INSON SHA’NI VA QADR-QIMMATI YO‘LIDAGI XALQARO HAMKORLIK

O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning 30 yillik tarixi va ishonchli istiqboli ayni shu tamoyilga tayanadi

 

Jeneva shahrida 2022 yil 28 fevral – 4 mart kunlari BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 49-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.

Sessiyaning Oliy darajadagi segmenti majlisida 2 mart kuni mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari Akmal Saidov so‘zga chiqdi. Bundan roppa-rosa 30 yil oldin ayni shu sanada O‘zbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov bilan jahondagi eng nufuzli xalqaro tashkilot va mamlakatimiz o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarining joriy holati hamda istiqbollari, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 49-sessiyasi tafsilotlari haqida suhbatlashdik.

– Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida inson huquqlari mamlakatni siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarda markaziy o‘rin egallaydi, – dedi A.Saidov. – Binobarin, O‘zbekiston “BMTning inson manfaatlari yo‘lida sa’y-harakatga da’vati” ni qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasi BMT bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘riladi. Bugun mamlakatimizda demokratiyaning zamonaviy va inson huquqlari mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizimi barpo etilgan. Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi organlar va barcha darajadagi sud hokimiyati faol ishlamoqda.

 Eng muhimi, jamiyatimizda Konstitutsiyaga va mamlakat qonunlariga hurmat tuyg‘usi kuchaymoqda. Yanada e’tiborlisi: “Inson sha’ni va qadr-qimmati yo‘lida” ustuvor prinsipi hayotda o‘z tasdig‘ini topmoqda.

BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida 2020 yil 13 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda O‘zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023 yillarga saylangan. Mamlakatimiz 2021 yil 1 yanvardan boshlab bu boradagi vazifasini bajarib kelmoqda.

2021 yil oktyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti saylovi milliy qonunchilik va xalqaro saylov andozalari talablariga muvofiq holda o‘tkazildi. Ushbu saylovda YeXHT va MDHning an’anaviy qatnashib keladigan missiyalari bilan bir qatorda, ilk bor Yevropa parlamentidan ham kuzatuvchilar ishtirok etdi.

         Bugungi kunda 2030 yilgacha mo‘ljallangan Kun tartibi doirasida Barqaror taraqqiyotning milliy maqsadlariga erishish borasida izchil ish olib borilmoqda. Bunda “hech kimni ortda qoldirmaslik” prinsipiga so‘zsiz amal qilinmoqda.

Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda 2021 yil iyunida Buxoroda "Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik" xalqaro forumi tashkil etildi.

O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 49-sessiyasi minbaridan xalqaro jamoatchilikni yana bir bor BMT Bosh Assambleyasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlash borasida parlamentlarning rolini oshirish to‘g‘risidagi rezolyusiyasini qabul qilishga doir tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

– O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida zimmasiga olgan majburiyatlari doirasidagi faoliyati haqida muxtasar so‘zlab bersangiz?

– BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 49-sessiyasida ayni shu mavzuda ham so‘z yuritildi. Xususan, mamlakatimiz 2021 yilda BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi. O‘tgan yil dekabrida esa “Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti” shafeligida, fuqarolik jamiyatining xotin-qizlar tashkilotlari va “BMT-ayollar” tuzilmasi ishtirokida mintaqaviy forum o‘tkazildi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Pandemiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi rezolyusiyasi qabul qilindi. O‘tgan yil avgustida Toshkentda “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Fursatdan foydalanib, ushbu forumni o‘tkazishda ko‘rsatgan yordami uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissariga minnatdorchilik izhor etdik. Inson huquqlari bo‘yicha kengashning Yoshlar huquqlari masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi lavozimini joriy etish borasidagi O‘zbekiston tashabbusi qo‘llab-quvvatlangani uchun ham mamlakatimiz nomidan tashakkur bildirdik.

So‘nggi yillarda yurtimizda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish sohasidagi holat  tubdan o‘zgardi. Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roli kuchaytirildi. Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy mexanizm faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonunchilik choralari ko‘rildi.

BMTning fuqaroligi yo‘q shaxslar sonini kamaytirishga oid chaqirig‘iga javoban, 2020 yilda mamlakatimizda “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi va shu asosda qisqa davrda 70 ming nafardan ziyod fuqaroligi yo‘q shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari sifatida e’tirof etildi.

– Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi bilan bog‘liq ishlar xalqaro jamoatchilik e’tiborini tortdimi?

– Albatta. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi sessiyasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni imkon qadar keng yoritib berdik.

Jumladan, 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangani, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi yangi qonun qabul qilingani, O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlangani, BMTning Inson huquqlari ta’limi butunjahon dasturining to‘rtinchi bosqichi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida Milliy dastur loyihasi ishlab chiqilgani kabi amaliy natijalarga e’tibor qaratildi.

Bu o‘rinda O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan amaliy hamkorlik va muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yganini alohida ta’kidlash lozim. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ham aynan mazkur Boshqarma bilan hamkorlikda 2020 yil iyunida ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilmoqda.

Ushbu Milliy strategiya BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalari tasviyalarini bajarishni ko‘zda tutadi. Uni qabul qilishda nafaqat ekspert doiralar, balki keng jamoatchilik va xalqaro tashkilotlarning fikri ham inobatga olingan. 

Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari faol qatnashmoqda. Inson huquqlari sohasida biznes hamjamiyatning mas’uliyatini, jumladan, “Biznes va inson huquqlari” Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish yo‘li orqali kuchaytirish ishlari olib borilmoqda. 

Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar Boshqarmasi bilan birgalikda bu yil “Inson huquqlari sohasida ta’lim” Global forumini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Shu munosabat xalqaro jamoatchilik vakillarini ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga taklif qildik. 

– Akmal Xolmatovich, 1992 yil 2 martda mustaqil O‘zbekiston davlati Birlashgan Millatlar Tashkilotining teng huquqli a’zosi bo‘lgandi. O‘zbekiston bilan BMT hamkorligining 30 yillik tarixiga oid fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

–  Bundan 75 yildan ko‘proq vaqt oldin tashkil etilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti hozirgi vaqtda 193 davlatni birlashtirgan. Yirik va kichik, boy va kambag‘al davlatlar, turli siyosiy qarash va tuzilmaga ega mamlakatlar BMT a’zolari bo‘lishi mumkin, ularning barchasi ovoz berish va ovoz berishda ishtirok etish huquqlariga ega. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev qayd etganidek, “1945 yilda tashkil etilganidan buyon BMT xalqaro miqyosda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror rivojlanishni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishda markaziy muvofiqlashtiruvchi rol o‘ynaydigan chinakam universal xalqaro tuzilmaga aylandi”.

O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan asosiy xalqaro tashkilot bilan hamkorlikka katta ahamiyat qaratadi. Davlatimiz BMT Ustavi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro shartnomalardagi maqsad va prinsiplarga sodiq bo‘lib, o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni og‘ishmay bajarib kelmoqda. 

BMTning teng huquqli va to‘laqonli a’zosi sifatida O‘zbekiston tenglik, hamkorlik, ko‘ptomonlamalik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish prinsiplariga so‘zsiz amal qilishini namoyish etmoqda. So‘nggi vaqtlarda xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, yangi global qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish, mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, global muloqot, global harakatlar va butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish kabi g‘oyalarni faol ilgari surmoqda. 

Mamlakatimiz BMT va uning qator ixtisoslashtirilgan muassasalari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon intellektual mulk tashkiloti, Fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkilot, Jahon oziq-ovqat tashkiloti, Jahon banki, MAGATE va boshqa xalarqa tashkilotlar ishida faol ishtirok etib kelmoqda. 

1993 yil 24 oktyabrda Toshkentda BMT vakolatxonasi ochildi. O‘zbekistonda BMTning o‘ndan ortiq dasturi, fond va agentliklari, shu jumladan, BMT Taraqqiyot dasturi, Aholishunoslik fondi (YuNFPA), Bolalar fondi (YuNISEF), Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi, OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dastur, Gender tenglik, Ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha tuzilmalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Turli yillarda O‘zbekistonga BMT bosh kotiblari – Kofi Annan, Pan Gi Mun, 2017 yili – amaldagi Bosh kotib Antoniu Guterrish tashrif buyurgan.  

Mamlakatimiz BMTning teng huquqli a’zosi sifatida uning maqsad va vakolatlariga qat’iy rioya etadi, o‘z ovozi va maqomidan foydalanib, BMT faoliyatining barcha sohalariga doir o‘ta muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari suradi. 

