(“Adolat himoyasida” medialoyihasi: 5-maqola)
“Toshkent shahar Olmazor tumani sudining fuqaro Muhtabar Rahimjonovna Alimtaevaga nisbatan chiqargan hukmi O'zbekiston Respublikasi Jinoyat–protsessual kodeksining 83-moddasi 2-qismiga asosan, ya'ni sodir etilgan jinoyatning vaqti, joyi, usuli, shuningdek Jinoyat kodeksida ko'rsatib o'tilgan boshqa holatlari, qilmish va ro'y bergan ijtimoiy xavfli oqibatlar o'rtasidagi sababiy bog'lanish isbotlanmaganligi uchun ayblanuvchi to'liq reabilitatsiya qilinsin”.
Jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar sudi appelyatsiya instantsiyasining ushbu qonuniy va adolatli qarori qabul qilinishi uchun Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi ma'sul xodimlari uch yildan ortiq muddat davomida kurash olib borishga majbur bo'lishdi.
-Ayrim shaxslarning qasddan tergov va sud organlariga bergan yolg'on ko'rsatmalari, tergovchining qalbaki dalillari, asossiz ayblovlariga asosan noqonuniy javobgarlikka tortildim va deyarli to'rt yil mobaynida oilam a'zolari bilan ruhiy azob chekdim, – deb yozadi M.Alimtaeva Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga yo'llagan tashakkurnomasida. - Markazning yaqindan bergan yordami, Toshkent shahar sudi, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Bosh prokuraturasiga chuqur asoslangan murojaatlari nihoyat adolat qaror topishini ta'minladi. Ayniqsa Markaz huquqshunos xodimlarining appelyatsiya bo'yicha barcha sud majlislarida to'liq ishtirok etishi aybsiz ekanligimni isbotlashimda katta ahamiyatga ega bo'ldi.
Bunday minnatdorlik maktublari Markazga tez-tez kelib turadi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev juda to'g'ri qayd etganidek, “tekshir-tekshir” va “dedi-dedi” qabilidagi gaplar asosida javobgarlikka tortishlardan xalqimiz qattiq charchagan.
Bunga yana bir misol tariqasida Nurmahamat Ahmedovning sud ishini keltirish mumkin. U Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” va 209-moddasi 2-qismi “a” bandlari bilan, ya'ni ishonib topshirgan yoki uning ixtiyorida bo'lgan o'zganing mulkini o'zlashtirish yoki rastrata qilish yo'li bilan juda ko'p miqdorda talon-toroj qilish hamda g'arazgo'ylik yoki boshqa manfaatlarni ko'zlab, rasmiy hujjatlarga bila turib soxta ma'lumotlar va yozuvlar kiritish, hujjatlarni qalbakilashtirish yoki bila turib, soxta hujjatlar tuzish va taqdim etish, fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazishda ayblangan.
Ayblanuvchi tomonidan Milliy markazga murojaatida taqdim etilgan hujjatlar holis va sinchiklab o'rganib chiqilganida unga nisbatan asossiz ravishda ma'muriy va jinoiy ish qo'zg'atilganligi, noqonuniy javobgarlikka tortilganligi aniqlandi. Ana shunga asoslangan holda Markaz o'z xulosalarini O'zbekiston Respublikasi Oliy sudiga yo'lladi. Ayni paytda xuddi shu munosabat bilan bir necha marta O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga ham takliflar kiritildi.
Natijada Toshkent shahar sudi appelyatsiya instantsiyasining ajrimi bilan jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar Yunusobod sudining Nurmahamat Ahmedovga nisbatan hukmi bekor qilindi, ayblanuvchining qilmishida jinoyat tarkibi bo'lmaganligi uchun aybsiz deb oqlandi.
– Bugun mening quvonchim o'zgacha va tengi yo'q, – deb yozadi Markazga o'z tashakkurnomasida N.Ahmedov. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 30 noyabridagi Farmonida “Shaxsni noqonuniy ushlab turish, qamoqqa olish, jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukm qilishga sabab bo'lgan, hujjatlar yoki ashyolarga bila turib yolg'on ma'lumotlar va boshqa buzib ko'rsatilgan faktlarni kiritish, haqiqatga to'g'ri kelmaydigan ko'rsatuv berishga majburlash, ish bo'yicha haqiqiy holatlarni buzib ko'rsatish orqali dalillarni qalbakilashtirganlik uchun, yolg'on guvohlik va yolg'on xabar berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutgan holda jinoiy javobgarlik kiritilsin” deb muhrlab qo'yilganligi mening ham yetti yil davomidagi dardu tashvishlarimga malham bo'ldi. Reabilitatsiya qilinganligim haqidagi ajrim o'qib eshittirildi. Siz, muhtaram Shavkat Miromonovichga yelkadosh bo'lib, mening konstitutsiyaviy huquqlarim va qonuniy manfaatlarimni tiklanishiga amaliy yordam bergan barcha rahbarlarga samimiy va cheksiz tashakkurim bilan o'z minnatdorchiligimni bildiraman.
Inson huquqlari bo'yicha milliy markazning ma'sul xodimlari huquqlari buzilgan, noxaq ayblanib jazolangan fuqarolar uchun najot maskani bo'lmoqda. Ularning qonun va adolat tantanasi uchun sabot bilan kurash olib borishlari natijasida, jumladan 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan Suhrob Yunusovga nisbatan sud hukmi bekor qilinib, u ozodlikka chiqarildi.
Shuningdek, Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi A.Abdullaevaning xonadonini davlat egaligiga o'tkazish to'g'risidagi sudning hukmi bekor qilinib, fuqaroning mulk huquqi tiklandi. Sudlangan qator fuqarolarga nisbatan esa ayblovlarning ayrim moddalari bekor qilindi va ularga yengilroq jazo belgilandi.
Bularning barchasi, shubhasiz, mamlakatda, jamiyatda qonun ustuvorligi, adolat tiklanayotganligining amaliy ifodasi bo'lib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqimizning sud tizmiga bo'lgan ishonchini yanada mustahkamlash, sudni tom ma'noda “Adolat qo'rg'oni”ga aylantirish borasida keng ko'lamli islohotlar olib borilayotganining dalolatidir.
Erkin Ernazarov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali
bosh muharririning o'rinbosari
- Qo'shildi: 31.12.2019
- Ko'rishlar: 5060
- Chop etish