7 oktyabr kuni Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining oltinchi yillik seminari ish boshladi. U “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusiga bag'ishlangan.
7 oktyabr kuni Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining oltinchi yillik seminari ish boshladi. U “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusiga bag'ishlangan.
Ushbu nufuzli xalqaro anjumanni IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Akmal Saidov kirish so'zi bilan ochdi.
Qur'on tilovat qilindi.
Ochilish marosimida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboeva, IHT Bosh kotibining vakili Maha Akil hamda BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissarining vakili Richard Komenda nutq so'zladi.
So'zga chiqqanlar Yillik seminar ishtirokchilarini qutlab, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladilar. Xalqaro forum ishtirokchilari esdalik uchun birgalikda suratga tushdilar.
Anjuman 8 oktyabrda yakunlanadi. Tadbir dasturiga ko'ra, xalqaro seminar ishtirokchilari uchun Toshkent va Samarqand shaharlariga sayohat uyushtiriladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi akademik Akmal Saidov janoblarining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusida Toshkent shahrida 2019 yil 7 oktyabrda ochilgan Yillik 6-seminardagi kirish nutqi
Muhtarama O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Kamolovna Norboeva janobi oliyalari, Muhtaram Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibining va BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissarining vakillari,
Hurmatli Komissariat a'zolari, mashvarat ishtirokchilari, xonimlar va janoblar, Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu – Sizlarga Yaratgandan tinchlik-xotirjamlik, sog'lik va farovonlik tilayman.
Sizlarni O'zbekiston Respublikasi Hukumati va BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Yillik oltinchi xalqaro seminarda ishtirok etayotganingiz bilan Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi nomidan qutlayman. Menga qadimiylik va zamonaviylikni o'zida g'aroyib tarzda uyg'unlashtirgan ona shahrimiz Toshkent zaminida Sizlarni kutib olish alohida faxr-iftixor bag'ishlaydi.
Chin qalbdan ishonamanki, Sizlarda poytaxt shahrimizning barakasi va chiroyida bahra olishga fursat topiladi. Shu asnoda Seminarimiz yuksak darajada tashkil etilgani va anjumanimizning barcha ishtirokchilariga ko'rsatilgan mehmondo'stlik uchun O'zbekiston Respublikasi Hukumatiga alohida minnatdorchilik izhor etaman.
Xonimlar va janoblar,
Bugungi kunda yoshlar aksariyat mamlakatlarda, ayniqsa, IHTga a'zo davlatlarda aholining katta qismini tashkil etadi. Bizning ushbu aholi qatlamiga nisbatan befarq yondashuvimiz jamiyatlarimizdagi barqarorlik va tinchlik-osoyishtalikni tahdid ostiga qo'yishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, Komissiyamiz yoshlarning huquqlari va salohiyatlari tinchliksevar va demokratik jamiyatlar barpo etishda muhim ahamiyat kasb etishini hisobga olgan holda, mazkur Seminarga aynan shunday nomni tanlash to'g'risida asosli qaror qabul qildi. Seminar davomida biz inson huquqlari sohasida yoshlar bilan bog'liq qanday muammolar mavjudligini aniqlashga va ularni hal etishning eng maqbul yo'llarini belgilashga harakat qilamiz.
Seminarda ko'rib chiqiladigan vazifalar orasida yoshlar huquqlarini davlat siyosati darajasiga chiqarishning yo'llari va usullariga doir takliflar ishlab chiqish masalasi ham bor. Bunday muhim chora yosh avlodga hayotning barcha sohalarini rivojlantirishda, shu jumladan barqaror taraqqiyotni ta'minlashga ko'maklashishda hissa qo'shish uchun imkoniyatlar yaratishiga ishonchimiz komil.
Shu munosabat bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so'zlagan nutqi inson huquqlari sohasini insoniyatga nisbatan vahshiylik oqibatlariga qarshi kurashdan dunyoning kelajagini belgilaydigan sohaga o'zgartirishi mumkin bo'lgan tashabbusning boshlang'ich nuqtasi bo'lib xizmat qildi.
