Akademik Akmal Saidov: Markaziy Osiyo mintaqaviy rivojlanishning barcha jihatlariga ta'sir ko'rsatuvchi jiddiy geosiyosiy o'zgarishlar davridan o'tmoqda

"Yangi O‘zbekiston" gazetasining 2021 yil 15 iyuldagi sonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Fanlar akademiyasi akademigi Akmal Saidovning “Markaziy va Janubiy Osiyoga yangicha geosiyosiy mezon bilan yondashuv" sarlavhali maqolasi chop etildi.

Quyidagi ushbu maqolaning to‘liq matni keltirilmoqda.

“Zamonaviy dunyo duch kelayotgan jadal global o‘zgarishlar nuqtai nazaridan qaraganda, Markaziy Osiyo hududi mintaqaviy rivojlanishning barcha jihatlariga — siyosat va iqtisodiyot, ekologiya va madaniy-gumanitar mezonlarga ta’sir ko‘rsatuvchi jiddiy geosiyosiy o‘zgarishlar davrini bosib o‘tayoganini kuzatish mumkin.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yili Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida qayd etganidek, “Ma’lumki, Markaziy Osiyo geostrategik joylashuviga ko‘ra, ming yillar davomida jahon miqyosidagi jarayonlar markazida bo‘lib kelgan. Bizning mintaqamiz doimo o‘zining boy madaniy-tarixiy merosi bilan Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bog‘laydigan noyob ko‘prik bo‘lib xizmat qilgan.

Ushbu qutlug‘ zaminda dunyo sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk gumanist olimlar, mutafakkir va shoirlar yashab ijod qilgan. Bu yerda ulkan tabiiy zaxiralar, katta insoniy salohiyat mavjud”.

 

Markaziy Osiyo tamaddunining o‘ziga xosligi

Markaziy Osiyo bo‘yicha olib borilgan ko‘p sonli tadqiqotlar natijalari mintaqaning insoniyat rivojlanishidagi o‘rni nechog‘li muhim ekanidan dalolat beradi. YuNESKO shafeligida chop etilgan olti jildlik “Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining tarixi” kitobi ana shu masalani yoritishga bag‘ishlangan.

Birinchi xususiyat. Bu ko‘hna zaminda arxeologlar tomonidan aniqlangan kashfiyotlar, bir tomondan, ularning betakrorligidan, ikkinchi tomondan — qo‘shni sivilizatsiyalar bilan erta va yaqin aloqalardan dalolat beradi.

Bu yerda qariyb uch ming yil avval Markaziy Osiyo, Afg‘oniston va Eron xalqlarining ko‘p qirrali ma’naviy-tarixiy yodgorligi — “Avesto” yaratilgan. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ushbu qadimiy yozma asar yakkaxudolik (monoteizm) g‘oyasini ilgari surib, insoniyat dunyoqarashiga, falsafa, davlat va huquq tizimining rivojlanishiga, dunyoda yaxshilikning yomonlik ustidan g‘alabasi g‘oyalari tarqalishiga, adolatli ijtimoiy boshqaruv, ezgu ish va ezgu amal, munosabatlarning o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari asosida qurilishi kabi omillarga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.

Ikkinchi xususiyat. Markaziy Osiyo mintaqasida davlatchilik asoslari shakllangan va Harappa sivilizatsiyasi, So‘g‘diyona, Baqtriya, Xorazm, ahamoniylar davlati, Yunon-Baqtriya va Kushon podsholigi, Turk xoqonligi, Temuriylar va Boburiylar saltanatlari tarixda chuqur iz qoldirgan.

Uchinchi xususiyat. Rivojlangan infratuzilma mintaqa xalqlariga asrlar davomida Qadimgi Rim, Qadimgi Xitoy (Buyuk Ipak yo‘li) bilan muvaffaqiyatli savdo-sotiq olib borish imkonini berdi. Hindiston bilan savdo ishlarini yuritishda eng ommaviy yo‘nalishlardan biri (Buyuk hind yo‘li) Qadimgi Baqtriya orqali o‘tgan.

