ANKASAM: “Yangi Oʻzbekiston: Diniy sohadagi islohotlarning muvaffaqiyat formulasi”

  Turkiyaning nufuzli tahlil markazi ANKASAM (Ankara Kriz ve Siyaset Araştırmaları Merkezi) mamlakatimizda vijdon erkinligini taʼminlash, diniy taʼlimni takomillashtirish, islom merosini ilmiy asosda oʻrganish va jahonga tanitishga qaratilgan keng qamrovli ishlarga yuqori baho berdi.

 

    Turkiyaning nufuzli tahlil markazi ANKASAM (Ankara Kriz ve Siyaset Araştırmaları Merkezi) Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga bagʻishlangan tahliliy maqola eʼlon qildi. 


    “Yangi Oʻzbekiston: Diniy sohadagi islohotlarning muvaffaqiyat formulasi” deb nomlangan ushbu tahliliy maqolada mamlakatimizda vijdon erkinligini taʼminlash, diniy taʼlimni takomillashtirish, islom merosini ilmiy asosda oʻrganish va jahonga tanitishga qaratilgan keng qamrovli ishlarga yuqori baho berilgan.


    ANKASAMga koʻra, Oʻzbekistonda qabul qilingan yangi siyosat va inson qadrini ustuvor qiymat sifatida belgilagan yondashuv soʻnggi yetti yilda diniy sohada chuqur, tizimli islohotlarni amalga oshirishga poydevor boʻldi. Xususan, tahlilchilarning tomonidan davlat va din munosabatlarini demokratiya va maʼrifat asosida qayta yoʻlga qoʻyish, diniy taʼlim muassasalarini xalqaro andozalarga mos ravishda rivojlantirish, ilm-fan va maʼrifatni islom dini bilan uygʻunlashtirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar eʼtirof etilgan.

 

    Maqolada ayni paytda Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy  xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi kabi muassasalarning faoliyati, ular orqali islom dinining haqiqiy insonparvarlik va maʼrifiy mohiyati keng yoritilayotgani taʼkidlangan. Ushbu markazlar faqat diniy emas, balki ilmiy-tadqiqot, madaniy-tarixiy merosni saqlash va ommalashtirish vazifasini ham bajarmoqda.

 

    ANKASAM tahliliga koʻra, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy islohotlarning muvaffaqiyati – bu siyosiy iroda, strategiyali yondashuv, ilmiy asos va xalqaro hamkorlikni oʻzida uygʻunlashtirgan modeldir. Shu jihatdan, Oʻzbekiston tajribasi mintaqa davlatlari va islom olami uchun oʻrganishga arziydigan namunalardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.

 

    ANKASAM kabi xalqaro nufuzga ega tahlil markazlari tomonidan bu kabi tahliliy maqolalar eʼlon qilinishi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ochiqligi, xalqaro standartlarga mosligi va jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Powered by GSpeech