Muhtaram Shavkat Mirziyoevning juda ko'p sonli yoshlarning terrorchilik tashkilotlariga jalb qilinayotganini va yollanayotganini hisobga olgan holda kiritgan taklifi dunyo mamlakatlarining yoshlarga oid siyosatini belgilab beradigan va yo'naltiradigan BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini shakllantirishdir. Shavkat Mirziyoev janobi oliylari ta'kidlaganlaridek, dunyo miqyosida muvofiqlashtirilgan strategiyalardan foydalangan holda dunyo miqyosida yoshlar muammolarini hal qilish 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar tomonidan sodir etilgan boshqa jinoyatlar qatori ekstremizmga qarshi kurashish hamda birinchi o'rinda ularning muammolari sabablariga barham berishga qaratilgan.
Xonimlar va janoblar,
Islom dini yoshlar hayotida, ularning jamiyat taraqqiyotida tutgan o'rnini belgilashda ulkan ahamiyatga ega. Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo (sallollohu alayhi vasallam) navqiron farzandlarimiz o'rnak va namuna olishlari uchun munosib yuksak timsoldirlar. Rasuli Akram halolliklari va pokizaliklari uchun bolalik paytlaridayoq “Sodiq” (“Samimiy”) va “Amin” (“Haqiqatsevar”) sifatida mashhur bo'lganlar.
Islomning ilk davrida Muhammad alayhissalomning payg'omlariga quloq tutganlarning aksariyati o'smirlar edi. Ali ibn Abu Talib shunday yoshlardan bo'lib, u zot birinchilar
qatorida bola paytidayoq islomni qabul qilganlar. Bugungi yoshlarning ham xuddi shunday qat'iyatli va azmu shijoatli bo'lishini zamonning o'zi taqozo qilmoqda.
Biz, yoshi ulug'lar, navqiron avlodlarga yuksak o'rnak ko'rsatishimiz, o'zimiz yashayotgan islom jamiyatining tayanch ustunlari bo'lmish qadriyatlar tizimini qo'llab-quvvatlash va avlodlarga yetkazish borasida o'sib kelayotgan farzandlarimizga munosib namuna bo'lishimiz lozim. Biz, shuningdek, faol insonlar va siyosatchilar sifatida, yoshlarimizning xulq-atvori shakllanishiga e'tibor qaratishimiz, xususan, ularning ijobiy kuch-quvvatini kamsitishlarsiz jamiyat barpo etishga yo'naltirishimiz zarur.
Yoshlar huquqlari – bu navqiron avlod o'zining asosiy huquqlari va erkinliklarini to'la ro'yobga chiqarishi, deganidir. Bu huquq va erkinliklardan har bir inson foydalanishi zarur bo'lgani holda, ayrimlarga yoshi nuqtai nazaridan bu borada cheklovlar qo'yiladi. Bunday holatlar esa o'sib kelayotgan avlodlarga salbiy ta'sir ko'rsatmay qolmaydi.
Bu kabi vaziyatlar ba'zan ochiq, ya'ni yosh bo'yicha cheklovlar misolida namoyon bo'ladi. Ba'zan esa bunday vaziyatni sezish oson emas, ya'ni yoshlarga nisbatan salbiy munosabat yashirincha qarashlar, yov tushuncha va e'tiqodlar zamirida yotgan bo'ladi. Oqibatda esa yoshlar o'z huquqlaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo'lib qolaveradilar. Navqiron avlodning yoshi nuqtai nazaridan turli g'ov-to'siqlarga duchor bo'layotganini hisobga olsak, yoshlarni, ayniqsa, qiz bolalarni ularga qarshi qaratilgan kamsitishlardan himoya qilish uchun astoydil kurashish zarurligi yaqqol ayonlashadi.
Xonimlar va janoblar,
Hozirgi kunda IHTga a'zo ko'pgina mamlakatlarda yoshlar huquqlari borasidagi ahvol qoniqarlilik darajasidan ancha quyida ekanidan ko'z yumib bo'lmaydi. Navqiron qatlamning katta qismi faol emas, faol ish izlayotgan yoshlar esa jiddiy muammolarga duch kelmoqdalar.
