Ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish: islohotlar zanjirining mantiqiy davomi
O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyada gender tengligi va oila himoyasi normalari alohida mustahkamlandi. Xotin-qizlarni, bolalarni tahqirlash va zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha bir qator qonunlar va qonun hujjatlari qabul qilindi, Yangi O‘zbekistonning rivojlanish strategiyalarida gender tengligi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2026-yil 3-mart kuni imzolangan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi PF-33-sonli Farmoni ushbu muhim sohadagi islohotlar zanjirining mantiqiy davomi bo‘ldi, deyish mumkin. Bu jarayon o‘lkamizda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish tizimini sifat jihatdan yangi pog‘onaga ko‘tardi.
Xususan, Farmonda normativ yangiliklar, ularning milliy huquq tizimini mustahkamlashdagi roli, ayollar va bolalar huquqiy himoyasini kuchaytirishdagi aniq mexanizmlar belgilanib, unda erta nikohning tizimli ravishda oldini olish, raqamli himoya vositalarini joriy etish, yoshlarning mustaqil hayot qurishini rag‘batlantirish, zamonaviy jinoyat tarkiblarini milliy huquqqa kiritish va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish orqali O‘zbekistonda ayollar va bolalarning konstitutsiyaviy huquqlari ta’minlanishi muhim ahamiyatga ega.
Unga ko‘ra, nikoh yoshiga yetmagan (18 yoshdan kichik) shaxslar bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishishni, ya’ni rasmiylashtirilmagan “erta nikoh”ni to‘xtatishga erishish maqsadi belgilanib, bunda erta nikoh nafaqat qiz bolalarning ta’lim olish imkoniyatini cheklaydi, balki sog‘liq uchun ham jiddiy xavf tug‘dirishi, erta homiladorlik o‘smirlar orasida o‘limning asosiy sabablaridan biri ekanligi inobatga olingan.
Mazkur hujjat bilan moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lgan yoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni davlat tomonidan rag‘batlantirish orqali 21 yoshda birinchi marotaba nikoh tuzgan juftliklar uchun qo‘shimcha imtiyozlar belgilab berilmoqda, shuningdek, zo‘ravonlikka qarshi tizimni mukammallashtirish maqsadida ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini keskin qisqartirish, jabrdiydalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish, oila va xotin-qizlarni “Maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” maxsus kurslarida bepul o‘qitish kabilar nazarda tutilmoqda.
Jumladan, nikohlanuvchi har ikkala taraf kamida 21 yoshda birinchi nikoh tuzgan oilalarga davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘zda tutilib, unda davlat tomonidan soliq, ijtimoiy, moliyaviy sohalarda qo‘shimcha imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etilishi, ijtimoiy reyestrga kiritilgan 21 yoshdan keyin nikoh tuzgan oilalarga subsidiya, ssuda va grantlar qonunchilikda belgilangan miqdorlardan 1,5 baravar ko‘p berilishi, nikoh shartnomasi tuzishni rag‘batlantirish orqali iqtisodiy nizolarni oldini olish va ajralish chog‘ida mulkiy mojarolarni keskin kamaytirish, ayollarning mulkiy huquqlarini mustahkamlash, ayollarni moliyaviy jihatdan himoya qilishning samarali vositasi sifatida nikoh shartnomasi tuzgan nikohlanuvchilar nikohni qayd etish uchun belgilangan davlat bojidan ozod etilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, bosh Qomusimizda belgilangan har bir fuqaro ta’lim olish huquqiga ega ekanligi haqidagi normaning kafolati sifatida hamda ta’limni tark etishga majbur bo‘lgan ayollarning ish bozoriga kirish imkoniyati cheklanishini oldini olish maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyachilariga oliy ta’limni davom ettirishi uchun kursdan qolgan yoki talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni berilmoqda, ayollarga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida homilador talabalarga akademik ta’til davrida masofaviy ta’lim shaklida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratilishi taklif etilmoqda.
Farmonda voyaga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga da’vat etganlik va uni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklifi ham ilgari surilmoqda.
Hujjatda erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlarini yashirib qolmaslik va latentligini oldini olish maqsadida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari (mahallalar), FHDYO organlari, ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash muassasalari, diniy idora vakillariga majburiy xabar berish vazifasi yuklatilib, ushbu organlar va shaxslar xabar bermagan taqdirda ma’muriy javobgarlikka tortilishi asos sifatida belgilanmoqda.
Shuningdek, hujjat matnida 2026-yil yakuniga qadar Ichki ishlar vazirligining elektron tizimida erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari to‘g‘risida xabar berish uchun “O‘smir-signal” modulini ishlab chiqish va bu borada samarali monitoring va tez munosabat ko‘rsatish imkonini berish maqsadida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari (mahallalar), FHDYO organlari, ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash muassasalari, diniy idora va boshqa idoralarning axborot tizimlari IIVning tizimiga «Elektron hukumat» platformasi orqali integratsiya qilinishi, erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari bo‘yicha ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarini xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash belgilanmoqda.
