi barcha biznesmenlarning 40 foizini tashkil etadi, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik esa 2 martaga kamaydi.
Ushbu tendensiyani qo‘llab-quvvatlash uchun Yoshlar ishlari agentligi qoshida byudjeti 100 million dollar bo‘lgan maxsus fond tashkil etildi. Ushbu mablag‘lardan yosh tadbirkorlar 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit, ularning startaplari esa – 2 milliard so‘mgacha sarmoya olishlari mumkin bo‘ladi.
Qolaversa, “Aloqa bank” yoshlar biznes-bankiga aylanib bormoqda. Startaplar va kichik korxonalarni kreditlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratish ko‘zda tutilgan. Bunda qo‘llab-quvvatlashning minimal miqdori 100 million so‘mni, maksimal miqdori 5 milliard so‘mni tashkil etadi.
Bundan tashqari, tadbirkor ayollar umumiy kredit hajmidan kamida 30 foiziga ega bo‘lsa, yosh mutaxassislarni ishga olgan va ularga 3 million so‘mdan pul to‘laydigan ish beruvchilarga soliq imtiyozlari beriladi.
Mamlakatda kreativ sanoat parklari tashkil etilib, ularning rezidentlari 2030 yilgacha imtiyozli soliq rejimida ishlashlari mumkindir. Ular foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlarga, shuningdek, IT, dizayn, marketing va boshqa kreativ sohalarda loyihalarni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Olis tumanlarda yashovchi yoshlar uchun ta’lim va karera istiqbollari ochilmoqda. Masalan, xorijiy tilni C1 darajasida bilgan yoshlar qishloq joylarda til maktablarini ochish uchun 120 million so‘m miqdorida foizsiz ssuda olishlari mumkin.
Chet elda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan, lekin nufuzli kasb egallashni istaganlar uchun yangi qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratilmoqda. Islohotlar doirasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi ko‘magida dunyoning yetakchi universitetlarida energetika, transport, urbanizatsiya, zamonaviy arxitektura va tibbiyot kabi asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim kvotalari ko‘payadi.
Xorijiy oliy o‘quv yurtlari talabalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilishi ajratib turuvchi xususiyat bo‘ladi. Ular davlat organlarida hech qanday tanlovlarsiz ishga qabul qilinishlari mumkin. Bu davlat boshqaruviga yuqori malakali kadrlarni tez jalb qilish imkonini beradi.
Bundan tashqari, har yili 1000 nafar tanlangan yoshlar dunyoning “Top-100” ro‘yxatiga kirgan universitetlarda tahsil olishlari mumkin bo‘ladi. Ularning o‘qishi va yashashiga ketadigan barcha xarajatlar davlat byudjeti hisobidan qoplanadi, bunga 300 milliard so‘m ajratish rejalashtirilgan. Ushbu tashabbus mamlakatning yanada rivojlanishiga yordam beradigan kuchli kadrlar salohiyatini yaratishga qaratilgan.
Dunyoning Top-100 universitetlarida daraja olgan yosh olimlar uy-joy sotib olish uchun 800 million so‘m miqdordagi foizsiz ssudadan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 fevral kuni yoshlar bilan qilgan muloqotda yoshlarni xalqimizning oltin fondi, deb atadi. Diyorimizda rahbar va yoshlar uchrashuvini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib bormoqda. Bu yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish chora-tadbirlarini muhokama etish yo‘lidagi muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 17.02.2025
- Ko'rishlar: 323
- Chop etish