27 avgust kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev "Ozodlikdan mahrum etish jazosini o'tayotgan, qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan bir guruh shaxslarni afv etish to'g'risida"gi farmonni imzoladi.
Ushbu Farmonga berilgan sharhda ta'kidlanishicha, mazkur hujjatning imzolanishi davlatimiz tomonidan olib borilayotgan gumanistik siyosatning amaliy tasdig'idir.
Qayd etilishicha, Farmon ijrosini ta'minlash maqsadida afv etilgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi, ularni foydali mehnatga jalb etish va sog'lom turmush tarzini yo'lga qo'yishiga ko'maklashish yuzasidan mas'ul vazirlik va idoralar hamda hokimliklarga tegishli topshiriqlar berildi.
“Farmonga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 23-bandiga asosan, sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o'tayotgan hamda qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan 65 nafar fuqaro afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 17 nafari jazodan to'liq ozod qilindi, 13 nafari jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi, 20 nafariga esa tayinlangan jazo yengilrog'i bilan almashtirildi. Bir so'z bilan aytganda, 50 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish joylaridan ota-onasi, farzandlari va yaqinlari bag'riga qaytarildi.
Shuningdek, 14 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddati qisqartirildi va 1 nafar shaxs ozodlikni cheklash jazosidan ozod qilindi.
Afv etilganlarning 4 nafarini ayollar, 1 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxs, 1 nafarini chet el fuqarosi, shuningdek, 39 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan fuqarolar tashkil etadi”, deyiladi sharhda.
Ta'kidlanishicha, keyingi uch yilda yurtimizda 7 marta afv e'lon qilinib, 3952 nafar shaxs afv etilgani xalqimizga xos bag'rikenglik va insonparvarlik, kechirimlilik va olijanoblik fazilatlarining yaqqol amaliy
ifodasidir.
Manba: kun.uz
- Qo'shildi: 28.08.2019
- Ko'rishlar: 5941
- Chop etish