Jadal savdo aloqalari, migratsiya oqimi, ilmiy g‘oyalar va o‘zaro madaniyatlar almashinuvi Markaziy Osiyo bilan qo‘shni Janubiy Osiyo o‘rtasida yaqin hamda ko‘p qirrali hamkorlikni shakllantirdi.

To‘rtinchi xususiyat. Ushbu ikki mintaqaning o‘zaro hamkorligi tarixi umumjahon rivojlanish jarayoniga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu ulkan hududni haqli ravishda jahon sivilizatsiyasining eng qadimgi beshigi, deb atash mumkin.

Masalan, Markaziy Osiyoning Janubi-g‘arbiy hududidagi eng ko‘p o‘rganilgan madaniy yodgorliklar orasida Oltintepa sivilizatsiyasi mavjud. Arxeologlarning topilmalari Oltintepa sivilizatsiyasining Mesopotamiya va Hind vodiysi madaniyatlari, shuningdek, Yaqin Sharqdagi Elam davlati bilan yaqin aloqalaridan dalolat beradi.

Beshinchi xususiyat. Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlari umumiy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga ega bo‘lib, bu ularning buyuk shoiru allomalari — Yusuf Xos Hojib, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Muhammad Haydar, Maxtumquli, Mirzo G‘olib, Rabindranat Tagor, Abay, Sadriddin Ayniy va boshqalarning ijodida o‘z ifodasini topgan.

Yangi tarixiy davr, ya’ni jahon saltanatlarining “katta o‘yini” davriga kelib esa, asrlar davomida qaror topgan uzviy aloqalar, afsuski, uzilib qoldi.

 

O‘zbekiston Prezidentining mintaqaviy o‘zaro munosabatlarni tiklash bo‘yicha tashabbuslari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqamizning jadal rivojlanish istiqbollari va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini strategik jihatdan teran ko‘ra bilgani tufayli Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni tiklash tashabbusini ilgari surdi.

Ushbu geosiyosiy yondashuv tashqi aloqalarning istiqbolli yo‘nalishlarini rivojlantirish orqali mintaqamizning ulkan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-tranzit, ilmiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun vujudga kelayotgan yangi imkoniyatlarni tushunishga asoslangan.

Hozirgi paytda har ikki mintaqa o‘rtasida o‘zaro aloqalarni tiklash uchun ob’ektiv omillar mavjud. Bugungi kunda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari izchillik bilan amalga oshirilayotgan milliy strategiyalar va tuzilmaviy islohotlar tufayli iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanish yo‘lidan izchil harakatlanmoqda. Shu bilan birga, eng avvalo, savdo, sanoat, investitsiyalar, energetika, transport kommunikatsiyalari va infratuzilma, suvdan foydalanish, ta’lim, xavfsizlik, ekologiya, ijtimoiy muhit sifati va aholi turmush sharoitini yaxshilash sohalarida mintaqaviy rivojlanishning dolzarb masalalarini samarali hal qilishga intilmoqda.

AQShlik ekspert F.Starrning fikricha, “Prezident Shavkat Mirziyoyevning transmintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik tashabbusi xalqaro ahamiyatga ega. Shu ma’noda, ushbu tashabbusning amalga oshirilishi O‘zbekistonning global kun tartibini shakllantiruvchi sanoqli davlatlar safidan o‘rin egallashiga olib keladi”.

Bu, o‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyevning Prezidentligi davrida O‘zbekiston nafaqat o‘z atrofida Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtira oladigan mintaqaviy yetakchi maqomini mustahkamlashga, balki qo‘shni mamlakatlar uchun ham ularning manfaatlarini ilgari suruvchi ishonchli yetakchi bo‘lishga qodir davlatga aylanganini yaqqol namoyon etadi.

 

Markaziy Osiyo — xavfsizlik, izchillik va barqaror rivojlanish mintaqasi

Xorijlik xalqaro ekspertlarning e’tiroficha, hozirgi paytda buning uchun zarur va qulay shart-sharoitlar yaratilgan. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda olamshumul o‘zgarishlar amalga oshirildi va bularning barchasi siyosiy ishonchning mustahkamlanishi, yaqin qo‘shnichilik aloqalarining izchillik bilan rivojlanishi, ko‘p qirrali hamkorlik va strategik sheriklik timsolida o‘z ifodasini topmoqda. Avvalgi tarqoqlik o‘rnini endilikda mintaqa mamlakatlarining o‘zaro ahilligi, qalin do‘stona munosabatlari va yanada faol hamda manfaatli hamkorligi egallamoqda.

Ushbu ijobiy o‘zgarishlarning zamirida O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan boshlangan tashqi siyosatning “qayta yo‘lga qo‘yilishi” turibdi. Bu muhim jarayon avvalboshdanoq qo‘shni mamlakatlar bilan murakkab masalalar yechimini izlashga yo‘naltirildi. Bunday to‘g‘ri yondashuv mintaqaning yalpi siyosiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar manzarasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Ushbu siyosat asosini “Markaziy Osiyoni xavfsizlik, izchillik va barqaror rivojlanish mintaqasiga aylantirish ustuvorligi” tashkil etadi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvini tashkil etish tashabbusining amalga oshirilishi mintaqamizning siyosiy hayotida muhim voqea bo‘ldi. 2019 yil 29 noyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo sammiti ishtirokchilarining qo‘shma bayonotida ta’kidlanganidek, “Markaziy Osiyoda shakllangan mintaqaviy yaqinlashuv tendensiyasi — bu tarixan qaror topgan voqelikdir”.

Mintaqaviy hamkorlikka qo‘shimcha turtki berish maqsadida 2020 yilda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Toshkent shahrida Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro institutini tashkil qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ushbu yangi ilmiy tadqiqot institutining maqsadi mintaqa mamlakatlari o‘zaro hamkorligining siyosiy-huquqiy, savdo-iqtisodiy, gumanitar va boshqa jihatlarini tahlil etish, Markaziy Osiyoning tarixiy-madaniy merosini tadqiq qilish, milliy madaniy qadriyatlarni asrab- avaylash va mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan iborat.

Hozirgi paytda mintaqamizda, koronavirus pandemiyasining oqibatlariga qaramay, hamkorlikning chuqurlashuvi bo‘yicha barqaror tendensiya kuzatilmoqda. E’tiborli jihati shundaki, Jahon banki mintaqada 2021 yilda 3,7 foiz, 2022 yilda 4,3 foizgacha iqtisodiy o‘sish bo‘lishini taxmin qilmoqda.

70 milliondan ko‘p aholiga ega Markaziy Osiyo keng ko‘lamli iqtisodiy, energetik, tranzit-transport, agrar, shuningdek, intellektual resurslarga boydir.

“Boston Consulting Group” xalqaro konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqa iqtisodiyoti real sektorining investitsiyaviy salohiyati 40–70 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. Umuman, Markaziy Osiyoning to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha salohiyati 170 milliard AQSh dollariga teng.

Dunyoda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining global ko‘lamda kamayib borishi asnosida Markaziy Osiyo mo‘’tadil o‘sish sur’atini namoyish etmoqda va xalqaro sarmoya uchun yangi “frontir”ga, ya’ni tarixiy ahamiyat kasb etadigan makonga aylanishi hech gap emas.

Ayni paytda dengizga olib chiqadigan yo‘li bo‘lmagan va eng yaqin bandargohlardan uch ming kilometr olisda joylashgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining geosiyosiy barqarorligi va mo‘’tadil iqtisodiy rivojlanishi ko‘p jihatdan yalpi maqsadlarga erishish va strategik vazifalarni hal qilish maqsadida yaqindan mintaqaviy hamkorlik qilishga bog‘liq.

Shunday qilib, Markaziy Osiyo mintaqalararo hamkorlik bosqichining tamomila yangi bosqichiga ko‘tarilish uchun siyosiy jihatdan har tomonlama muvofiqlashtirilgan xatti-harakatlarni amalga oshirishi juda ham muhim. Shu nuqtai nazardan, Janubiy Osiyo mintaqasi Markaziy Osiyo uchun tashqi iqtisodiy hamkorlikning o‘ta muhim strategik yo‘nalishini taqdim etadi.