Musulmon olami yoshlarining ijtimoiy harakatchanligi cheklangani hamda ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy va siyosiy faoliyatda ishtirok etishlariga turli cheklovlar qo'yilgani oqibatida ular qattiq ruhiy zarbani his etib yashamoqdalar. Aksar hollarda navjuvon ayollar va bo'y qizlarning zaxiralar, tovarlar va xizmatlardan foydalanishi borasidagi tengsizliklar tufayli ko'pincha ular yigitlarga nisbatan ham ko'proq ziyon ko'rmoqdalar. G'oyat faol kibermakon mavjud bo'lgan hozirgi zamonaviy sharoitda imkoniyatlar borasidagi bunday yetishmovchiliklar bir qator mamlakatlarda ijtimoiy beqarorlik va siyosiy tartibsizliklarni keltirib chiqarmoqda.
Xonimlar va janoblar,
Navqiron yigit-qizlarimizga kelajagimizni harakatlantiruvchi asosiy shijoatkor kuch sifatida qarashimiz lozim. Ularning sifatli ta'lim olishi, o'zlashtirgan ilmi va kasb-hunari bilan iqtisodiyotga munosib integratsiyalashishi, yuqori samaradorlikka ega va raqobatbardosh mutaxassislar bo'lib yetishishi masalalari alohida diqqat markazimizda turishi nihoyatda zarur. Yoshlarni hech qanday kamsitishlarga duchor etmagan holda, jamiyatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotida to'liq ishtirok etishlari uchun ularga ko'mak, ovoz va imkoniyat berilishi darkor.
Bugun biz Barqaror taraqqiyot maqsadlari haqida ko'p eshitayapmiz. Barqaror taraqqiyot maqsadlari, ayniqsa, 16-Maqsad yoshlarni ijtimoiy jihatdan birlashtirishga qaratilgan. Xususan, unda umumiy odil sudlovning hammaga birdek ochiqligi, tinchliksevar va kamsitishlarga yo'l qo'yilmaydigan jamiyatlarni rivojlantirish maqsadida tegishli hisobdor tashkilotlarning izchil ish olib borishi zarurligi qayd etilgan.
Endi ana shu uzoq muddatli maqsadlarga erishish uchun davlatlar o'zlarining tegishli qonun, strategiya va dasturlarini qabul qilishlari taqozo etiladi. Shuningdek, samarali monitoring va baholash mexanizmlarini tatbiq qilish zarur. Buning natijasida to'plangan ma'lumotlarni davlatlarning ma'ruzalari shaklida davlatlararo institutlarga taqdim etilishi, o'z navbatida, o'zaro mazmun-mohiyatli muloqotlar olib borish uchun asos bo'ladi.
Shu bilan birga, afsuski, dunyo miqyosida haliga qadar yoshlarning aniq huquqlarini belgilashga doir bironta alohida hujjat yoki vosita mavjud emas. Shu tariqa Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro huquqiy konventsiya bugun navqiron avlod duch kelayotgan aniq-ravshan muammolarni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.
Ayni chog'da, yoshlar huquqlariga doir maxsus hujjat bo'lmagan holatda, yosh avlodning huquqlarini amalga oshirish uchun inson huquqlari sohasida mavjud vositalardan foydalanish taqozo etiladi. Bu jarayonga yoshlar tashkilotlari va inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarni jalb etgan holda, mazkur vositalar ko'magida tayyorlangan global davriy sharhlarni ochiq-oshkora taqdim etish mumkin.
IHTga a'zo davlatlar “Yoshlar uchun inson huquqlari bo'yicha maxsus uslubiyotlar”ni yaratish masalasini ham muhokama qilsa bo'ladi. Shuningdek, inson huquqlariga asoslangan holda, davlatlar uchun yoshlarga doir siyosatning rahbariy printsiplarini ishlab chiqish mumkin.
Ishonchim komilki, bugungi seminar ochiq va amaliy munozaralar ruhida o'tadi. Bu munozara va mushohadalarimiz, o'z navbatida, yoshlarning huquqlari hamda imkoniyatlarining kengaytirishga qaratilgan amaliy qarorlar uchun zamin bo'lib xizmat qilishiga aminman.
E'tiboringiz uchun rahmat.
Norasmiy tarjima
- Qo'shildi: 07.10.2019
- Ko'rishlar: 5726
- Chop etish