O‘zbekistonning BMT huzuridagi doimiy vakolatxonalari Nyu-York (AQSh), Jeneva (Shveysariya) shaharlaridagi BMT bo‘limlari huzurida, boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonamiz Vena shahridagi (Avstriya) BMT bo‘limida faoliyat ko‘rsatadi. 

O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligi so‘nggi besh yilda mutlaqo yangi darajaga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida, 2020 yil 25 sentyabrda videokonferensiya shaklida tashkil etilgan 75-yubiley sessiyasida, shuningdek, 2021 yilda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46- sessiyasida onlayn shaklda va Bosh Assambleyaning 76-sessiyasida ma’ruza qildi.

Bu nufuzli anjumanlarda davlatimiz rahbari O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ta’lim, ma’naviyat, ekologiya, turizmni yanada rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalardagi tashabbuslarini e’lon qildi. 

– Ayniqsa, mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi amalga oshirilgan keyingi besh yil BMT bilan hamkorlik aloqalarimiz uchun tubdan yangi bosqichni boshlab berdi. Shunday emasmi?

Chindan ham, O‘zbekistonning keyingi yillardagi sa’y-harakatlarining xalqaro e’tirofi BMT Bosh Assambleyasi qator maxsus rezolyusiyalarining qabul qilinishida namoyon bo‘ladi. Jumladan, qisqa davrda: «Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash», «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik», «Barqaror turizm va Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot», «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish» bo‘yicha rezolyusiyalar qabul qilingani bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, BMT shafeligida bir qancha xalqaro konferensiyalar tashkillashtirildi. Xususan, 2017 yil noyabrida Samarqandda “Markaziy Osiyo: bir o‘tmish va umumiy kelajak, barqaror taraqqiyot va o‘zaro farovonlik yo‘lida hamkorlik” konferensiyasi, 2018 yil martida Toshkentda “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida, 2021 yilda Xivada “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro forumlar o‘tkazildi. 

Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlari o‘tkazildi. Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi tuzildi. BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati sifatida Pandemiya davridagi davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari xalqaro kodeksi tasdiqlandi. Unda har bir davlatning fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi kerakligi belgilangan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston BMTning maxsus protseduralari bilan o‘zaro hamkorlik borasida ham sezilarli yutuqlarga erishdi. Xususan, barcha mandat egalariga mamlakatimizga tashrif buyurish uchun doimiy taklifnoma yo‘llandi. Shubhasiz, birgalikdagi ishlarimiz O‘zbekistonda islohotlarning izchil va samarali amalga oshirilishida mustahkam asos bo‘ladi. 

Bu o‘rinda 2021 yil dekabrida O‘zbekistonga BMTning Terrorizmga qarshi kurash sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilish va rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn tashrif buyurganini alohida qayd etish lozim. BMT Maxsus ma’ruzachisining tavsiyalari asosida uning takliflarini amalga oshirishga qaratilgan Milliy reja ishlab chiqilmoqda. Joriy yilda BMTning Qiynoqlar masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi yurtimizga tashrif buyuradi.

Bugungi murakkab sharoitlarda, miqyosiga ko‘ra misli ko‘rilmagan qurolli ziddiyatlar hamda xalqaro tinchlik va barqarorlikka oshib borayotgan tahdid sahnida tinchlik va xavfsizlikni, barqarorlikni, inson huquqlarini himoya qilish va barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida a’zo davlatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirishni maqsad qilgan universal xalqaro tuzilma sifatida BMTning roli va mas’uliyati ortib bormoqda. 

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 49-sessiyasida ham Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida qurolli mojaro yuz bergan hozirgi vaziyatda inson huquqlariga amal qilinishi masalasi keng muhokama etildi.  BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet harbiy harakatlarga iloji boricha tezroq chek qo‘yish va tinch muloqotlar yo‘liga o‘tishga qaratilgan qat’iy yondashuvlarini bayon etdi.

 Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida mamlakatimiz dunyoning barcha mamlakatlari bilan manfaatli hamkorlik qilishga va BMT hamda uning institutlari bilan amaliy muloqotga hamisha tayyorligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topgan. Shu asosda O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zoligi davrida inson huquqlari sohasida eng yuksak standartlarga sodiqligini namoyon qilishga astoydil intilmoqda.

G‘ulom Mirzo suhbatlashdi

Powered by GSpeech