 

Janubiy Osiyo: geoiqtisodiy salohiyat

Janubiy Osiyoning jahon xo‘jalik aloqalari tizimidagi roli va ta’siri tobora ortib bormoqda. Umumiy aholi soni qariyb ikki milliard kishiga teng bo‘lgan, YaIM yiliga 6,6–7,2 foiz o‘sayotgan, nominal YaIM 3,461 trillion dollarni tashkil etuvchi ushbu mintaqa bugungi kunda global iqtisodiy markazlardan biri hisoblanadi.

Har ikki mintaqa o‘rtasida tovar almashinuvi hajmi ortib bormoqda. Xususan, 2020 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning Janubiy Osiyo davlatlari bilan tashqi savdosining umumiy hajmi 1,38 milliard dollarni (yoki 3,8 foiz) tashkil etgan. Qozog‘istonning Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdosining umumiy hajmi 2,3 milliard dollarga (2,3 foiz) teng. Umuman olganda, 2020 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi barcha davlatlarning Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi qariyb 4,4 milliard dollarni tashkil etdi. Demak, kelgusida bu tendensiya tobora va tez sur’atlarda kuchayib borishi tayin.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining energetika salohiyatiga Janubiy Osiyoning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotida talab izchil kuchaymoqda. Bu Markaziy Osiyodan Afg‘oniston orqali janubiy yo‘nalishda elektr energiyasi uzatish tarmog‘i qurilishi bo‘yicha loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun shart-sharoit yaratadi. Markaziy va Janubiy Osiyo energetika nuqtai nazaridan bir-birini to‘ldiradi. So‘nggi o‘n yillikda Markaziy Osiyo davlatlaridan Pokiston va Hindistonga gaz hamda elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilayotgani bejiz emas.

Ana shunday loyihalar orasida Afg‘oniston elektr energetikasini rivojlantirish bo‘yicha CASA-1000 va Pokiston, kelajakda esa Hindiston ishtirokida mintaqaviy elektr tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar, Turkmaniston — Afg‘oniston — Pokiston — Hindiston (TAPH) gaz quvurini o‘tkazish, shuningdek, Afg‘oniston Islom Respublikasi energiya tizimini O‘zbekiston va mintaqaning energiya tizimiga ulash imkonini beruvchi “Surxon — Puli Xumri” elektr energiyasi uzatish tarmog‘ini qurish bo‘yicha loyihalar alohida o‘rin tutadi.

Qo‘shma ishlab chiqarish infratuzilmasi va tegishli keng ko‘lamli kommunikatsiya tarmog‘i yaratilmasa, mintaqaviy integratsiya samara bermaydi. Bu o‘rinda Markaziy Osiyo mintaqasining muhim transport kommunikatsiyalari uzeli sifatidagi strategik ahamiyati kattadir. Mintaqamiz yaqin orada Shimol va Janub, G‘arb va Sharq o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘inga aylanishi mumkin va shunday ham bo‘lmoqda. Ayni paytda mintaqa o‘zining transport-kommunikatsiya salohiyatini va dengiz bandargohlariga chiqish imkoniyatini oshirib bormoqda.

Hind okeani tomon yangi transport yo‘laklarining ochilishi Markaziy Osiyo mamlakatlariga Hindiston, Pokiston va Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan savdo qilishda qit’alararo tashuvlar imkoniyatini yaratadi. Ayni paytda Shimol — Janub yo‘nalishida yuklar oqimining ko‘payishi G‘arb — Sharq yo‘nalishi bo‘yicha savdo aylanmasining transport-logistika muammolarini samarali hal qilishga, Yevropa Ittifoqidan XXRga yuklarning harakatlanishiga nisbatan Xitoydan G‘arb tomon yuk oqimining ko‘payishi bilan bog‘liq muvozanatsizlikni to‘g‘rilashga ham yordam berishi mumkin.

ASEAN va umuman, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari Janubiy va Markaziy Osiyo mintaqalarining o‘zaro transport bog‘liqligini yaxshilashda tom ma’noda ishonchli va hurmatga sazovor hamkorlarimizga aylanishlari mumkin. Natijada ular Hind okeani bandargohlari hamda Janubiy va Markaziy Osiyo temir yo‘llari orqali Yevroosiyo va Sharqiy Yevropa bozorlariga yanada qulay chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

 

Afg‘oniston – mintaqani o‘zaro bog‘lovchi markaz

Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning asosiy bo‘g‘ini — umumiy mintaqamizning ajralmas qismi hisoblangan Afg‘onistondir. Bugungi kunda Afg‘onistonning xalqaro infratuzilma loyihalariga integratsiyalashuvi va Markaziy Osiyo davlatlarini Janubiy Osiyo mintaqasi bilan bog‘lashga mo‘ljallangan transport yo‘laklarini rivojlantirishning yangi strategik imkoniyatlari ochilmoqda.

Shu sababli BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi doirasida davlatimiz rahbari tomonidan mintaqamizning global iqtisodiy va transport yo‘laklariga chuqur integratsiyalashuvini ta’minlash uchun BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish tashabbusi ilgari surildi.

Germaniyalik ekspert G.Knabening ta’kidlashicha, Afg‘oniston azaldan tranzit mamlakat — tarixan transmintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning asosiy bo‘g‘ini, ta’bir joiz bo‘lsa, hamkorlik ko‘prigi hisoblanadi. Binobarin, Afg‘onistonning keyinchalik yo‘qolib qolgan ana shu o‘ta muhim rolini tiklash orqali ikki mintaqa o‘rtasidagi barqarorlikni “jipslashtiruvchi” mexanizmga ega bo‘lishimizga shubha yo‘q.

Rossiyalik ekspert T.Bordachyov esa O‘zbekistonning transmintaqaviy loyihalarni amalga oshirishni birinchi o‘ringa qo‘yishi mutlaqo to‘g‘ri, chunki ushbu loyihalar Afg‘onistonda tinchlik uchun o‘zaro maqbul formulani qidirib topishning asosiy drayverlariga aylanishi mumkin, degan fikrda.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, Afg‘onistonning iqtisodiy rekonstruksiyasi uchun yanada qulay sharoit yaratish, uning mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga yanada samarali integratsiyalashuvi va ushbu mamlakatda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish hamda barqaror rivojlanishiga qo‘shni davlatlarning qiziqishini mustahkamlash — bularning barchasi Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish dasturining ulkan samarasi bo‘lishi tayin.

Shunday qilib, O‘zbekiston tashabbusi bilan “Mozori sharif — Kobul — Peshovar” temir yo‘lining qurilishi Afg‘oniston tashqi savdosining 50 foiz o‘sishini ta’minlashi va tranzitdan Kobulga yiliga 400–500 million dollar daromad kelishi mumkin.

O‘z navbatida, Janubiy Osiyo mamlakatlari nuqtai nazaridan ushbu temir yo‘l tarmog‘ining ishga tushirilishi Markaziy Osiyo, MDH va Yevropaga tovarlar yetkazib berish muddatini sezilarli darajada qisqartiradi. Markaziy Osiyo mamlakatlari nuqtai nazaridan esa transafg‘on yo‘lagi Janubiy Osiyoning istiqbolli bozorlariga mutlaqo yangi va eng qisqa yo‘lni ochib beradi.

Umuman olganda, ushbu magistralning ishga tushirilishi Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining inklyuziv iqtisodiy rivojlanishga erishishi uchun qudratli platformani yaratadi. Loyiha Afg‘oniston ichki transport-kommunikatsiya tarmog‘ini kengaytirish, Markaziy va Janubiy Osiyoning yanada keng infratuzilmaviy o‘zaro bog‘liqlikning ajralmas qismiga aylanishiga xizmat qiladi.

Rossiya, Xitoy va AQSh mazkur loyihani qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Jahon banki, OTB, YeTTB, ITB, OIIB, Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi vakillari Peshovar yo‘nalishida temir yo‘l qurilishiga qiziqish bildirdi.

