AQSHga sayohatchilar uchun yangi cheklovlar

Endi 12 davlat fuqarolari uchun AQSHga sayohat qilish taqiqlanadi. Bu chora Donald Trampning birinchi prezidentlik muddatida boshlangan bahsli “musulmonlarni taqiqlash” siyosati davomi sifatida baholanmoqda.

Yangi qarorga ko‘ra, Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman fuqarolarining AQSHga kirishi qat’iy taqiqlanadi. Shu bilan birga Burundi, Kuba, Laos, Serra-Leone, Togo, Turkmaniston va Venesuela fuqarolariga nisbatan ham qo‘shimcha cheklovlar joriy etilmoqda. Tramp shu haqdagi bayonotida: “Men davlat va xalq milliy xavfsizligi va manfaati himoyasi uchun harakat qilishim kerak”, – deb ta’kidlagan.

Mazkur ro‘yxat 20 yanvar kuni, Tramp inauguratsiyadan so‘ng chiqarilgan farmon asosida shakllantirildi. O‘sha hujjat bilan Davlat Kotibi, Milliy xavfsizlik departamenti rahbari va Milliy razvedka direktori zimmasiga ayrim davlatlardan mamlakatga kirish xavfsizlikka tahdid solish-solmasligini tahlil qilish vazifasi yuklangan.

Tramp 2017 yil yanvarda chiqargan shunga o‘xshash farmonda ham musulmon aholisi ko‘p Iroq, Suriya, Eron, Sudan, Liviya, Somali va Yaman fuqarolarining AQSHga kirishi taqiqlangan edi. Jiddiy norozilikka sabab bo‘lgan, masalan aeroportlarda namoyishlarga olib kelgan o‘sha qarorning qayta ko‘rib chiqilgan shaklini Oliy sud 2018 yil ma’qullagan. Keyingi cheklovlar Eron, Somali, Yaman, Suriya, Liviya, Shimoliy Koreya fuqarolari va Venesuela davlat xizmatchilari hamda ularning oila a’zolarini qamrab olgan.

Tramp tarafdorlari mazkur siyosatni xavfsizlik nuqtai nazaridan himoya qilib, diniy yoki milliy tarafkashlikka asoslanmaganini ta’kidlab kelmoqda. Tanqidchilar esa qaror inson huquqiga zid, deb hisoblaydi.

K.Bekjonov, O‘zA

Powered by GSpeech