Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga

Abdulla ORIPOV,

O'zbekiston Qahramoni,

Xalq shoiri

 

         ALISHER

 

Jahonki muqaddas neni ko'ribdi, -

Bariga onasan, ey qodir hayot.

Besh yuz yil naridan boqib turibdi,

Nurli bu yuzlarga nuroniy bu zot.

 

Shu buyuk o'g'lingni ardoqlab dildan, -

Xalqim, ta'zim etsang arzigay tamom.

Uning nomi bilan birga bitilgan

Dunyo daftariga o'zbek degan nom.

 

Boyqaro irg'ishlab istak otida

Jahonga boqqanda misli bola she'r, -

Hirot darvozasin bir qanotida

She'riy lashkarini  tizgan Alisher.

 

Dunyoda biror nom qoldirmoq uchun

Yurt buzish shart emas, degan gap-ku rost.

Kimdir pesh qilganda nayzaning kuchin,

Alisher qalamni ko'rsatgan, xolos.

 

Tun bilan tong erur tashbihda udum,

Misoli zahru may, hajru shakar lab.

Kimnidir quyoshday eslasa mardum,

Kimnidir zulmatday yurarlar qarg'ab.

 

Nido tingla, bu kun, yurting tarafdan,

Ey, yiroq Hirotda maskan topgan er!

Ogoh bo'l, Alisher, sen ushbu gapdan:

Har ikki nabirang biri - Alisher.

 

Baytingga bir bora qovushgan har lab,

Takrorlab ketgusi mahshargacha to.

Qaratib turibsan bu yon, ne ajab,

Milliard martabali jahonni hatto.

 

Birovlar nazdida johil Osiyo

Faqat zavol ko'rib, ko'rmagan kamol.

Muso iltijosi yetdi-yu go'yo,

Haq Tur tog'i uzra ko'rgazdi jamol -

 

Jahon mehrobida paydo Alisher...

Shodmon qasida ayt sen ham, ey quyosh!

Besh yuz yil unga ham nima gap axir,

Mingga qadam qo'ydi yigirma besh yosh.

Powered by GSpeech