Markaziy Osiyo davlatlari va Eron orqali Hindistonga, Yaqin Sharq mamlakatlariga hamda qaytish yo‘nalishida — Yevroosiyo va Xitoy tomon transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda tovarlar tranziti Afg‘onistonga ham sezilarli samara keltirishi mumkin.

Bu yo‘nalishda Shimol — Janub va G‘arb — Sharq yo‘nalishlari bo‘ylab transport yo‘laklarini bog‘laydigan Markaziy Osiyo transport yo‘laklari rivojlanishi alohida ahamiyatga ega. “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘l loyihasining “Bir makon, bir yo‘l” keng transport yo‘laklari tarmog‘iga kiritilishi va Hind okeani portlariga chiqishi Afg‘onistonning xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faol bog‘lanishini ta’minlaydi.

Transmintaqaviy magistrallar bilan ulanadigan “Mozori sharif — Kobul — Peshovar” trassasi kabi yirik iqtisodiy loyihalar Afg‘oniston inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish va bu mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti yo‘lidagi birlashtiruvchi sa’y-harakatlarning boshlanishidir.

Ikki mintaqaning o‘zaro transport-iqtisodiy bog‘liqligini mustahkamlash Osiyo qit’asi bo‘ylab savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanishiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, Markaziy Osiyo mintaqasi yirik transport va keyinchalik iqtisodiy markazga aylanishi muqarrar.

 

Xalqaro anjumandan kutilayotgan natijalar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya tashkil etilmoqda.

Konferensiya yakunlariga ko‘ra, birinchi navbatda, ikki mintaqaning transport va tranzit salohiyatini amaliyotga joriy etish, istiqbolli bozorlarga chiqish, eksportni kengaytirish, investitsiyalar, innovatsiyalar va texnologiyalarni jalb etish, gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini faollashtirish bo‘yicha aniq taklif va tashabbuslar ilgari surilishi kutilmoqda.

Ikkinchidan, ushbu mintaqalarda innovatsion muhit yaratish, yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish, albatta, zamonaviy transport-kommunikatsiya infratuzilmasi, Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo va boshqa mintaqalar bilan bog‘laydigan telekommunikatsiya, ishlab chiqarish va texnologik tarmoqlarni rivojlantirish uchun kuchli turtki bo‘ladi.

Uchinchidan, eng muhimi — mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash tashabbusi dunyoning keng, strategik jihatdan muhim hududida innovatsion iqtisodiy o‘sish, barqaror taraqqiyot va tinchlikni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, uning olg‘a rivojlanishi yaqin o‘n yillikda ko‘p jihatdan dunyo rivojlanishi dinamikasi va xarakterini belgilab beradi.

To‘rtinchidan, xalqaro konferensiya natijalari nafaqat Prezident Shavkat Mirziyoyev ulkan integratsiya loyihasi g‘oyasining muallifi ekanini shoyon etadi, ayni chog‘da O‘zbekistonga mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik sari ulkan transmintaqaviy yo‘lni ochishga harakat qilayotgan o‘ziga xos "lokomotiv", ya’ni yetakchi maqomini ham taqdim etadi.

Beshinchidan, xorijlik ekspertlar davlatimiz rahbari tashabbusiga O‘zbekistonning zamonaviy tashqi siyosat strategiyasining mantiqiy davomi sifatida baho beradilar. Anjuman doirasida Toshkent tashqi hamkorlarni submintaqaviy miqyosdagi loyihalarni amalga oshirishda o‘zaro manfaatli hamkorlikka chaqiradi. Bu dadil odimlar bugungi kunda O‘zbekistonning butun dunyo qo‘llab-quvvatlayotgan Afg‘oniston borasidagi siyosatini, ayniqsa, har jihatdan to‘ldiradi.

Darhaqiqat, Shavkat Mirziyoyev siyosiy bashorat, ya’ni oldindan ko‘ra bilish va to‘g‘ri chamalashdek noyob qobiliyatga ega”.

(“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2021 yil 15 iyul)

Manba: "Dunyo" AA

Powered by GSpeech