Azaliy do‘stlik timsoli

Ikki jondosh – o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik haqida gap ketganda beixtiyor buyuk shoir, mutafakkir Abdurahmon Jomiy va Hazrat Alisher Navoiy o‘rtasidagi samimiy hamkorlik, ustoz-shogirdlik, yaqinlik yodga olinadi.

Darhaqiqat, ikki benazir zot o‘rtasidagi hamkorlik, ruhiy yakdillik do‘stlikning chin ma’nodagi tantanasi o‘laroq asrlar osha ibrat bo‘lib keladi. 

O‘zbek kitobxonlari Hazrat Abdurahmon Jomiyning deyarli barcha asarlari bilan yaqindan tanish. Uning ko‘plab g‘azallari, dostonlari o‘zbek tiliga o‘girilgan va o‘quvchilari mehrini qozonib keladi. 

Yaqinda Abdurahmon Jomiyning “Haft avrang” – yetti dostondan iborat kitobi, shuningdek, “Fotihat ush-shabob”, “Vositat ul-iqd”, Xotimat ul-hayot” devonlaridan 16 ta qasida, tarkiband, besh yuz olti g‘azal, ruboiy, qit’a va masnaviylari taniqli shoir Olimjon Bo‘riyev tarjimasida nashrdan chiqdi. 

Ma’lumki, Olimjon Bo‘riyev uzoq yillardan buyon Abdurahmon Jomiy asarlari tarjimasi bilan shug‘ullanib keladi. Bu haqda mumtoz adabiyotimiz bilimdoni, atoqli navoiyshunos Aziz Qayumov: “Abdurahmon Jomiyning “Haft avrang”ga kirgan dostonlari Olimjon Bo‘riyev tomonidan o‘zbek tiliga juda sifatli – asliyatga muvofiq sof va to‘g‘ri o‘girilgan. Olimjon Bo‘riyevning bu tarjimalari nashr etilib ommaga taqdim etilishi Jomiy va Navoiy timsolida tojik va o‘zbek xalqlari do‘stu birodarligi ramzi bo‘lgay. Bu xalqlarimiz o‘rtasidagi birodarlik va hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega” deb yozgan edi. 

Shoir va tarjimon Olimjon Bo‘riyevning ikki jildlik ushbu kitobi Abdurahmon Jomiy asarlari ixlosmandlari uchun yana bir tuhfadir.

O‘zA

Powered by GSpeech