Farmonning yana bir asosiy jihatlaridan biri tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish yo‘nalishi bo‘yicha quyidagilar nazarda tutilmoqda:
- himoya orderi tizimini texnologik vositalar bilan mustahkamlash maqsadida joriy yil 1-apreldan boshlab himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning aloqa vositalariga «my.ihma.uz» mobil ilovasini ularning roziligi bilan o‘rnatish orqali «SOS» tugmasida zudlik bilan xabar berish imkoniyatini berish;
- mas’ul idoralar tomonidan ruhiy buzilish belgilari mavjud zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni majburiy ambulator psixiatrik ko‘rikdan o‘tkazish va ruhiy buzilish aniqlangan taqdirda tibbiy muassasaga joylashtirish tartibini belgilovchi normativ hujjatlar ishlab chiqish;
- ishlarning o‘ta nozikligi va jabrdiyda huquqlarini mustahkamroq ta’minlash, ob’ektivlik, odillik nuqtai nazaridan va ixtisoslashgan yondashuv zarurati tufayli 2026-yil 1-noyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118 (nomusga tegish), 119 (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish), 121 (shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish), 128 (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish), 1281 (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish), 129 (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni faqat prokuratura organlari tomonidan amalga oshirish tartibini belgilash;
- voyaga yetmagan shaxsga nisbatan shahvoniy shilqimlik bo‘yicha ma’muriy ish hujjatlarini prokuror tomonidan jinoyat alomatlari yo‘qligi to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng sudga yuborish tartibini belgilash;
- bu toifadagi jinoyatlarni qayta sodir etish (retsidiv) xavfini minimallashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118 (nomusga tegish) va 119 (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etganlik uchun sudlangan shaxslarni manzil-koloniyaga o‘tkazilmaydigan mahkumlar toifasiga kiritish va pedofiliya jinoyatini sodir etgan shaxslarni psixologik reabilitatsiyasiz jamiyatga qaytarish ular tomonidan jinoyatni takroran sodir etish ehtimolini oshirishini inobatga olgan xolda ushbu jinoyatlar uchun jazo o‘tayotgan mahkumlarni psixologik tuzatish dasturidan o‘tmasdan saqlash shartlarini yengillashtirish amaliyotiga chek qo‘yish;
- 2027-yil 1-yanvardan boshlab ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik jinoyatlari, qoida tariqasida, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar tomonidan tergov qilish va sudda ko‘rish;
- 2026-yil yakuniga qadar har bir hududda kamida 1 nafar tergovchi va sudya xalqaro standartlar asosidagi dastur bo‘yicha tayyorlanadi va ayol tergovchi va sudyalarga ustuvorlik beriladi;
- 2026-yil 1-sentabrdan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, IIV akademiyasi va Odil sudlov akademiyasida “Jinoyatdan jabrlangan ayollar va bolalar bilan ishlashning o‘ziga xos protsessual jihatlari” dasturi tashkil etish;
- voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar uchun muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish va 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun umrbod yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilash;
- 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlarni bir guruh tomonidan sodir etganlik uchun og‘irroq javobgarlik belgilash orqali 129 (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) jinoyati dispozitsiyasiga aniqlik kiritish;
- Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda shahvoniy shilqimlik va nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun jazo sanksiyalarini oshirish, shuningdek, jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad etilgan bo‘lib, ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlangan hollarda javobgarlikka tortish tartibini takomillashtirish;
- ayollar va bolalarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy amaliyotni o‘rgangan holda xotin-qizlarni aynan jinsi sababli qasddan o‘ldirish (femitsid), oila a’zolarini qasddan o‘ldirish (familitsid), shaxsni uning erkiga qarshi ravishda noqonuniy ta’qib qilish (stalking), internet yoki ijtimoiy tarmoqlarda sodir etiladigan zo‘ravonlik (kiberzo‘ravonlik), voyaga yetmagan shaxslardan jinsiy foydalanish hamda shu maqsadda internet orqali voyaga yetmagan shaxsning ishonchini qozonish (onlayn gruming) uchun qonunchilikda javobgarlik belgilash;
- profilaktik yondashuv, ya’ni faqat jazolash emas, zo‘ravonlik sabablarini bartaraf etish maqsadida zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar (agressor) bilan ishlash tizimini takomillashtirish.
Umuman olganda, mazkur Farmon ayollar, bolalar huquqiy himoyasi sohasida tariximizdagi keng ko‘lamli va kompleks normativ hujjatlardan biri hisoblanib, O‘zbekistonning ayollar va bolalarni himoya qilish sohasidagi huquqiy bazasini yangi bosqichga ko‘taradi. Pirovardida, ayollar va bolalar daxlsizligi, ularning huquqlari va manfaatlarini davlat siyosatining markazida turishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Sherzod Abduqodirov,
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi rektori, yuridik fanlar doktori.
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский