18 yoshgacha boʻlganlar mehnat qilishi mumkin boʻlgan yengil turdagi ishlar va kasblar roʻyxati tuzildi

Roʻyxatda 40 ta ishlar va kasblar nomlari keltirilgan. Xususan, oʻquvchilar ofitsiant, sotuvchi, sartarosh, buyumlarni qoʻlda taxlovchi-qadoqlovchi, dehqon xoʻjaligi aʼzosi, yukchi boʻlib ishlashi mumkin.

Oʻzbekistonda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilarining mehnat qilishi mumkin boʻlgan yengil turdagi ishlar va kasblar roʻyxati tasdiqlanishi kutilmoqda. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tegishli qaror loyihasi ishlab chiqildi.

Unda Mehnat kodeksiga muvofiq, shuningdek, sogʻligʻiga hamda maʼnaviy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, oʻqitish jarayonini buzmaydigan yengil mehnatni oʻqishdan boʻsh vaqtida bajarishi mumkin boʻlgan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilarining mehnat huquqlarini taʼminlash maqsadida ularning mehnat qilishi mumkin boʻlgan yengil turdagi ishlar va kasblar roʻyxati tuzildi. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tegishli nizom tasdiqlanishi kutilmoqda.

Roʻyxatda 40 ta ishlar va kasblar nomlari keltirilgan. Xususan, oʻquvchilar ofitsiant, sotuvchi, sartarosh, buyumlarni qoʻlda taxlovchi-qadoqlovchi, dehqon xoʻjaligi aʼzosi, yukchi boʻlib ishlashi mumkin.

Bunda 16 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan xodimlarning ish vaqti faqat yuklarni qoʻlda koʻtarish va tashish bilan bogʻliq boʻlgan ishlardan iborat boʻlganda, ular uchun yuk koʻtarish va tashish normasining chegarasi 4,1 kilodan ogʻir boʻlmasligi, shuningdek ular aravacha va vagonetka yordamida yuk tashishlariga jalb etilmasligi lozim.

16 yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar ish vaqtining uchdan bir qismi yuklarni qoʻlda koʻtarish va tashish bilan bogʻliq ishlardan iborat boʻlganda, qoʻlda yuk koʻtarish va tashish normalarining chegarasi oʻgʻil bolalar uchun — 6,5 kilo, qiz bolalar uchun — 3,5 kilodan ogʻir boʻlmasligi lozim

Tasdiqlanishi kutilayotgan “Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilarining mehnatidan foydalanishda ularning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi nizom mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha korxonalar, tashkilotlar va muassasalar, shuningdek, ayrim fuqarolar ixtiyorida mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha ishlayotgan 18 yoshgacha boʻlgan xodimlarning mehnatga oid munosabatlarida qoʻllanishi shart.

15—16 yoshli shaxslarni ishga qabul qilish uning ota-onasidan birining (ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxsning) yozma roziligi mavjud boʻlganda mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi.

18 yoshga toʻlmagan shaxslar ogʻir ishlarga hamda zararli va xavfli mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim. Ish beruvchi 18 yoshgacha boʻlgan xodimning oʻz mehnat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq holda mayib boʻlishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi tufayli uning hayoti va sogʻligʻiga oʻzi yetkazgan zararning oʻrnini qonunchilikda belgilangan tartibda toʻliq hajmda qoplashi shart.

Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilarining mehnatidan foydalanishda mazkur nizomga rioya qilmagan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi kutilmoqda.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech