Amnesty International Rossiyada «nomaqbul tashkilot» deb e’lon qilindi

Amnesty International (AI) xalqaro nodavlat inson huquqlari tashkiloti Rossiyada «nomaqbul tashkilot» deb e’lon qilindi. Rossiya Bosh prokuraturasining 19 may, dushanba kuni chop etilgan press-relizida aytilishicha, Amnesty'ning Londondagi shtab-kvartirasi «Kiyev rejimining sheriklari tomonidan to‘lanadigan global rusofobik loyihalarni tayyorlash markazi» bo‘lib xizmat qiladi.

AI faollari «mintaqadagi harbiy qarama-qarshilikni kuchaytirish uchun hamma narsani qilmoqdalar — ular Ukraina neonatsistlarining jinoyatlarini oqlaydi, ularni moliyalashtirishni ko‘paytirishga chaqiradi va mamlakatimizni siyosiy va iqtisodiy izolyatsiya qilishga urinadi», deyiladi press-relizda. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tashkilot a’zolari «ekstremistik tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlaydi» va «chet el agentlari faoliyatini moliyalashtiradi».

 

Amnesty International Rossiya Adliya vazirligi tomonidan yuritiladigan «nomaqbul tashkilotlar» ro‘yxatiga hali kiritilmagan. Odatda, bu Bosh prokuratura matbuot bayonotidan bir hafta o‘tgach sodir bo‘ladi. Hozirda ushbu reyestrda 223 ta tashkilot mavjud.

Amnesty International tashkiloti butun dunyo bo‘ylab inson huquqlari buzilishi holatlarini hujjatlashtirib boradi. Boshqa narsalar qatorida, u Ukrainadagi urush davridagi qonunbuzarliklar haqida hisobotlar berib, Rossiyani insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybladi. Shu bilan birga Amnesty Ukrainani ham qoralab, uni gumanitar qonunlar va urush qonunlarini buzgan holda kasalxonalar va maktablarda harbiy bazalarni joylashtirishda aybladi. Bu xabar Ukraina rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Amnesty tashkiloti «yetkazilgan og‘riqdan afsusda» ekani, ammo o‘z xulosalarini «to‘liq qo‘llab-quvvatlashi» haqida ma’lum qildi.

Kun.uz

Powered by GSpeech